Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:34

Dushanbe yangi temir yo‘l bilan O‘zbekistonga kommunikatsion qaramlikdan qutulganini aytmoqda


Tojikistonda poytaxt Dushanbeni mamlakat janubi bilan bog‘lovchi temir yo‘l foydalanishga topshirildi. Tojik rasmiylari bu yo‘l qurilishi ortidan respublika O‘zbekistonga kommunikatsion qaramlikdan qutulishini ta’kidlamoqdalar.

Dushanbe-Qo‘rg‘ontepa-Ko‘lob yo‘nalishi bo‘ylab 24 avgust kuni yo‘lga chiqqan poezdda ziyolilar va yoshlar tashkiloti faollariga Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonning o‘zi hamrohlik qildi.

Prezident matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Imomali Rahmon hamrohlariga bu temir yo‘lning ochilishini barcha tojikistonliklar, ayniqsa Xatlon viloyatida yashaydigan vatandoshlar uchun tarixiy kun bo‘lganini aytgan.

Tojik rasmiylari bu yo‘l ochilishi Xatlon viloyatini kommunikatsion va iqtisodiy mahdudlikdan qutqarishiga aminlar. 2011 yili O‘zbekiston portlash sodir bo‘lgani iddaosi bilan G‘alaba-Amuzang temir yo‘l uchastkasini buzib tashlaganidan keyin Tojikiston janubi mol tashishda muammolarga duch kela boshlagan. Yo‘l buzilishi ortidan Xatlonda xorijdan kelayotgan tovarlar narxlari bir necha barobar oshib ketgan.

Yo‘l yopilganidan yarim yil o‘tgach, Xatlon viloyati rasmiylari faqat bojxona yig‘imlari hisobidan mintaqa iqtisodiga 45 million dollar miqdorida zarar etganini bildirib chiqqandi.

2012 yili Tojikiston hukumati Xatlon viloyatini mamlakat markazi bilan bog‘laydigan temir yo‘l qurish haqida qaror qabul qilgan.

Endilikda bu yo‘ldan ham yuk tashish, ham yo‘lovchi tashishda foydalanilishi aytilmoqda.

Dushanbe-Qo‘rg‘ontepa-Ko‘lob temir yo‘lidagi tunellardan biri.
Dushanbe-Qo‘rg‘ontepa-Ko‘lob temir yo‘lidagi tunellardan biri.

“Tojikiston temir yo‘llari” rahbariyati yangi yo‘l qurilishi ortidan tojikistonliklarning yo‘li qisqarganini, agar avval Dushanbe-Qo‘rg‘ontepa yo‘li 432 kilometrni tashkil qilgan bo‘lsa, hozir bu yo‘l 119 kilometrga qisqarganini urg‘ulayapti.

Bir yil muqaddam mazkur yo‘nalishda temir yo‘l tunellari qurilishi boshlanishi munosabati bilan o‘tkazilgan marosimda Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon yo‘l foydalanishga topshirilgach, poytaxtdan janubga mol yetkazish tannarxi to‘rt barobarga arzonlashishi haqida gapirgandi.

Xalqaro anjumanlarda Markaziy Osiyo rasmiylari mintaqaviy integratsiya haqida ko‘p gapirsalar-da, amalda buning aksini ko‘rish mumkin.

Deylik, Qamchiq dovoni orqali o‘tgan va O‘zbekiston mustaqilligining 25 yilligiga sovg‘a sifatida yaqinda ochilgan “Angren-Pop” temir yo‘li aslida Tojikistonga qaramlikdan qutulish qurilganini o‘zbek rasmiylari yashirayotganlari ham yo‘q.

Avvallari, masalan, Andijondan Buxoroga bormoqchi bo‘lgan poezd yo‘lovchilari Tojikistonning So‘g‘d viloyatiga kirib o‘tishlari lozim bo‘lardi. Bu qatnov 2010 yil fevralidan to‘xtatilgan.

Qatnov to‘xtatilganini o‘sha paytda rasmiy Toshkent yo‘lovchilar sonining qisqargani va O‘zbekiston vagonlari Tojikistonda talon-taroj etilayotgani bilan izohlagandi.

Qamchiq dovoni orqali Toshkent-Andijon yo‘nalishi bo‘ylab yo‘lovchi poezdi 27 avgustdan yura boshlashi kutilmoqda.

XS
SM
MD
LG