Линклар

Qirg‘iziston Moskvadagi yong‘inda halok bo‘lgan ayollar va qizlar uchun motam tutmoqda


Bishkekdagi Urqiya Salieva haykali poyida Moskvadagi yong‘inda halok bo‘lgan qirg‘izistonilkarning ismlari yozilib, gullar olib kelinmoqda.

Bishkekdagi Urqiya Salieva haykali poyida Moskvadagi yong‘inda halok bo‘lgan qirg‘izistonilkarning ismlari yozilib, gullar olib kelinmoqda.

Prezident Farmoni bilan 29 avgust Qirg‘izistonda motam kuni deb e’lon qilindi. Motam 27 avgustda Moskvada yuz bergan yong‘inda 14 nafar qirg‘izistonlik mehnat muhojiri va O‘sh –Bishkek yo‘lidagi avtohalokatda 9 vatandoshning halok bo‘lgani munosabati bilan tutilmoqda.

Prezident Almazbek Atambaev imzolagan Farmonga binoan 29 avgust kuni Qirg‘izistonda barcha ko‘ngilochar tadbirlar bekor qilinadi, mamlakat bo‘ylab va xorijdagi elchixonalarda Qirg‘iziston bayroqlari tushiriladi.

Motam kuni 27 avgustda Moskvada yuz bergan yong‘inda 14 nafar qirg‘izistonlik mehnat muhojiri va O‘sh –Bishkek yo‘lidagi avtohalokatda 9 vatandoshning halok bo‘lgani munosabati bilan e’lon qilindi.

Moskvadagi yong‘inda halok bo‘lgan muhojirlarning barchasi ayollardir va ularning ko‘pchiligi 20 yoshga yetib-yetmagan qizlar bo‘lgan.

Qirg‘iziston hukumati halok bo‘lganlarning jasadlarini uylariga yetkazish uchun Moskvaga maxsus samolyot jo‘natgan. Halok bo‘lganlarning oila a’zolariga dafn marosimlarini o‘tkazish uchun kerakli moddiy ko‘mak ko‘rsatiladi.

Motam kuni Bishkek va boshqa shaharlarda faollar xotira tadbirlarini o‘tkizmoqdalar. Bishkekdagi Urqiya Salieva yodgorligi poyiga Moskvadagi yong‘inda halok bo‘lgan qizlar va ayollarning ismlari yozilib, shaharliklar bu erga gullar olib kelmoqda.

-Bizga bu voqea saboq bo‘lishi kerak. Bu oddiy falokat emas, bu katta milliy fojeadir. Hukumat bu voqedan tegishli xulosalarni chiqarib, xorijda yurgan vatandoshlarimiz huquqlarini himoya qilish, xafvsizligini ta’minlash yo‘nalishida real tadbirlarni ishlab chiqishi kerak, -dedi motam yig‘ilishida ishtirok etgan parlament deputati O‘murbek Tekebaev.

Qirg‘izistonliklar ijtimoiy tarmoqlarda va motam tadbirlarida hukumatdan qirg‘izistonlik qiz-ayollarning hayotiga zomin bo‘lgan yong‘in sabablarini aniqlash, bu yong‘inning oldini olmagan va yong‘in paytida ayollarni qutqarish o‘rniga harakatsizlik qilgan o‘t o‘chiruvchi hamda qutqaruvchilarni javobgarlikka tortishni talab qilayotir.

Faollarning aytishicha, yong‘in paytida Rossiya telekanalarida jonli tarzda namoyish etilgan lavhalarda qutqaruvchilar hamda o‘t o‘chiruvchilar qirg‘izistonlik qizlarni qutqarishga harakat qilmagani va o‘z ishiga loqayd bo‘lganini ko‘rish mumkin.

Bishkekdagi motam tadbirida ishtirok etgan Qirg‘iziston prezidenti ma’muriyati rahbari Farid Niyozov faollarning bu boradagi savollarini javobsiz qoldirdi.

-Bu holatlarni tergov o‘rganib chiqsin. Bizning huquq organlarimiz ham Rossiyadagi hamkasblari bilan hamkorlikda bu voqeani o‘rganadi, deb ishonaman. Hammamiz yong‘in paytida olingan videolarni ko‘rdik, rasmiylarning sharhlari va guvohlarning gaplarini eshitdik. Shuning uchun bu ish bizning nazoratimizda bo‘ladi, -dedi Farid Niyozov.

29 avgustda Moskvadagi yong‘inda qirg‘iz vatandoshlari halok bo‘lgan bir paytda Bishkek-O‘sh yo‘lida ham avtohalokat yuz berdi. Bu avariyada 9 nafar qirg‘izistonlik vafot etdi. Halok bo‘lganlarning uch nafari hali besh yoshga ham to‘lmagan bolalar bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG