Линклар

O‘tgan haftada prezident Vladimir Putin bilan Moskvada uchrashgan Slovakiya bosh vaziri Robert Fiko yana bir bor Yevropa Ittifoqini Rossiyaga qarshi sanksiyalarni bekor qilishga chaqirdi.

Yevropa Ittifoqining har yili almashuvchi prezidentligi bu yil Slovakiyadadir. Keyingi haftada mamlakatda ittifoqning tashqi ishlar vazirlari yig‘ini bo‘lib o‘tadi. Fiko Rossiyaga qarshi sanksiyalar bekor qilinishiga chaqirib kelayotgan bir necha Yevropa Ittifoqi yetakchisining biridir.

Moskva 2014 yilning martida Ukrainaning Qrim yarimorolini anneksiya qilib olishi ortidan Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi energetika, moliya hamda mudofaa sohalarida sanksiyalarni joriy qilgan. Bir necha marta uzaytirilgan sanksiyalarning keyingi yilning yanvar oyi oxirida tugashi kutilmoqda.

26 avgust Fiko o‘z Facebook sahifasida “Men shaxsan sanksiyalarni aql-idrokka asoslanib ko‘rib chiqish vaqti keldi va ular ham Yevropa Ittifoqi, ham Rossiyaga ziyon keltiradi, deb o‘ylayman. Biz Vladimir Putin bilan umumiy maqsadimiz o‘zaro savdoni tiklashdan iborat, deb kelishib oldik”, deya yozdi.

Slovakiya deyarli barcha neft va gazini Rossiyadan import qiladi. Qolaversa, mamlakat ikki yadroviy elektrostansiyasi uchun Rossiyadan yadroviy yoqilg‘i oladi. O‘z navbatida mamlakat Rossiyaga avtomobil eksport qiladi.

Mojariston yetakchiligi ham Fiko qarashlarini qo‘llaydi. Bundan tashqari, Chexiya prezidenti Milos Zeman ham Moskvaga qarshi joriy qilingan sanksiyalarni bekor qilishga chaqirib keladi.

XS
SM
MD
LG