Линклар

Ukrainalik advokat O‘zbekiston prokuraturasi ustidan Ozodlikka arzlandi


40 yoshli Zuhriddin Mamashev ukrainalik rafiqasi bilan.

40 yoshli Zuhriddin Mamashev ukrainalik rafiqasi bilan.

Ukrainadagi “Pravozashitnik” markazi rahbari Maksim Kornienkoning aytishicha, shu yilning 22 martida ota-onasini, yaqinlarini ko‘rib kelish uchun Ukrainadan Toshkentga kelgan andijonlik Zuhriddin Mamashev separatizm, terrorchilik, O‘zbekistonda konstitutsiyaviy tuzumni o‘zgartirish va mamlakatdan noqonuniy tarzda chiqib ketishda ayblanib militsiya tomonidan qo‘lga olingan.

Andijon viloyatining Qorasuv shahridan bo‘lgan Zuhriddin Mamashev 22 mart kuni Ukrainadan O‘zbekistonga qaytib keladi va Toshkent aeroportida qo‘lga olinadi.

U separatizm, terrorchilik, O‘zbekistonda konstitutsion tuzumni o‘zgartirish va mamlakatdan noqonuniy tarzda chiqib ketishda gumonlanib qo‘lga olinadi. Qo‘lga olinganidan keyin 20 kun mobaynida Qo‘rg‘ontepa militsiya bo‘limi erto‘lasida saqlanadi.

Bir oydan so‘ng Zuhriddin Mamashevni himoya qilish uchun Ukrainadan kelganadvokat Maksim Kornienkoning aytishicha, militsiya bo‘limida u noinsoniy sharoitda va qiynoq ostida bo‘lgan. Avdokatga ko‘ra, uning aybdorligiga dalillar bo‘lmagan va shu kungacha yo‘q.

Hozir Zuhriddin Mamashev Andijon shahar tegov izolyatorida saqlanmoqda.

Advokat Mamashevning qiynoqqa solingani yuzasidan Andijon viloyat prokurori, Andijon IIB rahbariga murojat qiladi. Lekin ular jinoiy ish hozir sudda ekani va bu masala sudda hal etilishi kerakligini aytishdi.

Maksim Kornienkoning bildirishicha, u o‘z himoyasidagi odamga qiynoq qo‘llanilgani to‘g‘risida rasmiy ariza bilan Bosh prokuror, Ombudsmen, mamlakat prezidenti, hukumati, adliya vaziri, siyosiy partiyalarga murojat qilgan. Lekin bundan ham biror naf bo‘lmagan.

Zuhriddin Mamashev himoyasiga Qorasuv shahri yashovchilari nomidan yuzdan ortiq imzo va Ukrainadan murojaatlar kelgan.

“Bu yerda bir narsaga e’tibor qaratish kerak. Unga ayblovni 1998 yili qo‘yishgan ekan. U esa 2004 yilda (Ukrainaga-tahr.) uchib ketgan. Savol tug‘iladi: Nega unda uni 1998 yildan 2004 yilgacha qo‘lga olishmagan, unga hech qanday ayblov qo‘yilmagan. Agar u jinoyatchi, separatist, terrorchi bo‘lsa nimaga qo‘lga olishmagan? Bu IIV va prokuraturaxodimlariningjinoiy beparvoligi yoki u xavfli emas. Aslida, jinoiy ishni 2004 yilda faqat “Mamlakatdan noqonuniy tarzda chiqib ketish” moddasi bilangina ochishgan va keyin unga dalillarsiz boshqa moddalarni qo‘shib qo‘yishgan”, - deydi Maksim Kornienko.

Kornienkoning aytishicha, u Zuhriddin Mamashevni himoya qilish uchun ikki yarim oy mobaynida O‘zbekistonga borib-kelib yurdi. Qorasuvda Zuhriddin yaqinlari uyiga vaqtinchalik ro‘yxatga qo‘yishni imkoni bo‘lmagani uchun u Farg‘onadagi mehmonxonaldardan birida yashagan. Bir haftadan keyin advokat Toshkentga boradi va jinoiy ish qayta tergovga yuborilganini biladi.

Kornienkoga ko‘ra, shundan so‘ng O‘zbekiston kuch tizimlari xodimlari uni mehmonxonadan o‘g‘irlab ketgan:

“Meni militsiyaga olib kelib tahdid qilishni boshlashdi. Ukraina konsulini, advokatni chaqirishmadi. “Qo‘lga olindimmi?” degan savolimga “Ha, sen qo‘lga olinding”, deb javob berishdi. “Qo‘lga olinishimga asos ko‘rsating” desam, hech qanday asos ham ko‘rsata olishmadi. Bu yerda “o‘g‘irlik” moddasi bo‘yicha vaziyat bo‘ldi. Men qo‘lga olinganim to‘g‘risida AQSh elchixonasiga xabar berishga ulgurdim. Meni qiynoqlar bilan qo‘rqitishdi. Mamlakatdan uchib ketishimni, buning uchun pasportimni qaytarib berishlari kerakligini aytdim. Ular pasportni berishmadi. Shundan so‘ng ikki militsiya xodimi bilan mehmonxonaga narsalarimni olishga bordik. U yerga AQSh elchixonasi xodimlari, O‘zbekistondagi Yevroittifoq vakillari, va Ukraina konsuli keldi”, deydi Maksim Kornienko.

Shundan keyin u O‘zbekistondan chiqib ketgan. Advokat hozirda jinoiy ishnining borishini O‘shdan turib kuzatishga majbur bo‘lmoqda. Unga ko‘ra, hozir Zuhriddin Mamashevni o‘zbekistonlik advokat himoya qilayapti.

Mamashevning qaynonasi, bo‘lib o‘tayotgan mahkamalarda ishtirok etayotgan Lyudmila Sergienkoning aytishicha, Mamashovning ishi yuzasidan so‘nggi mahkama 25 avgust kuni bo‘lishi kerak edi, biroq noma’lum sabablarga ko‘ra, jarayon 10 sentyabrga qoldirilgan.

Lyudmila Sergienko Mamashov Ukrainada quruvchi bo‘lib ishlaganini aytdi. Hozir uning Ukraina fuqarosi bo‘lgan turmush o‘rtog‘i homilador va ko‘zi yorishi kerak.

“Ayni paytlarda qizim o‘g‘lini dunyoga keltirishi kerak. Farzand ularning uzoq kutgan birinchi bolasi bo‘ladi. U ayoli tuqqunicha borib yaqinlarini ko‘rib kelmoqchi edi. Hozir oilamizning boshiga katta mushkullik tushgan. Qizim ikki farzandni o‘zi yolg‘iz boqa olmaydi. Men kuyovimning ozod qilinishi va Ukrainaga qaytishigaumid qilaman”,- deydi Lyudmila Sergienko.

XS
SM
MD
LG