Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 20:01

Moskvada huquq faolini O‘zbekistonga o‘g‘irlab ketishga urinish bo‘ldi


Rahmiddin Kamolov
Rahmiddin Kamolov

Rossiya poytaxti Moskvada buxorolik 27 yoshli muhojir Rahmiddin Kamolovni o‘g‘irlashga urinish bo‘lgani aytilmoqda. O‘zbekistonlik qochqinning himoyachilari iddaosicha, O‘zbekiston maxfiy xizmat xodimlari xalqaro qidiruvga ekani aniqlangan Kamolovni Rossiyadan aeroport orqali noqonuniy olib chiqishga uringan. Moskvada o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari himoyasi bilan shug‘ullanib kelgan Rahmiddin Kamolov bundan 1,5 yil oldin unga nisbatan jinoiy ish soxtalashi mumkinligi borasida Ozodlikka videointervyu bergan edi.

O‘zbekistonda prezident sog‘ligiga oid turli mish-mishlar va tafsilotlarni butun olam qiziqish bilan kuzatib borayotgan bir paytda Moskvada o‘zbek maxfiy xizmatlari o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.

30 avgust kuni o‘zbekistonlik huquq faoli Rahmiddin Kamolovning Feysbuk sahifasida paydo bo‘lgan xabarida aytilishicha, 2 kun oldin Moskvaning Presnya sud zalidan uni o‘g‘irlashga urinish bo‘lgan. Muhojir mahalliy politsiya uni kishanlangan holda O‘zbekistondan maxsus kelgan maxfiy xizmat xodimlariga topshirganini ma’lum qildi.

27 yoshli asli buxorolik Rahmidinning advokati Timofey Shirokov kuni kecha mahbus bilan izolyatorda uchrashib, hodisa tafsilotlarini o‘rganganini aytib berdi.

- Juma, 26 avgust kuni uni hibs etishdi. Dushanba kuni u migratsiya qonunchiligi masalasida sudga olib borildi. Sud unga 5 ming rubl jarima yozib berdi va ozod qildi. Biroq, kishanlari yechilmasdan Kamolov o‘zbek maxsus xizmatlari tomonidan olib ketildi. Ya’ni, qonun yo‘li bilan erisha olmagan narsaga ular noqonuniy olib ketishni ishga solmoqchi bo‘ldi. O‘zbeklar uni koridordayoq qo‘lini qayrib, kishan solib mashinada olib ketishdi. Unga O‘zbekistonga “o‘z xohishi bilan” chiqib ketish tavsiya qilinadi, biroz kaltaklashadi, qo‘rqitishadi. Uni mashinada u yoqdan bu yoqqa aylantirishadi rosa – Rahmiddin qat’iy ko‘nmaydi. Domodedovo aeroportida unga bosim davom etadi, ammo natija chiqmagach, xodimlar yigitni Kapotnya politsiya bo‘limida qoldirib ketishdi, dedi Timofey Shirokov.

Himoyachi Moskva prokuraturasi o‘zbekistonlik xodimlardan Kamolov ekstraditsiyasiga oid zaruriy hujjatlarni talab qildi, biroq ularni ololmasdan uni qo‘yib yuborishga majbur bo‘ldi, deydi.

Seshanba kuni maxfiy xizmat ishchilari O‘zbekistondan yuborilgan hujjatlarni prokuraturaga taqdim etdi.

Lyublino tuman sudi Kamolovni ekstraditsiya tekshiruvi yakuniga qadar qamoqqa olish to‘g‘risida hukm chiqardi. Timofey Shirokov Rahmiddin Kamolovning hibsga olinishini yuzaga kelgan vaziyatda eng maqul holat ekanini bildirdi:

- U o‘zining o‘g‘irlanishiga oid barcha tafsilotlarni so‘zlab berdi. Men unga yaqin kelajakdagi kutilayotgan holatni ham tasvirlab berdim. Uning kamida yarim yil tergov izolyatorida qolishi va ekstraditsiya tekshiruvi ostida bo‘lishini aytdim. Kayfiyati yaxshi, ko‘tarinki ruhda bu xabarlarni qabul qildi. Sud Rahmiddin Rossiya vatandoshligiga ega xotini va chaqaloq farzandi borligini ham inobatga olmasa kerak, deya yakunladi advokat Timofey Shirokov.

