Линклар

1 sentyabr kuni “Xalq so‘zi” gazetasi elektron versiyasining bosh sahifasidagi materiallarning deyarli barchasida Islom Karimov u yoki bu shaklda tilga olingan.

Bir xabar Islom Karimovning surati va “Oqsaroyda qabul” sarlavhasi ostida berilgan va uning ichiga kirmagan gazetxonda prezident soppa-sog‘ va u ish joyida, degan tasavvur qoladi.

Aslida bu xabar 18 avgustda e’lon qilingan va unda Islom Karimov 17 avgust kuni Oqsaroyda Koreya Respublikasi davlat boshqaruvi va ichki ishlar vaziri Xon Yun Sukni qabul qilgani to‘g‘risida aytilgan.

“Xalq so‘zi” gazetasida mamlakat prezidenti salomatligiga oid hech qanday gap yo‘q.

Bu holatni tahririyati O‘zbekistonda joylashgan Internet nashrlarda ham kuzatish mumkin.

“Islom Karimov O‘zbekiston xalqini Mustaqillikning 25 yilligi bilan tabrikladi” – bu saytlardan birining bosh sahifasida berilgan sarlavha.

Prezidentning sog‘lig‘i bilan bog‘liq vaziyatning mavhumligidan, O‘zbekistondan tashqarida e’lon qilinayotgan xabarlardan kelib chiqilsa, bunday sarlavhalar mavhumlikni yanada kuchaytiradi.

Islom Karimovni davolashga Burdenko nomidagi Neyroxirurgiya ilmiy-tadqiqot instituti xodimlari guruhi jalb etilgani to‘g‘risida xabar qildi lenta.ru sayti 31 avgust kuni institut rahbari Aleksandr Konovalovga tayanib.

Bu xabar chiqqan kuni “Interfaks” agentligi Rossiya vitse-bosh vaziri Olga Gorodetsning “Rossiya bilan O‘zbekiston o‘rtasida imzolangan kelishuv doirasida Rossiya Federatsiyasi prezident Islom Karimovga tibbiy yordam ko‘rsatishi mumkin edi. Lekin bu haqda Toshkent Moskvaga rasman bunday so‘rov bilan murojaat qilgan emas”, degan bayonotini tarqatdi.

Islom Karimovning salomatligi izdan chiqqanini Vazirlar Mahkamasi 28 avgust kuni tasdiqlaganidan buyon rossiyalik siyosatchilar, tadqiqotlari ob’ekti Markaziy Osiyo bo‘lgan siyosatshunoslar va jurnalistlar diqqati markazida O‘zbekiston va uning post-Karimov davri qolmoqda.

Kremlning dilidagi gapni o‘z tiliga chiqarish san’ati bilan tanilgan Vladimir Jirinovskiyning “Exo Moskvi” radiosiga bergan intervyusidan unda Karimovning sog‘lig‘iga oid aniq ma’lumot yo‘qligini tushunish mumkin. Ayni paytda, uning aytishicha, Kreml Karimovdan keyin O‘zbekistonga rossiyaparast rahbar kelishining tadorigini ko‘rmagan.

“Mana Ashxobodni olaylik. Saparmurod Niyozov o‘ldi, o‘rniga boshqa rahbar keldi. Ya’ni faqat o‘lim orqali mamlakatda hokimiyat almashadi. O‘lim tabiiy bo‘lishi mumkin, har holda 78 yillik umr , bu kam yosh emas. Qanday bo‘lmasin, O‘zbekistonda rossiyaparast kuchlar kelishiga tayyor bo‘lishimiz kerak edi”, degan Vladimir Jirinovskiy.

Islom Karimovni yaqindan bilganlarning aytishicha, u kishi sovetcha ko‘nikmalariga sodiq qolgan va “Komsomolskaya pravda” har kuni o‘qiydigan gazetalaridan biri (edi).

Mazkur nashr 31 avgust kuni e’lon qilgan “Yesli v Uzbekistane nachnetsya zavarushka, nam tam delat nechego”, degan sarlavha ostidagi maqola (muallif - Dmitriy Olshanskiy) kibru havo va safroga to‘la bo‘lib, muallif nazarida Markaziy Osiyo va xususan O‘zbekiston SSSR tarqab ketganidan so‘ng 14 asrga qaytgan mamlakatdir. Muallif mintaqa tarixi to‘g‘risidagi tasavvurlarini fakt sifatida taqdim etar ekan, maqolasini Karimov o‘lganidan keyin to‘polon chiqib ketguday bo‘lsa, birining go‘shtini biri yesin, degan ma’noda tugatgan.

XS
SM
MD
LG