Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:17

Putin rus paralimpiyachilarining Riodagi o‘yinlardan chetlatilganini keskin qoraladi


Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Rioda oltin medalь olgan dzyudochi Mudranov Kremlda olimpiada g‘oliblarini taqdirlash marosimida, Moskva, 2016 yil 25 avgusti.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Rioda oltin medalь olgan dzyudochi Mudranov Kremlda olimpiada g‘oliblarini taqdirlash marosimida, Moskva, 2016 yil 25 avgusti.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin rus paralimpiyachilarining Braziliyada bo‘lib o‘tadigan Paralimpiada o‘yinlaridan chetlatilganini keskin qoraladi. Yuzlab rus atleti shu oy Rio-de-Janeyroda bo‘lib o‘tgan o‘yinlardan doping iste’mol qilgani uchun chetlatilgandi.

25 avgust kuni Kremlda bo‘lib o‘tgan Olimpiada ishtirokchilarini mukofotlash marosimida Putin chetlatilgan paralimpiyachilar uchun Moskvada tadbirlar uyushtirilishini aytdi.

Rossiya hukumati dastaklagan doping dasturi ko‘lami fosh bo‘lganidan keyin 120 ga yaqin rus sportchisi Olipiadadan chetlatilgan, bir necha yuqori lavozimli rasmiy, hatto Federal xavfsizlik xizmati xodimlari noqonuniy dasturga aloqador, deb topilgandi.

Rossiyaning paralimpiyachilar jamoasi esa 7-18 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan Paralimpiadadan butunlay chetlatildi.

“Bizning paralimpiyachilarimizni diskvalifikatsiya qilish qarori qonun, axloq va insoniylikka to‘g‘ri kelmaydi”, dedi Putin.

Prezident xalqaro aksildoping tashkilotlari “siyosiy bosim” tufayli Rossiyani qattiq jazolayotganini ta’kidladi.

Rossiya rasmiylari misli ko‘rilmagan bu cheklovga goh g‘azablanib, goh afsuslanib javob qaytarishmoqda. Prezident Putin nutqida ham bu hol kuzatildi.

Rossiya prezidenti Moskva sportdagi dopingni nazorat qilishda qo‘ygan xatolarini tan olib, dopingga qarshi kurashni kuchaytirishga harakat qilayotganini bildirdi.

25 avgust kuni bosh vazir Dmitriy Medvedev sportchilarni tabriklash uchun alohida marosim o‘tkazdi. Tadbir davomida rossiyalik atletlarga yangi lyuks avtomobillar taqdim etildi.

Sport vaziri Vitaliy Mutko avtomobilga qo‘shimcha ravishda oltin medal qo‘lga kiritganlar 62 ming, kumush medal sovrindorlari 39 ming, bronza medalь olganlar esa 26 ming dollar olishini bildirdi.

Putin Rossiyada bo‘lib o‘tadigan Paralimpiada ishtirokchilari Braziliyadagi o‘yinlarda qatnashib olishi mumkin bo‘lgan mukofotlar bilan taqdirlanishini bildirdi.

25 avgust kuni Moskva tuman sudi Rossiya aksildoping laboratoriyasi sobiq yetakchisi mulkini musodara qilishni buyurdi.

Vakolatlarini suiiste’mol qilishda ayblanayotgan Grigoriy Rodchenkov yil boshida AQShga qochib bordi va 2014 yilgi Sochi Olimpiadasi davomida xavfsizlik xizmati agentlari tarkibida doping bo‘lgan siydik analizlarini yashirganini so‘zlab berdi.

Xalqaro aksildoping agentligi (WADA) tergovida Rodchenkov guvohlik berdi. Natijada bir sportchidan tashqari rossiyalik yengil atletikachilarning barchasi Riodagi o‘yinlardan chetlatildi. Qolgan rus sportchilari esa ishtirok etish uchun bir necha tekshiruvdan o‘tdi.

Rossiya jamoasi umumiy hisobda Rioda medal olgan 87 davlat orasida 4-o‘rinni egalladi. Rus sportchilari jami 56 ta (ulardan 19 tasi oltin) medalni qo‘lga kiritdi.

XS
SM
MD
LG