Ozodlik Moskvaning Kapotnya prokuraturasi o‘zbekistonlik Rahmiddin Kamolov ishini darhaqiqat ko‘rib chiqayotgani va O‘zbekistondan kelgan hujjatlar asosida uni hibsda qoldirish masalasi yuzasidan sudga murojaat qilgani tasdig‘ini oldi.

R.Kamolov Moskvada pichoqlab ketilganidan keyin, 24.03.2014.
R.Kamolov Moskvada pichoqlab ketilganidan keyin, 24.03.2014.

Himoyachilar Rossiyada qochqinlikda yurgan Rahmiddin Kamolovga nisbatan O‘zbekistonda qator moddalar asosida jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Gap shundaki, bundan 1,5 yilcha oldin Kamolov Ozodlikka bergan videointervyusida o‘ziga nisbatan jinoiy ish soxtalashtirilishi mumkinligidan ogog‘lantirgan edi.

U so‘nggi paytlarda O‘zbekistonda nohaq ta’qib etilayotganidan arz qilib, hech qanday diniy tashkilotlarga a’zo emasligi, uning bosim ostida qolgan tanishlariyu qo‘shnilari ham hech qanday ekstremistik harakatlarga qo‘shilmaganini aytgandi.

O‘zi ham qochqinlikda huquq faoliga aylangan Rahmiddin Kamolov oxirgi oylarda markaziy osiyolik mehnat muhojirlariga nisbatan ayniqsa politsiya va FMS tomonidan qilinayotgan nohaqliklar yuzasidan himoyachi vazifasini bajarib kelayotgan edi.

Moskvadagi “Yordam” tashkiloti rahbari Bahrom Hamroevning Ozodlikka bildirishicha, hibsga olinishidan oldin muhojir yigitning orqasidan uzoq kuzatuv bo‘lgan.

- Uni kuzatishgan. Moskva politsiyasi hujjat tekshirish bahonasida uni olib kirishgan politsiyaga, barmoq izlarini tekshirib ko‘rganidan keyin Kamolov Rahmiddin, kompyuterda ko‘rsatilishicha, 244 modda bo‘yicha ayblangan ekan. Uni hozir “Hizb ut-Tahrir”ga aybdor qilib ayblashayapti. Lekin 244 modda asosida Rossiyadan olib chiqish mumkin emasligi tufayli, unga bir necha kun ichida boshqa “maishiy” moddalarni yopishtirishgan. O‘zbekiston elchixonasi uni olib ketishga “qaytish sertifikati”ni yozib bergan. Hozir biz Kamolovning sud zaliga olib kelinishini kutib o‘tiribmiz, dedi sud zalidan gapirgan huquq faoli Bahrom Hamroev.

Bundan oldinroq Ozodlik bir guruh buxorolik yoshlar O‘zbekiston maxfiy xizmatlari tomonidan soxta ayblovlar bilan javobgarlikka tortilgani haqida efirga lavha uzatgan edi.

O‘zbekistonda ular ayblanib qamalgan ish bo‘yicha Rahmiddin Kamolov yagona ozodlikda yurgan figurant bo‘lib qolmoqda.

Kamolov bundan uch yil oldin Moskvada mahalliy millatchilar tomonidan pichoqlab ketilganini ham Ozodlik yoritgan. Xoroshevskiy tuman sudi o‘zbek muhojirini ikki joyidan pichoqlab ketgan millatchi Andrey Baydakovga ikki yillik shartli jazo tayinlagan edi.

Ozodlik so‘nggi bir necha yil davomida Rossiyadan noqonuniy va qonuniy yo‘llar bilan olib chiqib ketilgan bir qancha o‘zbek muhojiri ishi borasida xabar bergan.

XS
SM
MD
LG