Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 13:29

Prezident Atambaev mustaqillik kunida yangi siyosiy janjalni boshladi


Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambaev 31 avgust kuni ertalab harbiy parad oldidan nutq so‘zlayotgan paytda mamlakatning sobiq prezidenti Roza O‘tunbaeva Bishkek bosh maydonini namoyishkorona tarzda tark etdi. Kuzatuvchilar va 2010 yildan 2011 yilgacha mamlakatni boshqargan Muvaqqat hukumat a’zolari “Atambaev o‘z nutqi bilan Qirg‘izistonni xalqaro darajada sharmanda qilib, yangi siyosiy janjalni boshladi”, deb hisoblamoqdalar.

Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambaev 31 avgust kuni Bishkek markaziy maydonida so‘zlagan nutqida o‘zi a’zo bo‘lib turgan 2010-2011 yildagi Muvaqqat hukumatni keskin tanqid qildi.

Atambaev nutqi davomida 2010 yil 7 aprel inqilobidan so‘ng Konstitutsiyani o‘zgartirilishiga qarshi chiqqanini eslatdi, shuningdek. u ayni paytda Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish harakatini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.

-Konstitutsiya o‘zgartirilsa meni hokimiyatni uzurpatsiyalaydi, deb qo‘rqishayapti. O‘tunbaeva, Tekebaev, Beknazarov, Duyshebaev, Sherniyozov rahbarligidagi Muvaqqat hukumatning bu boradagi murojaati menga nisbatan qilingan tuxmatlardan biri. Ular 2010 yilda o‘tgan referendumda xalq parlament boshqaruvi tizmini ishonch bilan qabul qilib oldi, deb yozishayapti. Bu yolg‘on. Negaki, 2010 yilda parlament boshqaruvi joriy etilgan emas. Amaldagi Konstitutsiya bizni avtoritar rejimga etaklovchi prezidentlik-parlament boshqaruviga sabab bo‘ldi. Shuning uchun bu Konstitutsiyani o‘zgartirish kerak, -dedi Almazbek Atambaev.

Prezident shu so‘zlarni aytganidan so‘ng Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Roza O‘tunbaeva Bishkek markaziy maydonini namoyishkorona tark etdi.

Muvaqqat hukumat a’zosi, parlament deputati O‘murbek Tekebaev prezidentning so‘zlariga munosabat bildirar ekan “Atambaev Qirg‘izistonni sharmanda qildi”, deb bayonot berdi.

-Atambaev bugun xalqning boshini birlashtiradigan so‘zlarni aytishi kerak edi. Biroq Atambaevning bugungi gapi Qirg‘izstonni sharmanda qildi. Agar davlat rahbarining darajasi mana shunday bo‘ladigan bo‘lsa, u holda bunday rahbarga ega bo‘lgan davlatning kelajagi mavhum bo‘lib qolaveradi, - dedi O‘murbek Tekebaev.

Unga ko‘ra, Atambaevning Konstitutsiyani o‘zgartirishga harakat qilishini aksilinqilobiy urinish sifatida baholash lozim.

Muvaqqat hukumat a’zsi Emilbek Kaptagaev prezidentning nutqini tanqid qilar ekan, Atambaev yangi siyosiy janjalni boshlab berdi, deb hisoblaydi:

-Prezidentning nutqi katta siyosiy janjalni boshlab berdi. Bu juda noto‘g‘ri nutq bo‘ldi. U o‘zining shaxsiy fikrni bildirdi. Bu fikr yuzasidan muvaqqat hukumat a’zolari yig‘ilish o‘tkazib, o‘z munosabatini bildiradi, -dedi Emilbek Kaptagaev.

Qirg‘izistonning amaldagi Konstitutsiyasi 2010 yilda umumxalq referendumida qabul qilingan edi. Konstitutsiyada 2020 yilning 1 sentyabrigacha uni hukumat yoki parlament o‘zgarntira olmasligi, faqat xalq tashabbusi bilangina ayrim moddalarga o‘zgartirish kiritish mumkinligi ta’kidlangan.

Biroq joriy yilda parlamentdagi prezident Almazbek Atambaevga moyil bo‘lgan hukmron partiyalar Konstitutsiyani o‘zgartirish tashabbusi bilan chiqqan. Taklif qilinayotgan o‘zgartishlarda Bosh vazir vakolatlarni kuchaytirish nazarda tutiladi.

Konstitutsiyaga bunday o‘zgartishlar kiritilishga fuqarolik jamiyati keskin qarshi chiqmoqda. Ayni paytda 2010 yildagi 7 aprel inqilobidan so‘ng bir yil davomida mamlakatni boshqargan Muvaqqat hukumat a’zolari ham Konstitutsiyaga o‘zgartishlar kiritilishga qarshi chiqqan. Ularga ko‘ra, Konstitutsiya o‘zgartirilsa, 2017 yildan so‘ng ham Atambaevning hokimiyatda qolishiga, hokimiyat uzurpatsiyalanishiga zamin yaratiladi.

Biroq Almazbek Atambaev prezidentlik vakolati yakunlanadigan 2017 yildan so‘ng prezidentlikka ham, bosh vazirlikka ham da’vogar bo‘lmasligini aytib keladi.

XS
SM
MD
LG