Линклар

Moskvada mehnat muhojirlari orasida sodir bo‘lgan ommaviy mushtlashuv oqibatida bir kishi xalok bo‘ldi, yana bir necha kishi og‘ir jarohat oldi. 35 kishi ishtirokidagi janjal asosan mast holatda bo‘lgan o‘zbek va tojik muhojirlari orasida sodir bo‘lgani aytilmoqda.

Moskvaning Voykovskiy tumanidagi “Jilishchnik” ishchilar yotoqxonasida 21 avgustga o‘tar kechasi ommaviy mushtlashuv sodir bo‘ldi.

Golovinskiy shossesi 12-uy manzili bo‘yicha joylashgan bu yotoqxonada yashayotgan “Jilishchnik” davlat byudjet muassasasining 35 nafarcha migrant ishchisi o‘rtasida janjal yuzaga chiqqan. Mast holatda bo‘lgan muhojirlarning o‘zaro haqorati ko‘p o‘tmay ommaviy mushtlashuvga aylanib ketgan.

Shimoliy ma’muriy okrug politsiya xizmatining Ozodlik gaplashgan rasmiysiga ko‘ra¸ janjalda asosan O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari ishtirok etgan.

O‘zini tanishtirmagan politsiya xodimi ommaviy tartibsizlikning tunggi soat 12 larda sodir bo‘lgani va natijada bir kishi o‘ldirilganini bildirdi.

- Bu voqea aynan “Jilishchnik”da bo‘lgan. Tergov bilan Moskva shahar tergov qo‘mitasi shug‘ullanmoqda. Qolgan tafsilotlar uchun ularga murojaat qiling, dedi politsiya xodimasi.

Moskva shahar Tergov qo‘mitasi rasmiysi tergov manfaati nuqtai nazaridan bu tafsilotlar ochiqlanmasligi bildirdi.

Ozodlikka norasmiy manbalardan ma’lum bo‘lishicha, 35 kishi qatnashgan mushtlashuvda ikki odam og‘ir jarohat olgan. O‘zbekistonlik muhojirlardan birining qo‘li va burni singan, bosh suyagi yorilgan, ikkinchisining esa bosh chanoq asosi va umurtqasiga jiddiy shikast etkazilgan. Yakshanba kuni ertalab jabrlangan ishchilardan biri shifoxonada vafot etgan.

Politsiya mushtlashuvda ishtirok etganlarni hibsga olgan, ularning ko‘pchiligi ma’muriy javobgarlikka tortilgan¸ og‘ir tan jarohati etkazgan ikki nafar 31 yoshli muhojir esa hibsga olingan. Mushtlashgan muhojirlarning aksari Shimoliy okrugda farrosh va qorovullik qilib kelgan.

Hozircha Moskva shimolida sodir bo‘lgan ommaviy mushtlashuvda o‘ldirilgan va jarohat olganlar shaxsi¸ qolaversa mushtlashuv sabablariga oid boshqa tafsilotlar hozircha ma’lum emas.

Rossiyadagi mehnat muhojirlari orasida ommaviy yoqalashishlar vaqti-vaqti bilan sodir bo‘lib turadi.

Rossiya poytaxtining Xovanskoe qabristonidagi ommaviy janjaldan keyin ayrim rus siyosatchilari aynan O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolariga nisbatan viza rejimi joriy etish tashabbusi bilan chiqqan edi.

10 iyul kuni Novosibirskdagi Xilokskiy bozorida tovar bo‘lisha olmagan ishchilar mushtlashgan edi.

Shuningdek, Leningrad viloyati Vsevolojsk tumanidagi Kudrovo qishlog‘ida yuzga yaqin muhojir va kavkazliklar o‘rtasida sodir bo‘lgan ommaviy mushtlashuv natijasida 17 kishi politsiya bo‘limiga olib ketilgan edi.

XS
SM
MD
LG