Линклар

logo-print

Rossiyaning Primorye o‘lkasi sud ijrochilari aviakompaniyalardan deportatsiya qilinayotgan o‘zbek muhojirlari uchun chipta narxlarini kamaytirishni so‘rab murojaat qildi. Bu taklif Artyom shahrida joylashgan Xorij grajdanlarini saqlash markazida badarg‘a qilinishini kutayotgan yuzdan ortiq migrantlar ochlik e’lon qilganidan keyin berilgani e’tiborga molik. Sud pristavlari o‘zbekistonlik muhojirlarni mahalliy diaspora kafilligi ostiga ularning yurtdoshlari qaramog‘ida saqlash g‘oyasini ham ilgari surmoqda.

“Aviashirkatlar chipta narxlarini kamaytirsin!”

Primorye o‘lkasi Sud ijrochilari federal xizmati (FSSP) O‘zbekistonga parvoz qilayotgan aviashirkatlardan Rossiyadan chiqarib yuborilayotgan O‘zbekiston vatandoshlariga aviachipta narxlarini pasaytirishni so‘rab murojaat hozirladi.

- Bu taklif Vladivostokdan Toshkentga charter reyslari yordamida yo‘lovchi tashiyotgan aviakompaniya vakillariga jo‘natildi. Hozircha javobini olmadik... Toshkentga uchayotgan O‘zbekiston vatandoshlari uchun chipta narxlari o‘ta yuqoriligicha qolmoqda. Boz ustiga, xorijliklarning ko‘pida chipta sotib olish uchun zaruriy hujjatlar yo‘qligi deportatsiyani yanada murakkablashtirmoqda, deya Interfaks nashriga xabar qildi Primorye sud ijrochilari matbuot xizmati.

Migrantlar deportatsiyasi bilan shug‘ullanuvchi pristavlar xizmati, shuningdek, aviakompaniyalar doim ham zarur bo‘lgan o‘rinlarni ajrata olmasligi muammo bo‘lib turganini ta’kidladi.

Matbuot xizmati mahalliy byudjetdan kelib tushgan mablag‘ hisobigagina migrantlar o‘z yurtlariga jo‘natilayotganini bildirmoqda. Birgina o‘tgan shanba-yakshanba kunlari Primoryedan shu tariqa 19 kishi chiqarib yuborilgani ma’lum bo‘ldi.

FSSP boshqarmasiga ko‘ra, yil boshidan beri Primorye sud ijrochilari Rossiya chegarasigacha 467 muhojirni kuzatib qo‘ygani, vaholanki o‘tgan 2015 yil davomida migratsiya qonunini buzgan 452 odam badarg‘a qilingani ma’lum. Qonunga muvofiq, ma’muriy deportatsiya federal byudjet hisobidan amalga oshiriladi. 2016 yilning birinchi 4 oyi davomida migratsiya qonunchiligini buzgan muhojirlarni chiqarib yuborishga 6 million rubl mablag‘ sarflangan.

Primorye sud ijroiya xodimlari o‘z xatlarida o‘zbekistonlik muhojirlarni to‘lib-toshgan va sharoitlari yo‘q deportatsiya markazida emas, mahalliy diaspora kafilligi ostiga ularning yurtdoshlari qaramog‘ida saqlash g‘oyasini ham ilgari surdi.

Ular buni byudjet taqchilligi va markazdan sud pristavlari xizmatiga ajratilayotgan mablag‘larning keskin kamaygani bilan izohlamoqda.

“Masala yechimi bitta: O‘zbekistondan doimiy reys ochilishi kerak!”

Primoryedagi “Adolat” o‘zbeklar jamoat tashkiloti raisi Bahodir Nurakov Ozodlikka deportatsiya qilinayotgan muhojirlar bilan bog‘liq vaziyatga oydinlik kiritdi.

Diaspora raisi fikricha, muhojirlarni kafillik ostida yaqinlari qaramog‘iga chiqarish ham muammoni bartaraf etmaydi.

- Spetspriyomnikdagilarning kim qanaqa ekanini biz qaerdan bilamiz?! Niyati, maqsadi nima u odamni - Rossiyada qolishmi yo chiqib ketishmi? Yuz foiz javobgarlikni bo‘ynimizga olib, u odam boshqa yoqdan chiqib tursa... Mahalliy organlar, O‘zbekiston organlari bor buning uchun. Bunday kafillikni biz bo‘ynimizga olomaymiz. Spetspriyomniklar bo‘lmasdan oldin ayollarimizni turmalarlarga qamashardi. O‘sha vaqtlarda ayollarni o‘z yonimizga olib, bilet olib berib, pristavlar bilan O‘zbekistonga chiqarganmiz. 50-100 odamni chiqarib olib, ularga kafillik berish to‘g‘ri bo‘lmaydi, menimcha, dedi diaspora rahbari.

