Линклар

O‘zbekiston prezidentning kenja qizi Lola Karimova-Tillaevaning ma’lum qilishicha, Islom Karimov o‘tgan hafta oxirida miyaga qon quyilish tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Lola Karimova-Tillaevaning Feysbuk va Instagram sahifalari orqali bildirishicha, Islom Karimov hozir “reanimatsiya bo‘limida tibbiy muolajalar” olmoqda.

Lola Karimova-Tillaeva bu haqda jumladan shunday yozdi:

"Turli xil gap-so‘zlarning oldini olish maqsadida, bizning oilada o‘tgan xaftaning oxirida sodir bo‘lgan qayg‘uli voqea haqida ushbu sahifam orqali sizga ma’lumot bermoqchiman. Shanba kuni adamlar miyaga qon quyilish tashxisi bilan shifoxonaga olib kelindilar. Hozir ular reanimatsiya bo‘limida tibbiy muolajalar olmoqdalar. Hozirgi paytda holatlari shifokorlar tomonidan stabil deb baholanmoqda. Ayni paytda kelgusidagi sog‘liqlari borasida qandaydir taxminlar qilish ancha erta. Men sizlardan turli xil gap-so‘zlardan yiroq bo‘lib, oilamizning shahsiy hayotiga xurmat bilan munosabatda bo‘lishingizni iltimos qilaman. Ushbu damlarda otamni o‘z duolari bilan qo‘llab-quvvatlovchi barcha insonlarga o‘zimning cheksiz minnatdorchiligimni izhor etaman".

Bu prezident Islom Karimovning sog‘ligiga oid yaqinlari tomonidan bildirilgan ilk xabardir.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi yakshanba kuni rasmiy xabar tarqatib, Prezident Karimovning "statsionar davolanishda" ekanini ma’lum qilgandi.

O‘zbekiston hukumati Islom Karimovning qanday xastalik bilan shifoxonaga yotqizilgani haqida ma’lumot bermagandi.

XS
SM
MD
LG