Линклар

Qo‘qon shahridagi huquq-tartibot idoralarini oyoqqa turg‘izgan “portlovchi uskuna” Uch Ko‘prik tumanida istiqomat qiluvchi yigitga qarashli sport sumkasi bo‘lib chiqdi.

Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasidagi zobitning Ozodlikka ma’lum qilishicha, 26 avgust tongida Qo‘qon shahridagi harbiy bo‘linmalardan biri oldida “portlovchi uskuna o‘rnatilgan shubhali sumka” tashlab ketilgani haqida militsiyaga kelgan xabar ortidan huquq-tartibot idoralari mazkur hududni o‘rab olgan.

Militsiya zobitining aytishicha, harbiy bo‘linma joylashgan Qo‘qon shahrining Yangibozor mintaqasiga minalardan tozalash guruh yuborilgan, transport va piyodalar harakati to‘xtatilgan.

Ozodlik suhbatlashgan qo‘qonliklardan biri huquq-tartibot idoralarining bu amali odamlar orasida vahima uyg‘otganini aytdi.

Men ishga ketib turuvdim, Navoiy (Qo‘qon markaziga boruvchi yo‘l) tomonni yopib qo‘yipti. Odam, moshina umuman o‘tkazilmadi. Melisa hammani hayday boshladi. Hamma vahimada. Rasm, videoga olmoqchi edim milisa ko‘rib qoldi, oldirmadi,” dedi u.

Biroq, guvohlarga ko‘ra, “oq skafandrli” minachilar sumka ichidan “portlovchi uskuna”ni topa olishmagan.

Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasidagi manbaning aytishicha, sport sumkasi ichidan sochiq, ko‘ylak, oyoq kiyimi va pul chiqqan.

“Sportivniy sumkaning ichidan 1.5 million so‘m, qozoqlarning 95 tengesi, sochiq, ko‘ylak va oyoq kiyimi chiqdi,” dedi militsiya zobiti.

Uning ilova qilishicha, soat o‘n birda “otseplenie” bekor qilingan, piyodalar va avtomobillar harakatiga izn berilgan.

Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasidagi manbaga ko‘ra, hozirga kelib sport sumkasini harbiy bo‘linma oldida “unutib qoldirgan” shaxs aniqlandi.

Bu shaxs Farg‘ona viloyati Uch ko‘prik tumani Polog‘on qishlog‘ida yashovchi Nodir Jo‘raev bo‘lib chiqdi.

39 yashar Nodir Jo‘raev, Ozodlikning ichki ishlardagi manbasiga ko‘ra, o‘ziga qarashli sport sumkasini harbiy bo‘linma oldida unutib qoldirgan.

Sumka va uning ichidagi kiyim-kechak va pullarning egasiga qaytarilgani yoki qaytarilmagani Ozodlikka ma’lum emas.

XS
SM
MD
LG