Линклар

O‘zbekiston maktablarida o‘quv yili Islom Karimovni xotirlash bilan boshlandi


Birinchi o‘quv kuni Islom Karimovni xotirlash bilan boshlandi

Birinchi o‘quv kuni Islom Karimovni xotirlash bilan boshlandi

4 sentabr kuni O‘zbekistondagi o‘rta umumta’lim maktablarida ochilgan yangi 2016-17 o‘quv yilida mashg‘ulotlar “Xotira darslari” bilan boshlandi.

Motam ichidagi ta’lim dargohlarida mashg‘ulotlardan avval shu yilning 2 sentyabrida olamdan o‘tgan mamlakatning birinchi prezidenti Islom Karimov xotirlandi.

Bu haqda “Ozodlik”ka ma’lum qilgan ta’lim tizimi mutasaddilariga ko‘ra, O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi tomonidan jo‘natilgan ma’ruza matni va multimedia dasturi o‘quvchilar e’tiboriga havola etildi.

Toshkent shahar Xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan berilgan ma’ruza matnida muhtaram Yurtboshimizning mamlakatimiz tarixidagi o‘rni, u kishning olamshumul islohotlari, ayniqcha ijtimoiy sohaga bergan yuksak e’tibori aks etgan. Ana shu ma’ruza mashg‘ulotlar boshlanishidan avval o‘quvchilarga maktab direktorlari tarafidan o‘qib eshittirildi. Shuningdek, sinfxonalarda mamlakatimizning mustaqillik yillaridagi yuksalish davri multimedia vositasida namoyish etildi” deydi Toshkent shahridagi 61-maktab direktori Gulnora Islomova.

O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligiga ko‘ra, o‘quv yili boshlangan kun shu paytga qadar an’anaviy tarzda “Bilimlar kuni” deb yuritib kelingan va mamlakatdagi 9692 ta umumta’lim maktablarida ilk mashg‘ulotlar “Mustaqillik darslari” bo‘lgan.

Bu yil esa prezident Islom Karimovning vafoti munosabati bilan mazkur an’ana o‘zgardi.

Prezidentimizning yorqin xotirasi, u kishining mamlakatimiz taraqqiyotidagi beqiyos o‘rnini o‘quvchilarga tushuntira bilish bizning burchimizdir. Vazirligimiz shu maqsadda o‘quv yili boshlanishini “Xotira darslari” ko‘rinishida tashkil etdi” deydi O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi uslubchisi Bahodir Nishonov.

O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligining “Xotira darslari”ni tashkil etish bilan bog‘liq ko‘rsatmasida “Mazkur darslar orqali muhtaram prezidentimizning O‘zbekiston mustaqilligi, xalq ozodligi yo‘lida ko‘rsatgan fidoyiligi, ona-yurtga muhabbat, millat oldidagi yuksak xizmatlari yoshlar ongi va qalbiga singdiriladi” dekyiladi.

Shuningdek, bu yil 1-sinfga qadam qo‘ygan 640 ming nafar bolaga marhum prezidentning sovg‘alari topshirildi.

"Prezident sovg‘asi" 12 turdagi o‘quv qurollari va o‘quvchi sumkasidan iborat.

XS
SM
MD
LG