Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:51

Tojikiston O‘zbekiston bilan chegarada xavfsizlik choralari kuchaytirilganini rad etdi


Tojikiston chegara qo‘shinlari bosh boshqarmasi tojik-o‘zbek chegarasida vaziyat barqaror ekanini hamda o‘zbek sarhadlariga qo‘shimcha kuch va texnika tortilmaganini urg‘ulamoqda.

Chegara boshqarmasi matbuot kotibi Muhammad Ulug‘xo‘jaev 30 avgust kuni Ozodlikning tojik xizmati bilan suhbatda tojik-o‘zbek chegarasi mustahkamlanayotganiga oid xabarlar asossizligini ta’kidlab, “chegarani qo‘riqlash avvalgidek tartibda amalga oshirilayotgani”ni qo‘shimcha qilgan.

U Tojikiston mustaqilligining 25 yilligi arafasida barcha sarhadlarda chegara nazorati kuchaytirilganiga oid ma’lumotni ham rad etgan.

- Qo‘shni davlatlar bilan chegarani qo‘riqlash amaldagi kelishuvlarga muvofiq ravishda amalga oshirilayapti, nazorat-o‘tkazish maskanlari joriy tartib-qoidalar asosida ishlayapti. Tojikistonning qo‘shni mamlakatlar bilan chegarasi mamlakat mustaqilligining 25 yilligini nishonlash munosabati bilan yopilmaydi, deb o‘ylayman, - dedi Muhammad Ulug‘xo‘jaev.

Tojikiston Chegara boshqarmasi vakili qo‘shni davlatlar o‘zlarining mustaqillik kunlarini nishonlash arafasida chegarani bir tomonlama yopishi mumkinligini istisno qilmagan, ayni paytda bu borada boshqarmaga qo‘shnilardan hech qanaqa hujjat kelmaganini bildirgan.

29 avgust kuni Rossiyaning ayrim nashrlari Tojikiston hukumatidagi o‘z manbalari so‘zlariga tayangan holda O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov sog‘lig‘i to‘g‘risida bir-biriga zid ma’lumotlar kelayotgani va qo‘shni davlatda vaziyat beqarorlashishi ehtimoli tufayli tojik-o‘zbek chegarasida xavfsizlik choralari kuchaytirilishi haqida xabar tarqatgandi.

XS
SM
MD
LG