Линклар

O‘zbekistonlik militsioner o‘n kundan so‘ng Qirg‘iziston qamog‘idan ozod qilindi


O‘zbekistonda Ungartepa, Qirg‘izistonda Ungurtog‘ deb ataladigan bahsli hudud.

O‘zbekistonda Ungartepa, Qirg‘izistonda Ungurtog‘ deb ataladigan bahsli hudud.

Qirg‘izistonning Olabuqa tumani tergov izolyatorida 13 avgustdan beri hibsda saqlanib turgan O‘zbekistonning Kosonsoy tuman Ichki ishlar bo‘limi xodimi oradan 10 kun o‘tganidan so‘ng vataniga deportatsiya qilindi. O‘zbek militsioneri O‘zbekiston ikki davlat o‘rtasida bahsli bo‘lib turgan Ungartepa hududiga 7 kishilik militsiya desantini tashlagani ortidan o‘tkazilgan muzokaralar natijasida hibsdan chiqarilgan.

Kosonsoy suv ombori hududida 13 avgust kuni qirg‘izistonlik hamkasblari tomonidan qo‘lga olingan o‘zbek militsioneri 22 avgust kuni kechga yaqin hibsdan bo‘shatilgani va O‘zbekistonga deportatsiya qilinganini Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi rasmiysi Bakit Seyitov tasdiqladi.

Rasmiyning bildirishicha, 22 avgust kuni o‘zbek militsioneri ustidan ochilgan jinoyat ishi bo‘yicha sud jarayoni bo‘lib o‘tgan va u jarima to‘lashga tortilgan.

- Bizda mavjud so‘nggi ma’lumotga qaraganda, kecha sudning qarori bilan unga 20 ming so‘m (tahminan 295 dollar -muallif) jarima solingan. Jarima to‘langach u deportatsiya qilingan va o‘zbekistonlik hamkasblari qo‘liga topshirilgan, -dedi Bakit Seyitov.

O‘zbekiston matbuotida tarqatilgan xabarlarga qaraganda, o‘zbek militsioneri Kosonsoy suv omborini qo‘riqlayotgan paytda bostirib kelgan qirg‘iz militsionerlari tomonidan zo‘rlik bilan olib ketilgan. Qirg‘iz tomoni esa militsioner Kosonsoy suv omborini qo‘riqlash uchun o‘zbek militsionerlariga ajratilgan hududni tark etib, qurol bilan Qirg‘izistonga o‘tganida qo‘lga olinganini aytib kelmoqda.

-Namangan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xodimi chegaradan noqonuniy o‘tib, o‘zi bilan birga qurol olib yurganlikda ayblanib hibsga olingan, -dedi Bakit Seyitov.

Qirg‘izistonda Ungurtog‘, O‘zbekistonda esa Ungartepa deb atalgan bahsli hududga 22 avgust kuni O‘zbekiston ikki vertolyotda 7 kishidan iborat militsionerlar guruhini kiritgan edi.

Qirg‘iziston tomoni o‘zbek militsionerlarining bahsli hududga tushirilishi yuzasidan izoh so‘ragan va ularning zudlik bilan O‘zbekiston hududiga qaytarilishini talab qilgan.

O‘z navbatida, O‘zbekiston Qirg‘iziston hududida avval ushlangan o‘zbek militsionerini qaytarib berishni talab qilgan. Mana shu talab ortidan o‘zbekistonlik militsioner bo‘shatilib, vataniga qaytarilgan.

So‘nggi xabarlarga qaraganda bahsli hududda O‘zbekiston va Qirg‘iziston Chegara xizmatlari rasmiylari muzokaralar olib bormoqda. Qirg‘iziston tomoni o‘zbek militsioneri bo‘shatganidan so‘ng O‘zbekiston chegara xizmati vakili qirg‘izistonlik hamkasblariga Kosonsoy suv ombori atrofidagi militsiya postlarini olib tashlash talabini yetkazgan.

Uchrashuv chog‘ida tomonlar bu talablarni vakolatli idoralarga yetkazishga kelishib olganlar. Shundan so‘ng O‘zbekiston va Qirg‘iziston Chegara xizmati rahbarlari telefon orqali so‘zlashgan. Biroq so‘zlashuv natijalari qanday yakunlangani to‘g‘risida hozircha ma’lumot yo‘q.

O‘zbekiston Ungurtepaga kiritgan militsiya xodimlari bahsli hududni tark etgani yo‘q.

XS
SM
MD
LG