Линклар

O‘shda qo‘lga olingan “Yaqin Inkor” oqimi vakillari tez orada qo‘yib yuborildi


"Yaqin Inkor" oqimining issiqko‘llik vakillari (illyustrativ surat).

"Yaqin Inkor" oqimining issiqko‘llik vakillari (illyustrativ surat).

Qirg‘izistonning O‘sh viloyati Qorag‘ulja tumanida militsiya xodimlari aholi orasida ruxsatnomasiz da’vat ishlarini olib borgan “Yaqin Inkor” diniy oqimi vakillari qo‘lga olindi. Ular orasida voyaga yetmagan o‘smir ham bo‘lgani aytilmoqda.

Qorag‘uljada qo‘lga olingan da’vatchilar bir muddat O‘sh shahridagi vaqtincha saqlash izolyatorida tutib turilgan, biroq ma’muriy bayonnoma tuzilganidan keyin qo‘yib yuborilgan. O‘sh viloyat ichki ishlar boshqarmasi matbuot kotibi Jenish Ashirbaev Ozodlikning qirg‘iz xizmatiga yetti kishidan iborat guruh muftiyatning maxsus ruxsatnomasisiz da’vat ishlari bilan shug‘ullangani uchun qo‘lga olinganini aytdi.

- Tekshirilgan paytda ularning yonida shaxsni tasdiqlovchi guvohnoma ham, muftiyat tomonidan da’vat uchun berilgan ruxsatnoma ham bo‘lgan emas. Ular sochlari o‘sgan, pokistoncha kiyim kiyib olgan ekanlar. Huquq-tartibot idoralari xodimlari o‘z vakolati doirasida savol berganlarida ular ters javob qaytarishgan. Tushuntirish xati yozib berishdan ham bosh tortishgan. Ular Xitoy bilan chegara yaqinida da’vat qilib yurishgan ekan. Shuning o‘ziyoq shubha uyg‘otgan, - dedi Jenish Ashirbaev.

“Yaqin Inkor” “Tablig‘i Jamoat”dan ajrab chiqqan oqim bo‘lib hisoblanadi. Bu oqim faoliyati Qirg‘izistonda taqiqlangan emas. Ayni paytda O‘sh viloyat qoziyoti vakili Nurg‘azi Ermatov “inkorchilar” ularga bo‘ysunmasligini aytadi:

- Agar yosh bo‘lsa, ota-onasidan ruxsat olgan bo‘lishi kerak, oilali bo‘lsa, oilasidan ruxsat olishi kerak, keyin u o‘zi yashagan erdagi uchastka noziridan ham qog‘oz olib kelishi shart. Shular asosida biz da’vatga ruxsat beramiz. Afsuski, “inkor”chilarning ayrimlari bizga bo‘ysunmayapti. Bundan tashqari, ayrimlari oilasini nafaqasiz tashlab chiqib ketayapti. Biz ularni bu borada ogohlantirayapmiz. Ularning da’vatlaridan jamiyat uchun xavf yo‘q, biroq yaqinlariga ziyoni tegishi mumkin, - dedi O‘sh qoziyoti vakili.

Ollohdan boshqa har narsani inkor qilishni o‘ziga shior bilgan “Yaqin Inkor” oqimi a’zolari, o‘z iddaolaricha, payg‘ambar Muhammad alayhissalom davridagi kabi yashashga intiladilar. Ular soch-soqolini o‘stirib, uzun liboslar kiyib yurishadi, zamonaviy texnika yutuqlarini rad etishadi. Bu harakat mansublari bir-ikki yil muqaddam Qirg‘iziston shimolidagi Issiqko‘l va Chuy viloyatlarida, keyin esa Norin viloyatida paydo bo‘lgan. Endi esa ular Qirg‘iziston janubida ham da’vat ishlarini boshlagani ayon bo‘ldi. Ayrim tahlilchilar bu oqimni zararli deb bilib, uni taqiqlash kerak, degan fikrdalar. O‘shlik ekspert Azamat Asatulla o‘g‘li ham ana shunday fikrlovchilardan.

- “Yaqin Inkor” Qirg‘izistonda ekstremistik harakat, deb topilgan emas. Shuning uchun militsiya ularni ushlaganidan keyin ham hech narsa qilolmaydi. Nari borsa, 500 yoki 1000 so‘m jarima solib, qo‘yib yuborishadi. Bu borada qonun qabul qilib, ularning faoliyatini cheklash kerak. Chunki ular vatandoshlarimizni noto‘g‘ri yo‘lga da’vat qilishayapti. Inkorchilar “payg‘ambar davridagidek yashash kerak” deb, odamlarning boshini aylantirayapti, - dedi Azamat Asatulla o‘g‘li.

Qirg‘izistonda “Yaqin Inkor” oqimi a’zolarining soni aniq emas. Ularning aksariyati shimoldagi Issiqko‘l viloyatida yashashi taxmin qilinadi. Inkorchilar qiz va o‘g‘il bolalarni maktabda alohida o‘qitish, telefon va televizorlardan bosh tortish kabi g‘oyalarni targ‘ib qilib keladilar.

XS
SM
MD
LG