Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 13:50

Jizzaxda halok bo‘lgan 10 ishchining dafn marosimi harajatlarini O‘ztransgaz ko‘tardi


Насос қувури
Насос қувури

Ozodlik Jizzax viloyati G‘allaorol tumanida o‘tgan hafta oxirida sodir bo‘lgan fojea bilan bog‘liq yangi tafsilotlarni aniqladi.

"O‘ztransgaz" aksiyadorlik kompaniyasi tarkibidagi korxona - G‘allaorol Magistral gaz quvurlari boshqarmasi ishchi-xizmatchilaridan 10 nafari 20 avgust ertalab boshqarmaga qarashli Kanalizatsiya nasos stansiyasidagi suv motorlarini ta’mirlayotib zaharli gazdan o‘lgan, yana 3 kishi viloyat kasalxonasi jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan edi.

Kasalxonaning jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan 3 kishining hayoti saqlab qolindi. G‘allaorol Magistral gaz quvurlari boshqarmasi xodimi hamda Jizzaxdagi “Markazgazta’minot” unitar korxonasi rasmiysidan fojeadan 3 kun o‘tgach – 23 avgustda olingan bu ma’lumotni Jizzax viloyat shoshilinch tibbiy yordam kasalxonasining ismi sir qolishini so‘ragan vrachi tasdiqladi.

“Ular oddiy palataga o‘tkazildi, hayotlari xavf ostida emas”, dedi do‘xtir.

Halok bo‘lgan 10 kishi va jonlantirishga yotqizilgan 3 kishining ism-familiyasini aniqlashning hozircha imkoni bo‘lmadi. G‘allaorol Magistral gaz quvurlari boshqarmasi boshlig‘i va uning o‘rinbosari kun davomida qilingan qo‘ng‘iroqlarga javob bermadi. O‘lganlarning yoshi 33 dan 53 gacha bo‘lgani Ozodlikka ma’lum.

“Markazgazta’minot” unitar korxonasining ismi sir qolishi sharti bilan gapirgan rasmiysiga ko‘ra, fojeada a’zosi halok bo‘lgan 10 xonadonning har biriga “O‘ztransgaz” aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan:

"1 qop gurunch, 1 qop piyoz, 1 qop sabzi, 10 litr yog‘, 1 qo‘y hamda 5 million so‘m moddiy yordam sifatida berilgan".

Ozodlikning “O‘ztransgaz” aksiyadorlik kompaniyasidagi manbasining bildirishicha, G‘allaorolda halok bo‘lganlar oilasiga yordam uyushtirish to‘g‘risida “dastlabki protokoldan tashqari yangi protokol tayyorlanmoqda. Unda halok bo‘lganlarning uylarini ta’mirlash, har bir oilaga moliyaviy yordam ajratish, halok bo‘lgan 10 kishining oilasida qolgan 23 nafar voyaga yetmagan bolani kompaniya qaramog‘iga olish kabi masalalar nazarda tutilmoqda“.

“O‘ztransgaz” aksiyadorlik kompaniyasi kasaba uyushmasi vakili tayyorlanayotgan hujjatdan xabari yo‘qligini bildirdi.

“Uyushmangiz halok bo‘lganlar oilalari va jabrlangan ishchilarga qanday yordam ko‘rsatadi”, degan savolga “O‘ztransgaz” aksiyadorlik kompaniyasi kasaba uyushmasi vakili “Oldin kompaniya to‘lab berishi shart bo‘lgan narsani to‘lab bo‘lsin, kasaba uyushmasi alohida o‘z yordamini ko‘rsatadi”, deb javob berdi.

G‘allaorol Magistral gaz quvurlari boshqarmasining 10 ishchi-xizmatchisi halok bo‘lishiga olib kelgan voqea 20 avgust ertalab boshqarmaga qarashli Kanalizatsiya nasos stansiyasi (KNS) da yuz berdi.

Boshqarma xodimlarining Ozodlikka ma’lum qilishicha, muhandis, santexnik va quruvchilar yer ostidagi suv motorlarini sozlash uchun 6 metr chuqurlikka birin-ketin tushib, suv sathida yig‘ilib qolgan zaharli gazdan dimiqib halok bo‘lgani, G‘allaorol prokuraturasi tergov-surishtiruv ishlarini boshlagani to‘g‘risida Ozodlik yakshanba kuni xabar qilgan edi.

Bu voqeadan bir necha kun oldin Jizzax shahrining Olmazor mahallasida kanalizatsiya uchun xandaq qazish paytida 2 ishchi ko‘chki tagida qolib o‘lgani,Mehnat xavfsizligini ta’minlamagan holda ishchilarni ishlatgani gumon qilinayotgan davlatga qarashli “Fayz” kommunal-qurilish shirkati rahbariyati javobgarlikka tortilgani to‘g‘risida Ozodlik xabar qilgan edi.

2015 yil 13 dekabrida “Vodiygazta’minot" unitar korxonasining to‘rt xodimi Farg‘ona shahridagi gaz quvuri quduqlaridan biriga tushib, ishlayotgan paytda gazdan zaharlanib o‘lgan edi.

XS
SM
MD
LG