Линклар

Ozarbayjon markaziy banki manat yana devalvatsiya qilinishi haqidagi mish-mishlarni rad etdi


Bakudagi valyuta almashtirish shoxobchasi.

Bakudagi valyuta almashtirish shoxobchasi.

Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliev Moliyaviy barqarorlik kengashini tuzganidan besh haftagina o‘tib mamlakat banklari xorij valyutasiga bo‘lgan talab oshib borayotganiga guvoh bo‘lmoqda. Ozarbayjon pul birligi maydan beri 9 foizga qadrsizlangan bo‘lishiga qaramasdan, 22 avgust kuni mamlakat markaziy banki manat boshqa devalvatsiya qilinmaydi, dedi. O‘tgan yilning fevral oyidan beri Ozarbayjon pul birligi allaqachon ikki marta devalvatsiya qilindi.

“Kavkaz tuguni” yangilik portali tarqatgan xabarda yozilishicha, Davlat neft jamg‘armasi banklarga kuniga 50 million dollar sotmoqda. Xorijiy valyutaga bo‘lgan talab esa bundan 12 marta ko‘p bo‘lib, 600 million dollarga yetmoqda. Natijada ayrim banklar xorijiy valyuta sotishni to‘xtatib qo‘ydi, boshqalari esa bir mijoz olishi mumkin bo‘lgan valyuta miqdoriga chek qo‘ydi. Bu cheklovlar bir kishiga 100-500 dollarni tashkil etmoqda.

Markaziy bank 2015 yilning fevralida manatni AQSh dollariga nisbatan 33,5 foizga arzonlatgan edi. 2015 yilning dekabrida manat yana 47 foizga qadrsizlandi. O‘sha paytda bir dollar 1,56 manatga teng bo‘lgan bo‘lsa, o‘n oy avval bir dollar 0,78 manatga sotilgan edi.

Mart oyi o‘rtasida Bloomberg shirkati Ozodlik radiosi ozarbayjon xizmatiga tayanib, manat yana 10 foizga qadrsizlanishi mumkin, deya bashorat qilgan edi. Iyunda manat yana qadrsizlandi. May oyi oxirida 1 dollar 1,48 manatga teng bo‘lgan bo‘lsa, 24 avgustga kelib bu ko‘rsatkich 1,64 manatga yetdi.

Ozarbayjon iqtisodi duch kelgan muammoning asosiy sababchisi so‘nggi ikki yil ichida pastlab kelayotgan neft narxlaridir. Hukumat daromadining asosiy manbasi neft ekanligini inobatga olinsa¸ bu ajablanarli hol emas.

Fevral oyida mamlakat parlamenti 2016 yil byudjetini o‘zgartirishga majbur bo‘ldi. Byudjet bir barrel neft 50 dollarga sotiladi, degan qarash bilan tayyorlangan edi. Ammo bundan ko‘p o‘tmay bir barrel neft narxi 25 dollarga tushdi.

Pastlab borayotgan neft narxlarining iqtisodga ta’sirini ozaytirish uchun Aliev Moliyaviy barqarorlik kengashini tuzdi. Kengashga bosh vazir Artur Rasizoda yetakchi etib tayinlandi va unga iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash hamda “moliyaviy sohada salbiy o‘zgarishlar sodir bo‘lishi oldini olish vazifasi” yuklandi. Ammo tahlilchilar vazirlar mahkamasiga o‘xshash idoraning moliya vazirligi, iqtisod vazirligi hamda markaziy bankning bir-biridan farq qiluvchi rejalarini muvofiqlashtirish qobiliyatiiga shubha bildirmoqdalar.

O‘tgan yilgi devalvatsiya allaqachon mamlakat banklariga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Intellinews.com xabar agentligiga ko‘ra, hukumat mamlakatdagi eng yirik bank bo‘lmish “Ozarbayjon xalqaro banki”ni qutqarib qolishga, kichikroq olti bank esa o‘z faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG