Линклар

Karimovsiz o‘tgan Mustaqillik bayrami: oddiy xalq nima deydi?


Viloyatlarda Mustaqillik bayram qilinganiga qaramay¸ xalqni Karimov hokimiyatga qaytmasa¸ uning o‘rniga kim keladiyu¸ vaziyat qay tomonga buriladi¸ degan savol tashvishga solmoqda.

Viloyatlarda Mustaqillik bayram qilinganiga qaramay¸ xalqni Karimov hokimiyatga qaytmasa¸ uning o‘rniga kim keladiyu¸ vaziyat qay tomonga buriladi¸ degan savol tashvishga solmoqda.

O‘zbekiston o‘z davlat mustaqilligini e’lon qilganidan beri o‘tgan 25 yil ichida birinchi marta bu bayram prezident Islom Karimovsiz nishonlandi. Sirtdan kundalik hayot eski maromda davom etaëtgandek ko‘rinsa-da¸ Ozodlik suhbatlashgan oddiy o‘zbekistonliklarga ko‘ra¸ xalq Karimovning 31 avgust kuni ko‘rinmaganini uning siyosiy maydondan ketgani ramzi sifatida talqin etmoqda va uning vorisi kim bo‘ladi¸ degan jumboq ustida bosh qotirmoqda.

Ozodlikning oddiy o‘zbekistonliklar fikr-mulohazalari uchun ajratilgan maxsus minbari – Ozod Mikrofonning 31 avgust kungi suhbatdoshlari Islom Karimov biografiyasida alohida o‘rin tutuvchi uch shaharda yashaydi.

Samarqand qaysi xabarga ishonishni bilmay qolgan

Karimov tug‘ilib o‘sgan Samarqand shahrida yashovchi pensioner G‘ayrat ota¸ samarqandliklar orasida shu kunlarda prezident salomatligiga oid mish-mishlar ko‘paygani¸ ammo o‘zi bu gaplarga ishonmasdan¸ hukumatdan aniq bayonot berilishini kutayotganini aytadi:

- Rossiya televideniesi ikki kun oldin Karimovni o‘ldiga chiqardiyu¸ ertasiga uning xato ekanini aytdi. Kampirim Karimov o‘ldi¸ degan gapni eshitib¸ yig‘lab o‘tiribdi. Har qalay¸ 25 yil davomida shu odam tinchlikni saqlab keldi. Lekin man bu gaplarga ishonmayman. Hukumat televizordan chiqib aniq aytmaguncha¸ gazetada o‘qimagunimcha¸ bu gaplarni mish-mish deb bilaman. Hukumat qachon xalqqa aniq bir gap aytadi¸ faqat shuni bilib bo‘lmayapti¸ deydi keksa samarqandlik G‘ayrat ota.

Qashqadaryoda kayfiyat “loyqa”

Islom Karimovning davlat boshqaruvining sovet O‘zbekistonidagi eng yuqori cho‘qqisi – O‘zKompartiya 1-kotibligiga kelishida Qashqadaryo¸ aniqrog‘i¸ Islom Karimovning Qashqadaryo obkomiga rahbarlik qilgan yillari muhim o‘rin tutadi. Har gal qashqadaryoliklar bilan uchrashuvda Islom Karimov o‘zining bu janubiy viloyatga alohida mehri borligini aytib o‘tishni kanda qilmas edi.

Ozod Mikrofonga o‘z fikrlarini ifoda etgan bu viloyatda yashovchilardan biriga ko‘ra¸ 31 avgust kuni Qarshi va viloyat tumanlarida Mustaqillik tadbirlari o‘tkazilgan. Ammo xalqning kayfiyatida g‘alati bir “loyqalik” his qilayapman¸ deydi qashqadarëlik suhbatdosh:

- Mutniy degan so‘z borku¸ kayfiyat shunaqa. Bundoq qarasangiz¸ hayot eski maromda davom etayapti¸ hamma ishiga borib¸ bozor-o‘charini qilib yuribdi. Lekin Karimov kasal¸ degan rasmiy xabar berilganidan beri¸ g‘alati bir kayfiyat bor. Insultga uchragan shofyor boshqa haydovchilik qilolmaydi¸ endi insultdan keyin Karimovni davlatni boshqarishga qaytolmasa kerak. Lekin¸ Olloh shifo bersa¸ insultdan keyin ham 20 yillab yashaganlar bor¸ deydi qashqadaryolik suhbatdosh.

Toshkentda “Karimov Mustaqilikka chiqmadimi¸ demak ketdi” degan gap

Ozod Mikrofonning toshkentlik suhbatdoshi Ibrohim aka¸ joriy hukumat sirtdan vaziyatni hech nima bo‘lmagandek saqlashga urinayotganiga qaramay¸ poytaxtliklarni ko‘proq Karimovning vorisi kim bo‘ladi¸ degan savol o‘ylantirayotganini aytadi:

- Mustaqillikka chiqib bir o‘ynab bersa¸ loaqal¸ o‘tirib bersa¸ bu navbatdagi o‘yin ekan¸ degan bo‘lardik. Lekin mana bugun Mustaqillik bayrami ham bo‘lmadi¸ Karimovning domu-daragi ham chiqmadi. Televizor bu haqda jim-jit¸ hukumat jim-jit. Hozir odamlarni Karimovning o‘lik-tirigi ham qiziqtirmay qoldi. Mustaqilikka chiqmadimi¸ demak Karimov siyosiy maydondan ketdi endi. Fikrlovchi qatlamni uning o‘rniga kim keladiyu¸ nima bo‘ladi bu yog‘iga degan savol qiynayapti. Ko‘pchilikning fikri bir joydan chiqayapti – Shavkat Mirziyoev bo‘ladi. Bu odamni Rossiya qo‘llaydi va Karimovdan keyin yana o‘ris og‘amiz bag‘riga qaytamiz shekilli¸ deydi toshkentlik suhbatdosh.

Aziz mushtariylar¸ siz ham O‘zbekiston mustaqilligining ilk marta Islom Karimovsiz o‘tgan bayrami o‘zingiz yashayotgan hududda qanday nishonlangani¸ o‘zingiz va yaqinlaringiz kayfiyati haqida saytimizda sharh qoldirish orqali Ozodlikka yozib yuborishingiz mumkin.

XS
SM
MD
LG