Линклар

logo-print

Ukraina fosfor va kaliy o‘g‘iti etkazib beruvchi Rossiya shirkatlariga muqobil ta’minotchi qidirmoqda. Mamlakat Qishloq xo‘jalik va oziq-ovqat siyosati vazirligi o‘z narxini oshirib yuborgan Rossiya shirkatlari o‘rnini yaqin kelajakda O‘zbekiston shirkatlari egallashi mumkinligini bildirdi.

Ukraina Qishloq xo‘jalik va oziq-ovqat siyosati vazirligi ichki bozorda “yakkahokimga” aylangan mahalliy va Rossiya monopolist-shirkatlari o‘g‘it narxlarini keskin oshirib yuborganidan arz qildi. Vazir Maksim Martinyuk bu hol oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligining boshqa mahsulotlariga bo‘lgan narxlarning ham oshib ketayotganiga qisman sabab bo‘lganini ta’kidladi:

- Vazirligimiz Rossiya o‘g‘itlari o‘rnini bosuvchi boshqa manbalarni izlamoqda. O‘g‘itlar O‘zbekistondan, Belarus, Litvadan ham keltirilishi mumkin. Hozirda bozorimiz¸ bir tarafdan¸ ichki monopoliyachilar, boshqa tarafdan Rossiya o‘g‘itlari tomonidan egallangan. Bozorning 95 foizi rossiyaliklar tomonidan boshqariladi, dedi vazir Martinyuk jumladan.

Ukraina Agrar va oziq-ovqat siyosati vazirligi rasmiysi Ivan Korchenov Ozodlik bilan suhbatda hozirda hukumat o‘rganaëtgan ehtimoliy ta’minotchilardan qay birining tanlanishi¸ ular taklif qiladigan mahsulot narxiga bog‘liq ekanini bildirdi:

- Ishlab chiqaruvchilar va xaridorlar o‘zaro kelishgan holda qaerdan va kimdan sotib olishni o‘zlari hal etadi. Agar o‘zbek o‘g‘itlari arzonroq bo‘lsa, biz, albatta, ularni tanlaymiz, dedi vazirlik rasmiysi.

O‘zbekiston postsovet hududida mineral va boshqa o‘g‘it ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi davlatlardan biri sanaladi.

Mamlakatda “Ammofos”, «Elektrkimyosanoat”», «Navoiyazot», “Farg‘onaazot”, "Dexqonobod kaliy o‘g‘itlari zavodi”, “Elektroximzavod” qo‘shma korxonasi va “O‘zbekiston Kimyo sanoati” davlat korxonasi tarkibiga kiruvchi boshqa muassasalar faoliyat yurg‘izmoqda.

O‘zbekiston kimyo sanoati, shuningdek, Markaziy Osiyoda eng ko‘p ammiak, karbamid, ammiak selitrasi, ammoniy sulfati, ammofos va nitrofos ishlab chiqaruvchi davlat hamdir.

XS
SM
MD
LG