Линклар

O‘zbekiston viloyatlaridan Toshkentga yo‘l olgan avtomobillar yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari tomonidan postlarda to‘xtatilib, ortga qaytarilyapti. Ozodlik suhbatlashgan yo‘l harakati xavfsizligi mulozimlariga ko‘ra, har yili mustaqillik bayrami oldidan o‘tkaziladigan bu tadbir, so‘nggi ikki kunda ancha kuchaytirilgan.

O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovning kasalxonaga yotqizilgani haqidagi rasmiy xabardan so‘ng, viloyatlardan poytaxtga olib boradigan yo‘llardagi postlarda nazorat va avtomobillar cheklovi kuchaytirildi.

Ismi sir qolishini so‘ragan tadbirkorlardan birining aytishicha, ular Namangan postidan chiqish uchun tanish-bilishlarni ishga solishga majbur bo‘lgan:

“Biz Qo‘qondan Samarqandga o‘zimiz ishlab chiqqan tovarni olib ketayotgandik. Namangandagi Qamchiq postidan bizni o‘tkazmay, ortga qaytardi. Qayoqqa ketayotganligimiz yozilgan yo‘lxatni ko‘rsatsak ham o‘tkazmadi. Sababini so‘rasak, aytmaydi. Ortga qaytib, postdagilarni taniydigan tanishni topdik. U o‘rtaga tushgandan so‘ng, pul berib yarim kechasi soat o‘n ikkilarda o‘tib ketdik. Biz o‘qishga ketayotgan studentlarni ham o‘tkazmayotganiga guvoh bo‘ldik”, dedi tadbirkor.

Namangan viloyati ichki ishlar boshqarmasida ishlaydigan Ozodlik manbasi 25 avgustdan joriy yilingan bu tadbir, so‘nggi ikki kunda ancha kuchaytirilganini tan oldi:

“Har yili mustaqillik bayramidan oldin shunday cheklovlar joriy qilinadi. Agar toshkentlik bo‘lsa, zarur kasali bo‘lsa, shular va studentlar o‘tkazilyapti. Qolgan birorta moshin o‘tkazilmayapti. Ayniqsa, prezident kasal degan xabar kelganidan so‘ng, cheklovlar yanada kuchaytirildi”, dedi ichki ishlarda ishlaydigan Ozodlik manbasi.

Xorazm viloyatining ichki ishlar boshqarmasining ismi sir qolishini so‘ragan mulozimi ham Toshkentga yo‘l olgan birorta mashina ham viloyatdan chiqarilmayotganini aytdi:

“Mustaqillik bayrami munosabati bilan 21 avgustdan boshlab Toshkentga avtobus qatnovi to‘xtatildi. 25 avgustdan yengil moshinalarni o‘tkazmayapmiz. Taksi ham, ularning yo‘lovchilari ham ortga qaytarilyapti. Ayrim taksilar Buxoroga boryapmiz yoki Qarshiga boryapmiz, deb aldamoqchi bo‘lishyapti. Ularning ham birortasi o‘tkazilmayapti”, dedi mulozim.

Ichki ishlar boshqarmasi mulozimi, prezident kasal bo‘lganidan so‘ng cheklovni kuchaytirish haqida Toshkentdan qo‘shimcha topshiriq kelganini qo‘shimcha qildi.

O‘zbekistonda umumxalq bayramlaridan oldin avtomobillar va viloyatlarda yashaydigan vatandoshlarning Toshkent shahriga kirishiga cheklanish har yili kuzatiladi.

Ammo, Ozodlik manbalariga ko‘ra, ayniqsa, so‘nggi ikki kunda bu tadbir judayam kuchaytirilgan.

XS
SM
MD
LG