Линклар

O‘zbekistonning Jizzax viloyati Do‘stlik tuman prokuraturasi uch yoshli bog‘cha tarbiyalanuvchisining suvga cho‘kib o‘lgani yuzasidan surishtiruv ishlarini olib bormoqda. Hodisa shu oy o‘rtalarida Do‘stlik tumanining Manas qishlog‘ida kuchli oqimli lotok ariqda o‘tkazilgan “Neptun” tadbiri paytida ro‘y bergan.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, Jizzax viloyatining Do‘stlik tumanidagi “Aychurek” bolalar bog‘chasi “Neptun” bayrami munosabati bilan 17 avgust kuni bolalarni tumandan o‘tuvchi lotoq ariqqa cho‘miltirgani olib borgan.

Yigirmadan ziyod bolani orasida bo‘lgan uch yoshli Shahboz To‘ychiboev suvga cho‘kib ketgan.

Bolaning jasadi u cho‘kkan joydan 700 metr narida, suv tubidan topilgan.

Bolaning o‘limida bog‘cha rahbariyatini ayblagan Shahbozning yaqinlari prokuraturadan ularni jazoga tortishni talab qilmoqda.

Ular bizdan so‘ramasdan bolalarni chuqurligi bir yarim-ikki metr bo‘lgan kuchli oqimli ariqqa cho‘miltirgani olib borgan. Shahboz suzishni bilmasdi. Tarbiyachilar qaramagan. Kuchli suv oqimi bolani olib ketgan. Birinchidan, sassiq, loyqa suvli ariq. Ikkinchidan, bu tadbir xavfsizlik qoidalariga ham mutlaqo zid tarzda o‘tkazilgan. Kuchli oqimli ariqqa bog‘cha bolalarini cho‘miltirgani olib borib bo‘ladimi? U yerda birinchi yordam ko‘rsatuvchi hamshira ham bo‘lmagan, - deydi Ozodlik bilan suhbatda cho‘kib ketgan bolaning ismi sir qolishini istagan qarindoshlaridan biri.

Ozodlik "Aychurek" bolalar bog‘chasi ma’muriyatidan Shahboz o‘limi bo‘yicha izoh ololmadi.

Hozirda Do‘stlik tumani prokuraturasi bog‘cha mudirasi va tarbiyalanuvchilarini bolaning o‘limiga javobgar sifatida so‘roq qilmoqda.

Prokuratura mulozimining aytishicha, tergov bola qanday qilib chuqurligi bir yarim metr bo‘lgan ariqqa oqib ketgan, bog‘cha tarbiyachilari nima sababdan buni vaqtida payqamagan va halokat oldini olmagan, suzishni bilmaydigan bolaga nega xavfsizlik chambaragisiz suvga tushishiga ruxsat berilgan va nega bog‘cha rahbariyati xavfsizlik qoidalariga zid tarzda oqib turgan ariqda suv tadbiri o‘tkazgan, kabi savollarga javob izlamoqda.

Jizzax viloyati Do‘stlik tumani prokuraturasidagilar mazkur hodisa yuzasidan surishtiruv hanuz davom etayotgani va xulosa chiqarishga erta ekanini aytishdi.

XS
SM
MD
LG