Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:59

Rossiyada mehnat muhojirlari bolalarini maktabga joylashtirishga qiynalmoqda


O‘zbekistonda ham bolalar yetarli bilim olish imkoniyatidan mahrum
O‘zbekistonda ham bolalar yetarli bilim olish imkoniyatidan mahrum

Rossiya shaharlarida mehnat muhojirlari o‘z farzandlarini maktabga qo‘yishda muammolarga duch kelmoqda.

Moskvadagi “Fuqaroviy ko‘mak” tashkiloti faollari Rossiya hokimiyatini muhojirlar farzandlarining bilim olishlariga imkon yaratishga chaqirdi.

Rossiya huquq faollariga ko‘ra, maktab rahbarlari o‘rin yo‘qligini bahona qilib, mehnat muhojirlari farzandlarini maktabga qabul qilmayotir.

Vaholanki, 2015 yil avgustida Moskvadagi “Fuqaroviy ko‘mak” tashkiloti shikoyat arizasini ko‘rib chiqqan Rossiya Oliy sudi bolalarni maktabga qabul qilishda registratsiya, ya’ni qayddan o‘tish talabi asos bo‘lmasligini etirof etgandi.

O‘z tushuntirish xatida bilan Oliy sud qayddan o‘tmagan muhojirlar bolalarini maktabda o‘qishlariga izn berdi.

O‘tgan yil avgustiga qadar Rossiyada qayddan o‘tmagan muhojirlar farzandlarini maktabga olish qonunan taqiqlangandi.

“Fuqaroviy ko‘mak” tashkiloti eksperti Konstantin Troitskiyning aytishicha, sud qaroriga qaramasdan Rossiya shaharlarida, xususan Moskvada qayddan o‘tmagan muhojirlar bolalarini maktabga qabul qilmaslik hollari uchrab turadi.

- Moskvada “gosusluga” internet portali yo‘lga qo‘yilgan. Faqat ushbu portal orqali bolalar maktablarga qabul qilinadi. Ota-onalarning o‘zlari to‘g‘ridan to‘g‘ri maktabga yoki ma’lumot markazlariga murojaat qilsalar ham, baribir, ular yana internet portaliga yuboriladi. Ushbu portalda bolani maktabga olish uchun kerakli hujjatlar ro‘yxatida talabgorning registratsiya, ya’ni qayddan o‘tish hujjati talab qilinadi. Shu sababli registratsiyaga ega bo‘lmagan xorijiylar bolalari Moskva maktablarida o‘qishga qabul qilinmayapti. Bu - qonunga xilof. Bolani maktabga qabul qilinishi uchun registratsiya talab etilmasligi kerak. Lekin Moskvada qayddan o‘tmagan muhojirlar bolalarining maktabga olinmayotgani haqida bizga ma’lumotlar bor, dedi Konstantin Troitskiy.

Kuzatuvchilar ko‘p hollarda migrant bolalarni maktabga qabul qilish yoki qilmaslik maktab rahbariyati rayiga bog‘liq bo‘lib qolayotganidan taassuf bildirmoqda.

Moskva viloyati Pushkino tumanida istiqomat qiluvchi ikki farzandning otasi Nazar bolalarini maktabga joylashda hozircha muammolarga duch kelmaganini gapiradi.

U muhojirlik hayoti qiyin bo‘lishiga qaramasdan, farzandlariga yaxshi bilim berishga harakat qilayotganini aytadi.

- Bolalarimning maktabga berishda biron muammo bo‘lgani yo‘q. Faqat o‘zim va bolamning hujjatlarini ko‘rishdi, xolos. Qo‘shimcha biror narsa talab qilishgani yo‘q. Qizcham hozir 3 sinfda o‘qiydi. Albatta, avvaliga rus maktabida o‘qishi qiyin kechdi. Repititor olishga to‘g‘ri keldi. Haftada ikki martba ikki soatdan qo‘shimcha dars oldi. Yil oxiriga borib, darslarni yaxshi o‘zlashtira boshladi. Bu yil, Xudo xohlasa, yana bir qizcham 1 sinfga boradi. Maktab uchun qo‘shimcha pul to‘lamaymiz. Hozirga qadar maktabda irqiy kamsitish hollarini uchratganimiz yo‘q, dedi Nazar.

Nazarni Rossiyada baxti chopgan, omadli muhojirlar sirasiga kiritish mumkin.

Ammo farzandlarini maktabga joylashtirishda qiyinchiliklarga duch kelayotgan muhojirlar kam emas.

Ivanovo shahri o‘zbeklar jamiyati liderlaridan biri Salimjon Amirovning Ozodlikka aytishicha, mehnat muhojirlari bolalarining maktabda o‘qishlari uchun qayddan o‘tish hujjati talab qilinadi.

- O‘zbekistondan kelgan bolalar uchun asosiy muammo – rus tilini yaxshi bilmasliklari. Rus tili bilimi yetarli bo‘lmasa, bir sinf pastga olishadi. Misol uchun, 3 sinfda o‘qigan bo‘lsa 2 sinfga qabul qilinadi. Ota-onadan faqat vaqtincha qayddan o‘tish hujjati talab qilinadi, dedi Salimjon Amirov.

Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo davlatlar vatandoshlaridan farqli o‘laroq, o‘zbek va tojik muhojirlaridan ishlash ruxsatnomasi (patent) hamda rus tili-tarixidan imtihon topshirishlari talab etiladi.

Salimjon Amirov ushbu ortiqcha xarajatlar ham tashkilotga a’zo bo‘lmagan davlatlar, jumladan o‘zbekistonlik bolalarning bilim olishlariga salbiy ta’sir qo‘rsatadi, deydi.

Mustaqil ekspertlarga ko‘ra, Markaziy Osiyo muhojirlari bolalarining 15 foizi maktabda dars o‘qish imkoniga ega emas. Balog‘atga etmagan maktab yoshidagi bolalar bozorlarda yoki qurilish inshootlarida ishlashadi.

Rossiyada mehnat qilayotgan ayrim muhojir ota-onalar esa erta tongdan kechgacha ish bilan band bo‘lib, bolalarining o‘qish va tarbiyasiga deyarli vaqtlari qolmasligini aytadi.

Rossiya migratsiya idorasi 2016 yilning aprel oyida keltirgan raqamlarga binoan, mamlakatda 800 mingdan ortiq 17 yoshgacha bo‘lgan xorijiy hisobda turadi.

XS
SM
MD
LG