Линклар

Mustaqillik bayrami arafasida Toshbuloq shaharchasini bezatishga safarbar etilgan Namangan tumani obodonlashtirish bo‘limining ikki nafar ishchisi elektr toki urishi oqibatida halok bo‘ldi. Yana bir ishchi og‘ir jarohat bilan kasalxonaga yotqizildi.

Namangan viloyati hokimining mustaqillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish haqidagi qarorini bajarish Namangan tumani obodonlashtirish bo‘limining uch nafar ishchisi uchun fojiali yakun topdi.

Namangan tumani markazi Toshbuloq shaharchasidagi avtomobil aylanma yo‘li o‘rtasidagi panoni bayroqlar bilan bezayotgan ishchilar ushlagan narvon yuqori kuchlanishdagi elektr simiga bexosdan tegib ketgan va ishchilarni tok urgan.

Voqea guvohlaridan biri, Namangan elektr tarmoqlari idorasining o‘zini tanishtirmagan ishchisi 8 avgust kungi voqeani eslaydi.

“Kolsevoy avtomobil yo‘lining o‘rtasidagi baland panoda Agrobank reklamasi bor. Bayramga tayyorgarlik ko‘rish uchun ular o‘shandan koltsevoyga aylantirib lenta, bayroqchalar tortadigan bo‘lgan. Buning uchun ular baland narvonni yo‘lning o‘rtasidan ko‘tarib o‘tayotganda, tepada tortilgan uch fazali elektr simga tegib ketgan va ularni qattiq tok urgan”, dedi voqea guvohlaridan biri.

Guvohning aytishicha, falokat oqibatida ishchilar 47 yashar Bositxon Qobilov va Qobiljon Komilovlar voqea joyining o‘zida halok bo‘lgan. Yana bir ishchi, 41 yashar Abdurasul Tursunov esa og‘ir ahvolda kasalxonaning jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

Namangan tumani hokimligining obodonlashtirish bo‘lim boshlig‘i Komil Nuriddinov Ozodlik bilan suhbatda, qurbon bo‘lganlar ehtiyotsizlik oqibatida halok bo‘lganini aytdi:

“Ha, katta falokat yuz berdi. Narvon mexanicheski bo‘lgan, ishni bitirishgandan keyin tepasini tushirmasdan olib chiqmoqchi bo‘lishgan ekanda. Bu yigitlar texnika xavfsizligi darslaridan o‘tganu, ehtiyotsizlik qilishgan. Shunaqa bo‘p qoldi, endi. Imkoni boricha qurbon bo‘lganlarning oilalariga moddiy yordam beryapmiz. Sug‘urta ham ancha yordam qiladi ekan”, dedi Komil Nuriddinov.

O‘zbekistonda korxona va tashkilotlar ishchilarining texnika xavfsizligiga rioya qilmasligi oqibatida falokatlar tez-tez sodir bo‘lib turadi.

Jumladan, o‘tgan haftada "O‘ztransgaz" aktsiyadorlik kompaniyasi tarkibidagi korxona - G‘allaorol Magistral gaz quvurlari boshqarmasi ishchi-xizmatchilaridan 10 nafari 20 avgust ertalab boshqarmaga qarashli Kanalizatsiya nasos stantsiyasidagi suv motorlarini ta’mirlayotib zaharli gazdan o‘lgan, yana 3 kishi viloyat kasalxonasi jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan edi.

2015 yilning dekabr oyida “Vodiygazta’minot” unitar korxonasining to‘rt nafar xodimi Farg‘ona shahridagi gaz quvuri quduqlaridan biriga tushib, ishlayotgan payti gazdan zaharlanib o‘lgan. To‘rt gazchining o‘limiga ham texnika xavfsizligi qoidalariga amal qilinmagani sabab bo‘lgani aytilgan edi.

XS
SM
MD
LG