Линклар

logo-print

O‘zbekistonda hal qiluvchi onlar boshlandi. Mamlakat mustaqillikka erishganidan 25 yil o‘tib, o‘zbeklar ilk marotaba Islom Abdug‘anievich Karimov etakchi bo‘lmagan mamlakatda uyg‘ondi.

Bu xorijdagi o‘zbek diasporalari hamda muxolifatchilar intiqib kutgan kundir.

Odamlar tahlilchilar va tadqiqotchilardan - jumladan, mendan ham – bundan keyin nima bo‘lishini kutish mumkinligini so‘rab keladilar. Chunki ular dunyoning eng avtoritar tuzumlaridan biri bo‘lmish O‘zbekistonda siyosiy o‘zgarishlar boshlanishining ehtimoldan uzoq bo‘lmagan (balki, yagona) yo‘li Karimovning tabiat qonunlariga bo‘ysunishi ekanligini bilardilar.

So‘nggi yillarda o‘zbek do‘stlarim bilan qachon o‘z oila a’zolarini ko‘ra olishlari, vatanlaridan xorijga chiqishlari, tadbirkorlik bilan shug‘ullana boshlashlari, xorijda tahsil olishlari haqida suhbatlashganimda gap necha marta “balki Karimov o‘limidan keyin” jumlasi bilan boshlanmaganini bilmayman.

Hozirgi O‘zbekistonda yuqorida aytib o‘tilgan ishlarni qilishning yoki iloji yo‘q, yoki bunday qilish o‘ta xavfli: mamlakat borgan sari jahondan ajralib, uning iqtisodi va jamiyati qat’iy nazorat qilinib kelmoqda.

Bir necha hafta avval Qirg‘iziston janubida millati o‘zbek bo‘lgan do‘stim bilan tikanli simlar bilan ajratilgan o‘zbek-qirg‘iz chegarasi bo‘ylab mashinada o‘tib, chegaraning narigi tomonidagi qurollangan askarlarni kuzatdik. Ikkimiz ham Toshkentda bir necha yil yashaganimiz, u erga qaytib borishni qanchalik darajada istashimiz haqida suhbatlashdik. Do‘stim boshini silkitib, “Karimov o‘lganidan keyin...”, dedi.

O‘sha kun keldi. Yangi davr boshlandi. Ammo nima o‘zgaradi? Mutaxassislar 78 ga chiqqan Karimov o‘limi ortidan nima bo‘lishini turli konferensiyalar va maqolalar da qanchalik bashorat qilishga urimasin, mintaqada eng ko‘p aholiga ega davlatda voris kim bo‘lishi va mamlakat qanday rivojlanishi haqida qanchalik fol ochmasin, achchiq haqiqat shuki, biz deyarli hech nima bilmaymiz. Aynan biz hayiqqan narsa sodir bo‘ldi:

Karimov voris tayinlamay va yetakchilikni boshqaga o‘tkazish mexanizmini belgilamay o‘ldi. Karimov yaratgan tizimga emas, uning shaxsiyatiga e’tibor qaratganlar dahshatli kelajak haqida bizni ogohlantirib keladilar. Ularning iddaosicha, Farg‘ona vodiysiga faqatgina Karimov o‘zining temir qo‘llari bilan ushlab turgan islomchilar kirib kelarmish, mamlakatda klanlar o‘rtasida jang boshlanarmish kabi gaplar. (Siyosiy aloqalarga ega bo‘lmagan, sovet hukumati tarbiyalagan Karimov klanlar o‘rtasidagi tanglikni muvaffaqiyatli boshqarib turgan).

Bu gaplarda jon bo‘lsa-da, ular O‘zbekiston xalqi o‘zini-o‘zi boshqara olmaydi, degan iddaolarni qo‘llash uchun o‘ylab topilgan uydirmadir. Bu uydirmalar siyosiy tahlilchi Alyona Ledeneva Putin Rossiyasini nazarda tutib “sistema” deb ataydigan tizimning o‘zbekcha muqobilidir. Bunday tizim shaxsiyatga sig‘inishga asoslangan bo‘lib, bu shaxsning ta’siri uning imkoniyatlari bilan cheklanmagan. Karimov endi yo‘q, lekin maxsus xizmatlarning cheksiz kuchiga hamda iqtisod ustidan o‘rnatilgan qat’iy nazoratga tayangan davlat hali bor. Prezidentning surati har bir sinf va ofisda qolishini kutish mumkin. Bunday bo‘lishiga qisman bo‘lsa-da yuqorida aytib o‘tilgan uydirmalarning hali-beri esdan chiqmasligi sababchidir.

