Линклар

"Karimov qo‘shni davlatlarga do‘st ham, dushman ham bo‘lmagan tushunarsiz siyosat olib bordi"


O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambaev bilan Toshkentda o‘tgan ShHT sammiti doirasida uchrashmoqda.

O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambaev bilan Toshkentda o‘tgan ShHT sammiti doirasida uchrashmoqda.

O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovning salomatligi to‘g‘risidagi xabarlar qirg‘iz matbuotida har kuni bir necha martalab paydo bo‘layotgan shu kunlarda qirg‘izistonlik siyosatchilar o‘zbek prezidenti olib borgan siyosat va uning shaxsiga nisbatan munosabatlarni ham bildirmoqda.

Qirg‘izistonda O‘zbekistonnni chorak asr asrdan ko‘proq bashqarib kelgan Islom Karimovga nisbatan turlicha munosabat bildirilmoqda.

“Ata Meken” partiyasi raisi, parlament deputati O‘murbek Tekebaev Islom Karimovni qo‘shni davlatlar bilan do‘stona munosabatlarni o‘rnata olmagan prezident sifatida talqin qiladi:

​- Islom Karimov qo‘shni davlatlar bilan yo do‘st, yo dushman bo‘lmagan tushunarsiz bir munosabatlarni o‘rnatdi. Buning oqibatida chegara va boshqa masalalar bo‘yicha muntazam janjalli vaziyatlar yuzaga keldi. U izolyatsiya siyosatini olib bordi, desak bo‘ladi. O‘z qobig‘iga o‘zi o‘ralib, qo‘shnilar bilan munosabatlarni yaxshilamadi. Mintaqaviy darajada integratsiyalashuv jarayoni liderligini Karimov shubhasiz ravishda Qozog‘iston prezidenti Nazarboevga oldirib yubordi.Bu holatni u o‘zining shaxsiy mag‘lubiyati sifatida qabul qilib, shaxsiy arazi tufayli ko‘p mintaqaviy jarayonlarga aralashmasdan, o‘zini chetga olib turdi, -dedi O‘murbek Tekebaev.

Islom Karimov haqida “O‘zbekiston prezidenti diktator bo‘lishga qaramay, mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirib, 30 milliondan ortiq aholisi bor davlatda barqarorlikni saqlab turdi”, deb fikr bildiruvchilar ham bor. Ulardan biri Qirg‘izistonning sobiq Bosh vaziri Amangeldi Muralievdir.

Muraliev 1999-2000 yillarda Bosh vazir sifatida Islom Karimov bilan xalqaro va ikki tomonlama uchrashuvlarda muloqot qilib turgan. Unga ko‘ra, mustaqillikning dastlabki besh yilida O‘zbekiston va Qirg‘iziston munosabatlari juda do‘stona va samiymiy bo‘lgan. Besh yildan so‘ng esa aloqlar yomonlasha boshlagan.

- Akaev prezident bo‘lib turganida O‘zbekiston bilan dastlabki besh yilda munosabatlar juda iliq bo‘lgan, keyin sovib ketgan. Chunki Karimov bilan til topishish, biron narsa ustida murosaga kelish juda qiyin edi. Asosan GESlarni qurish, suv bo‘lishtirish va chegara masalalarida O‘zbekiston bilan ziddiyatlar yuzaga keldi. Bu masalalarni diplomatiya yo‘li bilan hal qilish lozim edi. Lekin o‘sha paytda bizning diplomatiyamiz juda zaif darajada edi, -dedi Amangeldi Muraliev.

Bugungi kunda ham O‘zbekiston-Qirg‘iziston aloqalarini ko‘ngildagidek, deb bo‘lmaydi. Ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va madaniy aloqalar deyarli yo‘q bo‘lib qoldi. O‘zbekiston joriy yil martida bahsli bo‘lib turgan Chalasart hududiga harbiy texnika va askar, avgust oyida esa Ungartepa hududiga militsiya desantini kiritgani ortidan bu munosabatlar yanada sovuqlashdi.

Qirg‘iziston sobiq tashqi ishlar vaziri Alikbek Jekshenqulov ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning bu darajada sovuqlashuvida faqat Islom Karimovni ayblash noto‘g‘ri bo‘lar edi, deb fikr bildirdi.

-Karimov nafaqat Markaziy Osiyoda, balki MDHda ham katta ta’sir kuchiga ega bo‘lgan prezidentlardan biri. Uni milliy manfaatni boshqa manfaatlardan balandroq qo‘ygan siyosatchi sifatida baholayman. Karimovni u yoki bu vaziyat uchun aybdor qilish noto‘g‘ri bo‘lar edi. O‘zbekiston bilan munosabatlarimiz yomonlashuvida Qirg‘iziston yo‘l qo‘ygan xatolar ham bor, -dedi Alikbek Jekshenkulov.

Qirg‘izistonlshik taniqli siyosatchi Ravshan Jeenbekov esa Karimov O‘zbekistonda yopiq jamiyatni shakllantirdi, shuning uchun undan keyin keladigan prezident ham mana shu siyosatni davom ettiradi, deb hisoblaydi:

-O‘zbekiston juda yopiq mamlakat, yopiq jamiyat bo‘lib hisoblanadi. Shuning uchun Karimovdan keyin hokimiyatga boshqa odam kelgan taqdirda ham sistemada demokratik o‘zgarishlar bo‘ladi, jamiyat hukumat boshqaruvida bevosita va bilvosita faol ishtirok etadi, deb aytish qiyin. Karimov shakllantirib ketgan tuzim qolaveradi va mana shu tuzimni qo‘llagan odam uning o‘rniga keladi, - dedi Ravshan Jeenbekov.

XS
SM
MD
LG