Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:32

Karimov “Lazgi”ga o‘ynab kelgan rasmiy bayram qoldirildi


31 avgust kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan O‘zbekiston mustaqilligining 25 yilligiga bag‘ishlangan rasmiy tantanalar Karimovsiz o‘tkazilmaydigan bo‘ldi. Ozodlik suhbatlashgan Toshkent rasmiylari¸ shuningdek xorij diplomatlari¸ hozircha hech kimga rasmiy bildirishnoma yuborilmaganiga qaramay¸ bu tadbirning bekor qilinganini bildirdilar.

O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligining Ozodlik bog‘langan rasmiysi¸ har yili hukumat va xorij diplomatik vakolatxonalari namoyandalari uchun 31 avgust kuni o‘tkazib kelinayotgan rasmiy tantanalarning bekor qilinishi haqida vazirlikning xabari yo‘qligini bildirdi.

“Bu tadbirni o‘tkazish uchun maxsus tuzilgan tashkiliy-ijodiy guruh bor. Uning raisi Bosh vazir Shavkat Mirziyoev. Ular qanday qarorga kelishganidan hozircha xabarimiz yo‘qku¸ ammo 31 avgust kungi rasmiy bayram bekor qilinsa kerak. Bilishimcha¸1 sentyabr kungi xalq sayillari bo‘ladi”¸ dedi Madaniyat vazirligi rasmiysi.

Ozodlik bilan suhbatda bayram tadbiri uchun mas’ul idoralardan yana biri -“O‘zbeknavo” estrada boshqarmasi vakili¸ Mustaqillikning 25 yilligiga bag‘ishlangan bu yilgi rasmiy tantanalarga har yilgidan ko‘ra kattaroq va jiddiyroq tayyorgarlik ko‘rilgani va san’atkorlarning bu tadbirga shayligini bildirdi.

“Ammo bu konsert dasturi bo‘ladimi-bo‘lmaydimi¸ bunisi hozircha aytishmadi”¸ dedi mamlakatdagi shou-tadbirlarning asosiy tashkilotchisi hisoblangan “O‘zbeknavo” rasmiysi.

Ozodlik har yilgi Mustaqillik va Navro‘z bayram tadbirlarining rasmiy dasturida qatnashib kelayotgan ayrim taniqli san’atkorlarning o‘zlari bilan ham bog‘landi.

Shaxslari ochiqlanmasligini so‘ragan bu san’atkorlar¸ hozircha hech kim o‘zlariga 31 avgust kungi tadbir qoldirilgani haqida aniq ma’lumot bermaganini aytdilar.

“Biz yoz bo‘yi repetitsiyalarda qatnashib keldik. Konsertga tayormiz. Bo‘ladi¸ deyishsa boramiz. Lekin hozircha “bo‘lmaydi” deb ham aytishmadi. Bu yerda vaziyat g‘alati¸ nima bo‘layotganini hech kim aniq bilmaydi”¸ dedi Ozodlik bog‘langan san’atkorlardan biri.

Mavzuni o‘rganish jaraënida Ozodlik Toshkentdagi qator xorij elchixonalari bilan ham bog‘landi.

Yevropa elchixonalaridan biri diplomatining bildirishicha¸ elchixonaga 31 avgust kungi rasmiy bayram tadbiriga taklifnoma ancha oldin – prezident Islom Karimov 28 avgust kuni insultga chalinib¸ reanimatsiyaga yotqizilguncha yuborilgan. 30 avgust kuni bu manba¸ Toshkent rasmiylari o‘zlariga 31 avgust kungi rasmiy tantanalarning 1 sentyabrga qoldirilganini bildirishganini aytdi.

“Bizga bayram bekor qilindi¸ deb ochiq aytishmadi – u 1 sentyabrga ko‘chirildi¸ deyishdi. Shundan tushundikki¸ bu yil rasmiy tadbir bo‘lmaydi¸ faqat xalq sayli bo‘lsa kerak”¸ dedi Ozodlik suhbatlashgan yevropalik diplomatlardan biri.

Ozodlik bilan suhbatda ayrim qo‘shni davlat diplomatlari ham har yili prezident mezbonlik qiladigan mustaqillik bayram tadbirining bo‘lmasligini aytishdi.

“Taklifnoma ancha oldin kelgan. Lekin har yili 31 avgust oldidan bizga telefon qilib¸ bayramga kelish esdan chiqmasin¸ degan ma’noda ogohlantirib qo‘yishardi. Bu yil bizga hech kim ertaga bayram¸ esdan chiqmasin¸ demadi. Ayni paytda¸ kelmanglar¸ bayram bo‘lmaydi¸ ham deyishmadi. Lekin vaziyatdan kelib chiqib¸ bu bayram qoldirildi¸ deb o‘tiribmiz¸ dedi Ozodlik suhbatlashgan yana bir diplomat.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ viloyat hokimlari mezbonlik qiladigan mustaqillikka bag‘ishlangan rasmiy tadbirlar viloyatlarda rejada belgilanganidek 29 avgust kuni bo‘lib o‘tgan.

“Xorazmda hammasi yaxshi o‘tdi. “Ola kishtak rotalla”ga o‘ynadik. Hokimning o‘zi o‘tkazdi¸” dedi Ozodlikning Xorazm voloyat hokimligiga yaqin manbasi.

Janubiy viloyatlar hokimliklari rasmiylari ham Ozodlikka 29 avgust kungi rasmiy tadbirlar rejaga muvofiq o‘tgani¸ endilikda xalq sayillarining ham rejadagidek o‘tkazilishi kutilayotganini bildirdi.

31 avgust kungi rasmiy tantanalarning bo‘lish-bo‘lmasligi haqida xabar bermaëtgan mahalliy nashrlar¸ ayni paytda Mustaqillikning 25 yilligiga bag‘ishlangan xalq sayillari va konsertlarning 1 sentyabr kuni Toshkentning 12 hududida o‘tkazilishini ma’lum qildi.

2016 yilning 2 iyun kuni prezident Islom Karimov “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma besh yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmonga imzo chekkan edi.

Ijrosi Bosh vazir Shavkat Mirziyoevga topshirilgan ushbu farmonda Karimov Mustaqillik bayramida “Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish haqida buyruq bergan edi.

Bu tadbirlar kulminatsiyasining har yilgidek 31 avgust kuni Toshkentdagi Alisher Navoiy nomidagi milliy bog‘ida o‘tkazilishi rejalangan davlat tadbiri bo‘lishi kutilayotgan edi. Bu bayram har yili bir xil stsenariy asosida prezident Islom Karimovning tabrik nutqi bilan boshlanib¸ uning Xorazm “Lazgi”siga raqsi bilan yakunlanar edi.

Каримов мустақиллик байрамида яна рақсга тушди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:43 0:00

(Islom Karimovning 2015 yil 31 avgust kungi Mustaqillik rasmiy tadbirida tushgan raqsi)

Rasmiy bayram tantanalariga to‘rt kun qolganda Vazirlar Mahkamasi rasmiy bayonot tarqatib, prezident Karimovning "statsionar davolanishda" ekanini ma’lum qildi.

29 avgust kuni prezidentning kenja qizi Lola Karimova-Tillaeva otasining miyaga qon quyulish tashxisi bilan reanimatsiyada yotganini bildirdi va bu ikkala xabar jamoatchilikka Islom Karimovning bu yilgi mustaqillik tadbirida qatnasha olmasligini oshkor qildi.

XS
SM
MD
LG