Линклар

Bu yil Haj safari to‘lovi 14,5 million so‘mni tashkil etdi. Mavlono Muqimiy tirilsa, nima qilardi? Xonandalar Sharof Muqimov va Sevinch Mo‘minova oilasiga putur yetmoqda. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida yozdi.

Bu yil Haj safari to‘lovi 14,5 million so‘mni tashkil etdi

24 avgust kuni O‘zbekistondan birinchi guruh fuqarolar Haj ziyorati uchun Saudiya Arabistoniga yo‘l oldi. Qolgan ziyoratchilar 4 sentyabrga qadar arab zaminiga etib boradi (“Darakchi”, 25 avgust). Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, bu yil mamlakatdan 5000 (2641 nafar erkak, 2359 nafar ayol) kishi muqaddas safarga borishi belgilangan. Joriy yil Haj safari uchun to‘lanadigan mablag‘ miqdori esa 14,5 million so‘mni tashkil etdi. Eslatib o‘tamiz, Haj yoki Umra safariga bormoqchi bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari doimiy yashash joyidagi mahalla fuqarolar yig‘iniga ariza berib, navbatga yozilishi lozim.

Mo‘’jiza ro‘y berib mavlono Muqimiy tirilsa...

Bir mo‘’jiza ro‘y berib, mavlono Muqimiy tirilib qolsa va kamchiliklari haqida kuyunib yozgan Qo‘qon qishloqlarini aylansa, sayohatnomalarini yirtib tashlardi (“Hurriyat”, 24 avgust). Shoir Muqimiy Ultarma, Do‘rmoncha, Roshidon, Oltiariq, Yaypan, Nursux, Beshariq, Rapqon kabi qishloqlarning kamchiliklari haqida yozib, bu joylar qachon obod bo‘lar ekan, deb orzulagan. Qayd etilishicha, Muqimiy o‘sha qishloqlarning bugungi holatini ko‘rganida, avlodlarning aqlu farosati va bunyodkorlik salohiyatidan mamnun bo‘lardi. “Mumtoz shoirimiz bir g‘azalida “Shul erur aybim, Muqimiy, mardumi Farg‘onaman”, deb kuyunib, ranjib yozgan. Yuqorida aytganimizdek, mo‘’jiza ro‘y berib, Muqimiy domla Farg‘ona viloyatining bugungi ko‘rki-jamolini, odamlarga yaratilgan sharoitlarni, bunyod etilayotgan zamonaviy uy-joylarni, mehnat, ijod ahli naqadar ulug‘lanayotganini ko‘rsa, sayohatnomalari bilan birga o‘sha mashhur g‘azalini ham albatta yirtib tashlardi”, deya xulosa qiladi muallif.

Xonandalar Sharof Muqimov va Sevinch Mo‘minova oilasiga putur etmoqda

Xonandalar Sharof Muqimov va Sevinch Mo‘minova oilasiga putur yetmoqda. Bu haqda “Darakchi” nashri xabar beradi. Oilaviy murakkab munosabatlarga izoh bergan S. Mo‘minova: “Sharofni kechiring, oilangizni saqlab qoling, deb bilib-bilmay xulosa chiqarib, g‘ashimga tegayotganlar uchun bu meni javobim, buni o‘qib to‘g‘ri xulosa chiqarib olasizlar, degan umiddaman. Oila nafaqat ayol uchun, erkak kishi uchun ham muqaddas bo‘lishi kerak! Oilani saqlab qolish mas’uliyati faqatgina ayol kishining qo‘lida emas! Qars ikki qo‘ldan chiqadi. Hayotimga umuman aralashmang”, degan. Qayd etilishicha, ikki xonanda 2010 yili turmush qurgan, ularning bir qizi bor.

XS
SM
MD
LG