Линклар

Шошилинч хабар
02 май 2024, Тошкент вақти: 03:03

O‘zbekiston chegaralari yopilib anklavlar aholisi qamalda qoldi


O‘zbekistonda mustaqillik bayrami bayrami arafasida xavfsizlik chorasi sifatida chegaralarning yopilishi aklavlar aholisini qamalda qoldirdi. (Anklav - boshqa davlat hudidagi qo‘shni davlatga qarashli mintaqasi)
O‘zbekistonning Qirg‘iziston hududidagi Shohimardon va So‘x eksklavlari hamda Qirg‘izistonning Barak anklavlari bilan transport aloqasi ikki haftaga uzildi.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, Shohimardondan Farg‘onaga ketayotgan yo‘lovchilar, hatto og‘ir kasali bo‘lgan tez yordam mashinalari ham, qirg‘izistonlik chegarachilar tomonidan o‘tkazilmayapti. Ayni paytda, qirg‘iz rasmiylari chegara, mustaqillik bayramini xavfsiz o‘tkazish maqsadida, O‘zbekiston tomoni tashabbusi bilan yopilganini aytmoqda.

Qirg‘iziston Davlat chegaralarini qo‘riqlash xizmati matbuot kotibi Sajira Chokolaeva​ Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi eksklavi Barak qishlog‘iga ham yo‘l yopilgani tufayli mahalliy aholiga qiyinchilik tug‘dirmoqda:

“Bu Barak eksklavida yashovchi aholiga ham tegishli. Ular ham o‘zbekistonliklar singari 5 sentyabrgacha Qirg‘izistonga o‘ta olmaydi. Ularni ham o‘zbek chegarachilari o‘tkazmaydi”, dedi Qirg‘iziston Davlat chegara xizmati mulozimi.

Ayniqsa, kasalxonaga ishi tushayotganlarga juda qiyin bo‘lyapti
Shohimardonlik vatandosh

​Shohimardondan Farg‘ona shahridagi kasalxonaga bemor olib ketayotgan tez yordam mashinasi qirg‘iz chegarachilari tomonidan o‘tkazilmadi, deya arz qildi bemor chaqaloqning otasi Ozodlikka:

“Men Farg‘ona viloyati Shohimardon qishlog‘ida yashayman. Bizda hozir yo‘llar yopilgan. Ayniqsa, kasalxonaga ishi tushayotganlarga juda qiyin bo‘lyapti. Kecha bir yashar farzandimning isitmasi hech tushmaganligi bois, uni Farg‘ona shahriga “tez yordam” mashinasida olib ketishayotganda qirg‘iz chegarachilari qaytarvorishdi. Shunaqa paytda hech bo‘lmasa, “tez yordam”ni o‘tkazsa bo‘ladiku. Bizlar nima qilishni bilmay qoldik”, deb yozadi shohimardonlik vatandoshlardan biri.

Ammo, Sajira Chokolaeva ikki davlat o‘rtasidagi chegaralar o‘zbek tomoni tashabbusi bilan yopilganini ta’kidlaydi:

“Biz yo‘lni bir tomonlama yopganimiz yo‘q. Bu o‘zbek tomonining tashabbusi bilan bo‘ldi. Ular mustaqillik bayramida o‘tkaziladigan tadbirlar xavfsizligini ta’minlash uchun ikki davlat fuqarolarining bordi-keldisiga 22 avgustdan boshlab vaqtincha cheklov joriy qildi. Bu cheklovga ko‘ra, o‘zbekistonliklar Qirg‘izistonga, qirg‘izistonliklar O‘zbekistonga o‘ta olmaydi”, dedi Sajira Chokolaeva.

O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegara-bojxona postlarida odam va avtomobil o‘tkazish 22 avgustdan boshlab taqiqlangan.

Biroq O‘zbekiston rasmiylari o‘z eksklavlari bilan chegara yopilmaganini iddao qilmoqda.

Farg‘ona tumani hokimligining o‘zini tanishtirmagan mulozimi yo‘l qirg‘iz chegarachilari tomonidan bir tomonlama yopilganini aytdi:

“Qirg‘izistonning Qadamjoy degan joyidagi post yopilgan. O‘zbek chegarachilari hech narsa degani yo‘q, kelganlarni o‘tkazib yuboryapti. Qirg‘iziston o‘zi bekitib tashladi, 5 sentyabrgacha endi shunaqa qiladi, deyapti”, dedi hokimlik mulozimi.

Farg‘ona viloyatining Yuqori Vodil chegara-bojxona postining ismi sir qolishini so‘ragan mulozimi ham, chegara qirg‘izistonlik rasmiylar tomonidan yopilganini bildirdi:

“Bayram arafasida chegaralarni yopishibdi. Lekin bizda bu muammo yo‘q. Shohimardonliklarni qirg‘iz chegarachilari o‘tkazmayapti. Biz tomondan So‘x va Shohimardonga yo‘l ochiq, faqat Qirg‘iziston o‘tkazmayapti”, dedi chegara posti mulozimlaridan biri.

Bayram tadbirlari azoblari

O‘zbekiston har yili Navro‘z, Mustaqillik bayrami arafasida qo‘shni davlatlar bilan bo‘lgan chegaralarda odamlarning bordi-keldisiga cheklovlar joriy qiladi.

Bu cheklovlardan ayniqsa ekslkavlardagi tuman va qishloqlarda yashaydigan aholi azob chekadi. Qariyb ikki hafta davomida bu hududlarning “katta yer” bilan aloqasi deyarli uziladi.

O‘zbekistonning Qirg‘izistondagi Shohimardon eksklavida yashaydigan, ismi sir qolishini so‘ragan mahalla faollaridan biri, bundan ayniqsa, tez tibbiy yordamga muhtoj bo‘lib qolganlar ko‘proq jabr ko‘rishini aytadi:

“Bizning Shohimardonda kasalxona yo‘q. Qishloq vrachlik punktlari bor, xolos. Shunday bir sharoitda viloyat kasalxonasiga olib borilishi shart bo‘lgan bemorlarning ahvoli ne kechishini bir tasavvur qiling. O‘zing uchun o‘l yetim, deganlari shu bo‘lsa kerak”, dedi mahalla faoli.

Mustaqillik bayrami arafasida O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari ko‘radigan chora-tadbirlar ikki mamlakat o‘rtasida mavjud bahsli hududlar muammosini yana kun tartibiga olib chiqadi.

Rasmiy Toshkent milliy bayramlar arafasida qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro bordi-keldini cheklash orqali mamlakat ichkarisida xavfsizlikni ta’minlashiga ishonadi. O‘zbekistonga havo qatnovlari uzilishsiz davom etmoqda.

XS
SM
MD
LG