Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:41

Ichki ishlar vazirligi Ungartepa O‘zbekiston hududi ekanini ma’lum qildi


Ungartepada Qirg‘izistonga qarashli radiorele stansiyalari joylashgan.
Ungartepada Qirg‘izistonga qarashli radiorele stansiyalari joylashgan.

Toshkentdagi nashrlarning Ichki ishlar vazirligiga iqtibosan xabar berishicha, O‘zbekiston Qirg‘iziston bilan bahsli ekani aytilib kelinayotgan Ungartepani o‘z hududi deb atadi. Xabarlarda mazkur hudud Namangan viloyati Chortoq tumani tasarrufida ekani aytiladi. Qirg‘izistonning radiorele stantsiyalari o‘rnatilgan mazkur hududga 22 avgust kuni tashlangan o‘zbek militsiyasi desanti bu erda 4 qirg‘izistonlikni qo‘lga olgan edi.

Toshkentdagi nashrlarning Ichki ishlar vazirligiga tayanib xabar berishicha, Namangan viloyat militsiyasi 22 avgust kuni Chortoq tumaniga qarashli Ungartepa hududida pasportlarni tekshirish bo‘yicha maxsus amaliyot o‘tkizgan.

Amaliyot natijasida bu erdagi Qirg‘izistonga qarashli radiorele stansiyasida ishlayotgan 4 nafar qirg‘iz vatandoshi qo‘lga olingan. Ichki ishlar vazirligiga tayanib tarqatilgan xabarda qo‘lga olinganlar “O‘zbekistonda noqonuniy yurgan shaxslar”, sifatida talqin qilingan.

“Tekshiruv natijasida Qirg‘izistonga qarashli radiorele stansiyasida ishlayotgan va O‘zbekiston hududida noqonuniy yurgan qirg‘iz vatandoshlari Urmanov A.R., Tashmatov J.I., Eraliev U.A. va Usupbaev N.K., qo‘lga olindi”, deb xabar berdi o‘zbek matbuoti.

Avvalroq qirg‘iz rasmiylari O‘zbekiston ushlab ketgan qirg‘izistonliklarni ozod qilish borasida muzokaralar olib borilayotganini bildirgan.

Bishkek rasmiylariga ko‘ra, Qirg‘iziston vatandoshlari Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on Ichki ishlar boshqarmasi tergov izolyatorida saqlanmoqda. Rasmiylar bugungi kunda ham O‘zbekistonda saqlanayotgan qirg‘iz vatandoshlarini ozod qilish borasida so‘zlashuvlar olib borilayotganini bildirdi.

O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati o‘zbek va qirg‘iz matbuotida paydo bo‘lgan bu xabar yuzasidan izoh berishdan bosh tortdi.

Qirg‘iziston hukumati ham O‘zbekiston Ichiki ishlar vazirligiga iqtibosan tarqatilgan Ungartepa hududi Namangan viloyatining Chotqol tumani tasarrufida ekani to‘g‘risidagi xabarlarni izohlashdan tiyilmoqda. Qirg‘izistonda Ungartepa Ungartog‘ deb ataladi.

Qirg‘iziston parlamentining Xalqaro aloqalar, mudofaa va xafsizlik qo‘mitasi raisi Almazbek Baatribekov bu xabarga munosabat bildirar ekan quyidagilarni aytdi:

-2006 yilgi protokollarda Ungartog‘ O‘zbekistonga taaluqli ekani to‘g‘risidagi protokollar imzolanib qolgani uchun so‘zlashuvlarda natijaga erisha olmayapmiz. Biroq qirg‘iz tomoni bu yer kimniki ekanini tasdiqlash jarayoni nihoyasiga yetmagan, degan yo‘nalishda ish olib borishimiz kerak. Bugun Ungartog‘da yuzaga kelgan vaziyat Qirg‘izistonga ham, O‘zbekistonga ham yaxshilik olib kelmaydi, - dedi deputat.

Avvalroq qirg‘iz matbuotida Ungartepa O‘zbekistonga tegishli ekani to‘g‘risidagi 20-sonli protokol 2006 yilda Toshkentda ikki davlat rasmiylari tomonidan imzolangani to‘g‘risida hujjatlar mavjud ekani xabar qilingan edi. Qirg‘iziston hukumati mazkur hududni aniqlash jarayoni nihoyasiga yetmaganini aytib, bu yerni bahsli hudud deb atamoqda.

O‘zbekiston-Qirg‘iziston o‘rtasidagi bu janjal 13 avgustda o‘zbek militsioneri qo‘lga olinganidan so‘ng boshlandi. Bishkek rasmiylari o‘zbekistonlik militsioner Kosonsoy suv ombori hududida qirg‘iz chegarasini noqonuniy kesib o‘tgan paytda qo‘lga olinganini bildirgan. O‘zbekiston matbuotiga sizdirilgan ma’lumotlarda esa, qirg‘iz militsionerlari Kosonsoy suv ombori hududiga bostirib kirib, o‘zbekistonlik militsionerni o‘zlari bilan majburiy ravishda olib ketgani aytiladi.

Mana shu voqea ortidan 22 avgust kuni O‘zbekiston Qirg‘izistonining radoirele stansiyalari joylashtirilgan Ungartepa hududiga ikkita vertolyotda 7 kishilik militsiya desantini tashlagan. Bugungi ma’lumotlarga ko‘ra, o‘zbek militsionerlari radiorele stansiyasi ishchilaridan 4 nafarini qo‘lga olib, ularni vertolyotlardan biriga chiqarib, O‘zbekistonga jo‘natgan.

O‘zbekiston shundan so‘ng qirg‘iz tomoniga qo‘lga olingan o‘zbek militsionerini bo‘shatishni hamda Kosonsoy suv ombori hududidagi Qirg‘izistonga qarashli postlarning olib tashlanishini talab qilgan. 23 avgust kuni o‘zbek militsioneri Olabuqa tuman sudi tomonidan chegarani noqonuniy bosib o‘tganlikda aybdor deb topilib, 294 dollar jarimaga tortilgan hamda O‘zbekistonga deportatsiya qilingan edi.

Rasmiy Bishkek Toshkentdan Ungartepa hududidan militsionerlarni olib chiqib ketishni talab qilmoqda. Biroq O‘zbekiston bu talabni bajarishga shoshilmayotir.

XS
SM
MD
LG