Линклар

logo-print

Jizzax viloyati G‘allaorol tumani tibbiyot kolleji o‘qituvchisi o‘z joniga qasd qildi. 40 yashar o‘qituvchining nima sababdan o‘z joniga qasd qilgani tafsilotlari aniq ma’lum emas. Ozodlik manbalari, uning o‘zini osishiga sabab tibbiyot kollejiga qabul imtihonlari bilan bog‘liq korruptsiya bo‘lishi mumkinligini taxmin qiladilar. Rasmiylar bu haqda aniq ma’lumot bermayapti.

G‘allaorol tibbiyot kolleji 40 yashar o‘qituvchisining iyul oyining oxirida o‘z joniga qasd qilganligi haqidagi xabar Ozodlikka birinchi sentyabr kuni yetib keldi.(O‘qituvchining ism-sharifi Ozodlikka ma’lum, lekin axloq qoidalariga ko‘ra, u oshkor etilmaydi- tahririyat)

G‘allorollik Ozodlik manbasining o‘qituvchilar va abiturientlar ota-onalari gapiga tayanib aytishicha, bu o‘qituvchi qabul imtihonlaridan so‘ng o‘z joniga qasd qilgan:

“Men bu yigitni yaxshi taniyman. Kollejda dars berardi. Shu yil 15 iyulda tibbiyot kollejida imtihon bo‘ldi. Eshitishimcha, imtihondan so‘ng qaysidir ota-onalar uning uyiga kelib pulimizni qaytarib ber deb janjal qilganmish. Kimdir bir necha ota-onadan jami 10 million so‘m olgan ekan deydi, kimdir 1800 dollar olgan ekan deydi. Lekin, buning anig‘ini hech kim bilmaydi. Anig‘i shuki, ana shu imtihonlardan so‘ng u uyining og‘ilxonasiga o‘zini osib qo‘ygan”, dedi manba.

Tibbiyot kollejining ismi sir qolishini so‘ragan muallimlaridan birining aytishicha, o‘qituvchining o‘limidan so‘ng kollejning boshqa bir o‘qituvchisi g‘oyib bo‘lgan:

“Aytishlaricha, o‘qituvchi o‘zini osishdan oldin xat yozib qoldirgan ekan. Lekin xatida nima degan, kimni ayblagan, buni faqat xatni olgan prokuratura biladi. O‘shandan so‘ng boshqa bir o‘qituvchi qochib ketgan edi(bu o‘qituvchining ism-sharifi Ozodlikka ma’lum, lekin aybsizlik prezumptsiyasi sabab uni oshkor qilmaymiz – tahririyat). Endi eshitishimcha, u qaytib kelib, psixbolnitsaga yotib olibdi”, dedi o‘qituvchi.

Bu holat bo‘yicha jinoyat ishi ochib, tergov olib borayotgan G‘allaorol tumani prokuraturasidan munosabat olishning imkoni bo‘lmadi.

G‘allaorol tibbiyot kollejining direktori Abduolim Norqo‘ziev Ozodlik bilan suhbatda, o‘qituvchining o‘z joniga qasd qilishi korruptsiya bilan bog‘liq emasligini aytdi:

- Yo‘q, pora olgani uchun o‘zini osmagan. Bilmadim nega osganini. Bilmayman hech narsani... deb, Abduolim Norqo‘ziev aloqani uzdi.

O‘zbekistonda turli sabablar bilan o‘zini osish holatlari ko‘p kuzatiladi.

Joriy yilning yanvar oyida “ekstremist” o‘g‘li uchun majlisda sazoyi qilingan Shahrisabz tumanidagi litseyning ayol o‘qituvchisi o‘zini osib qo‘ygan edi.

2015 yilning 10 dekabrga o‘tar kechasi Andijon viloyati Baliqchi tumani IIB Qo‘riqlash xizmati safdori 28 yoshli Diyorbek Davlatov ish joyida osilgan xolda topilgan edi.

O‘tgan yilning 28 noyabr kuni Samarqand viloyati Nurobod tumani IIB huquqbuzarlikning oldini olish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari, 30 yashar Ulug‘bek Mamarahimov o‘z joniga qasd qilgan edi.

XS
SM
MD
LG