Bahodir Nurakov korrupsiyalashgan va poraxo‘rlikka botgan mahalliy idoralar vaziyatni o‘zgartirishga shoshilmayotgani, mavjud holat ularga qo‘shimcha daromad manbasini yaratayotgani hech kim uchun sir emasligini iddao qildi.

- Men do‘xtirman. Bizda kasalni davolashdan ko‘ra, profilaktika olib borish ma’qul deyiladi. Bu yerdagi organlar faqat deport qilish bilan ovora. Hamma migrant hujjat bilan ishlab yurgani yaxshi emasmi? 100 deport qilgan odamni o‘rniga yana 100 olib tiqib qo‘yish mumkin. Migrantlarga nolegal yurish ziyonligini o‘zlari ham tushunib yetgan allaqachon. Politsiya ushlashi mumkin, rasman ishga kiraolmaydi, hujjatsiz shartnoma tuzmaydi... O‘tgan yili bizda RVP 75 ming rubl bo‘lib ketdi, patentlar “qo‘l haqi” – 18 mingga chiqdi. Undan tashqari sertifikat olish, tibbiy ko‘rikdan o‘tish kerak. Natijada “nelegallar” juda ko‘payib ketdi. Vaholanki biz necha marotaba bu vaziyatdan ogohlantirgan edik, "Keyin deport qilishga pullaring etmay qoladi” deb aytgan edik, deydi yangi migratsiya tartiblari muhojirlarning nolegal holatga o‘tishga majbur etganini gapirgan Bahodir Nurakov.

Suhbatdoshning fikricha, eski Migratsiya xizmati tugatilib, yangi migratsiya boshqarmasi tuzilishi o‘z yakuniga yetmagani muhojirlar deportatsiyasi bilan bog‘liq vaziyatni chigallashtirib yubormoqda.

- FMSdan MVDga vakolatlar topshirilayotgani uchun tushunmovchiliklar bo‘layapti. Kim nima qilishi kerak, qaerga topshirishi kerak, mutaxassislar o‘zgarayapti, tizim yangilanayapti... Qolaversa, bu yerdan O‘zbekistonga to‘g‘ri reyslar yo‘q- charter reyslar uchayapti. Ular esa narxlarni oshirvorayapti, chunki xususiy! Gap shundaki, deportatsiya bo‘layotgan odam to‘g‘ri O‘zbekistonga uchishi kerak, aks holda ularni Moskva yoki Novosibirsk orqali kimdir kuzatib borishi shart. Sud pristavlariga bu qimmatga tushib ketayapti. To‘g‘ri reyslar hozir 30-35 ming rublga tushayapti, Moskva orqali- 22-23 ming rubl. Spetspriyonikda o‘tirganlarga ham qimmatga tushayapti. Men charter reys egalari narxlarni tushirishiga ishonmayman, chunki ular kommersant. Masala yechimi bitta: yaqinda biz “O‘zbekiston havo yo‘llariga” bu yerdagi FSSP va IIBdan xat olib, taklif bilan chiqamiz: O‘zbekistondan bu yerga rasmiy reys qo‘yilsin va uning ma’lum darajada fiksatsiya qilingan narxi chiqarib berilsin, dedi Bahodir Nurakov.

Mintaqadagi yagona Artyom shahridagi Xorij grajdanlarini saqlash markazi(SUVSIG)da o‘tgan haftada 30 ziyod asosan o‘zbekistonlik migrantlar ochlik e’lon qilgani to‘g‘risida Ozodlik xabar bergan edi. Bu aksiyadan oldin xuddi shu SUVSIGda toqati tog‘ bo‘lgan ikki nafar tutqun qo‘lini kesgani jamoatchilik e’tiborini o‘ziga qaratgan edi.

Shuningdek, 67 kishiga mo‘ljallangan deportatsiya lagerida 107 nafar muhojir ushlab turilgani to‘g‘risida mahalliy Jamoatchilik kuzatuv komissiyasi a’zolari e’lon qilgan edi.

Artyom spetspriyomnigini ko‘zdan kechirgan Primorye jamoatchilik kuzatuvchilari vaziyat o‘zgarmasa muassasada holat yanada keskinlanishi mumkinligidan mahalliy hukumatni ogohlantirdi.

XS
SM
MD
LG