Линклар

logo-print

Tojikiston hukumati chet ellik sayyohlarni jalb qilish va ularga qulaylik yaratish niyatida magistral yo‘llarning har ellik kilometrida hojatxona va har yuz kilometrida esa kichik mehmonxona qurishni rejalashtirmoqda.

Tojikistondagi katta avtomobil yo‘llari bo‘ylab hojatxona va mehmonxonalar qurish tadbiri davlat dasturiga kiritilgan bo‘lib, bu ishlar 2017 yilgacha yakunlanishi kerak.

Tojikiston sayyohlik tashkilotlari anjumani raisi Fattoh Fayzulloevning aytishicha, ayni paytda bir qancha sayyohlik tashkilotlari Dushanbe-Xo‘jand avtomagistrali bo‘ylab ana shunday infratizimlar qurish uchun munosib joy izlamoqda.

“Biz Dushanbe-Xo‘jand va Dushanbe Ko‘lob avtomobil yo‘llarining har 50 kilometrida bittadan hojatxona qurishimiz kerak. Bu nafaqat xorijiy sayyohlar uchun, balki o‘zimizning vatandoshlar uchun ham kerak. Shuningdek, har yuz kilometrda bunyod qilinadigan mehmonxonalar ham sayyohlarning bemalol yuvinib, dam olishi uchun qulaylik yaratadi”, dedi Fattoh Fayzulloev.

“Arab sayyohlari hojatxona topisholmadi”

Tojikistonga safar qilgan ba’zi xorijiy sayyohlar o‘z xotiralarida hojatxona topolmaganidan shikoyat qilishadi.

Tojikistonning Pokistondagi elchisi Zubaydullo Saidov Dushanbedagi yig‘ilishlardan birida, poytaxtdan Hulbuk qal’asiga borishgan arab sayyohlari uch soat davomida yo‘l bo‘yida hojatxona topolmaganidan shikoyat qilgani haqida gapirgan edi.

“Mehmonlar 400 kilometrdan ortiq yo‘l yurib, hojatini chiqarish uchun yo‘lda birorta hojatxona topa olmadilar”, dedi Zubaydov.

"Oshxonalar holiga maymunlar yig‘laydi"

Tojikistonlik gidlardan biri Narzullo Saradbekpurning aytishicha, katta avtomobil yo‘llari bo‘ylab durust ovqatlanadigan oshxona va toza hojatxonalar yo‘qligidan xorijlik sayyohlar aziyat chekadi va bu Tojikiston obro‘siga putur yetkazadi.

“Bir necha kun avval xorijlik sayyohlarni tog‘li Badaxshonga olib bordim. Aksariyat oshxonalarda sanitariya qoidalariga umuman rioya qilinmaydi. Hojatxonalar haqida gapirmasam ham bo‘ladi”, dedi yo‘l boshlovchi.

Uning aytishicha, safar davomida bu oshxonalarda ovqatlangan 18 sayyohdan 10 nafarining qorni og‘rib qolgan.

Tojikistonda hojatxonlarning yetishmasligini birgina sayyohlar his qilishmaydi. Aksariyat maktablarning hojatxonalari ham juda xarob ahvolda.

YuNISEF tadqiqotiga ko‘ra, Tojikistondagi maktablarning yuzdan 45 foizida ichimlik suvi yo‘q, 83 foiz maktablardagi hojatxonalarning holati juda yomon yoki umuman yo‘q.

YuNISEF so‘nggi o‘n yilda Tojikiston maktablarida 348 ta hojatxona qurgan va ularning qarovi mahalliy hokimiyat va maktablar rahbariyati zimmasiga yuklatilgan edi.

Biroq mahalliy hokimiyat bu hojatxonalarning sanitariya holatlariga e’tibor bermay qo‘ydi va natijada ularning aksariyati ishdan chiqib bormoqda.

XS
SM
MD
LG