Markaziy Osiyoni o‘rganuvchi mutaxassislar Larri Markovitts va Skott Radnitts aytganidek, O‘zbekistondagi hozirgi siyosiy va iqtisodiy vaziyat qo‘shni davlatlardan hokimiyatning markazlashtirilgani hamda unda barcha iqtisodiy sub’ektlarning sodiq ekanligini hamda bo‘ysunishdan bosh tortganlarni jazolaydigan maxsus xizmatlarning kuchli ekanligi bilan ajralib turadi. “Majburlash va jamiyat evaziga boyib olish” siyosatiga amal qiluvchi davlatda rivojlanish yo‘llari berk bo‘lib, mavjud elitalar – Karimov bilan bo‘ladimi, yoki usizmi – o‘zlari uchun qulay siyosiy tizimni o‘zgartirishni istamaydi. Qolaversa, har narsaga qodir maxsus xizmatlar ularning lavozimiga hech kim ko‘z olaytirmasligiga kafolat beradi.

Bunday tizimdagi kundalik hayotni va keng tarqalgan uydirmalar qanday ishlashini bu yil sodir bo‘lgan holat yaqqol ifodalaydi. Jizzax viloyatidya yashovchi kichik tadbirkor Aramiz Avakyanda ikki kichik ko‘li bo‘lib, u ularda baliq etishtirardi. Biznes yaxshi ketayotgan edi, uning shirkatida bir necha odam ishlardi. Kutilmaganda mahalliy ma’muriyat “Majburlash va jamiyat evaziga boyib olish” siyosatiga asoslangan tizim qoidalariga tayanib, tadbirkorning mulkini o‘zlashtirmoqchi bo‘ldi. Avakyan bunga qarshi chiqdi va ko‘p o‘tmay “Islomiy davlat” jangari guruhini qo‘llashda ayblanib, qo‘lga olindi. Tadbirkorning advokatlari va qarindoshlarining aytishicha, uni qiynoqqa tutib, o‘zi va ishchilari “Islomiy davlat”ning yashirin tarmog‘i ekanligini, ularning maqsadi hukumatni ag‘darish ekanligini tan olishga majburlashdi. Tadbirkorga qarshi tayinli isbot keltirilmadi. Millati arman bo‘lgan Avakyanning hatto musulmon emasligi, pravoslav xristian ekanligi esa ayon edi. Ammo bu tadbirkorning o‘zbek sudi tomonidan to‘rt yil qamoq jazosiga hukm qilinishga to‘siq bo‘lmadi.

Tizim qanday bo‘lsa, shundayligicha qoladi. U o‘zgaradi, deb o‘ylashga asos yo‘q. Bunga Karimovning bor-yo‘qligi ta’sir qilmaydi. Yil boshida siyosiy tahlilchi Erik Makglinchi aytib o‘tganidek, “O‘zbekistondagi hukmdor sinf o‘zi uchun bitmas-tuganmas moliya manbai bo‘lmish avtokratik tuzumni saqlab qolishni istaydi”. Ayrimlar tuzumga sodiq bo‘lgan xavfsizlik xizmatlari Karimovdan ham kuchli bo‘lib ketgan, deb ishonadi. Xavfsizlik xizmatlari ularsiz mamlakatda islomiy g‘alayon boshlanishiga, bu isyon butun mintaqaga tarqab ketishiga ishonadi. Keyingi haftalarda o‘zgarishlarni kuzatar ekansiz, o‘zbeklarning biror o‘zgarish bo‘lishiga bog‘lagan umidi puchga chiqsa, ya’ni devordagi portretdan boshqa hech nima o‘zgarmasa, mutaxassislar “yoki avtoritarizm, yoki Islomy davlat” dilemmasi haqida bong ursa, jizzaxlik tadbirkorni yodga oling. Oxirgi 25 yil ichida o‘zbeklar nima xohlashlarini o‘zlari ham anglab etganlari yo‘q.

Muallif: Noa Taker

Ingliz tilidan tarjima: Nodir Otaev

XS
SM
MD
LG