Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 15:50

Prezidentni ko‘rgan doktor: "Karimovning miyasi o‘lib bo‘lgan edi"


Prezident Karimovni davolash uchun 27 avgustda chaqirtirilgan finlyandiyalik neyroxirurg professor Yuxa Xernesniemi bemorning miyasi o‘lib bo‘lganini oshkor qildi.

Dunyodagi yetakchi mutaxassislardan sanalgan Yuxa Xernesniemi prezident Karimov insulьt tufayli yiqilib qolganidan so‘ng Toshkentga zudlik bilan chaqirtirilgan doktorlardan biridir.

Finlyandiyaning Yle nashriga bergan intervyusida janob Xernesniemi o‘tgan shanba kuni (27 avgust, 2016 yil) unga Qozog‘istondan sobiq shogirdi muhim masalada yordam kerak, deya telefon qilganini aytdi.

"Men xorijda ko‘p bora jarrohlik amaliyotlarni o‘tkazganman. Men uchun bu kabi iltimos- oddiy masala" - dedi Xernesniemi.

Uning aytishicha, ko‘p vaqt o‘tmay, uni Xelsinkidan xususiy samolyot bilan Germaniya orqali O‘zbekistonga eltib qo‘yishgan.

Undan tashqari Toshkentga Rossiya va Germaniyadan bir guruh yetakchi doktorlar ham chaqirtirilgan edi.

"Amalda o‘lgan"

Janob Xernesniemi o‘z karьerasi davomida 70 ming odamning neyroxirurgiya amaliyotida qatnashgan o‘ta tajribali jarroh bo‘lsa ham, mo‘’jiza qilish uning qo‘lidan kelmaydi" - deb yozadi Yle nashri.

"O‘sha vaziyatda jarrohlik amaliyotini o‘tkazishdan hech qanday ma’no yo‘q edi. Bemorning hayoti bitgan edi, uning miyasi o‘lganini nazarda tutyapman. Mutaxassislar guruhlari o‘z hulosalarini berib bo‘lganidan so‘ng, hokimiyat o‘yinlari boshlandi" - dedi Xernesniemi.

"Hokimiyat o‘yinlari - deganda nafas olishni ta’minlovchi uskunaga ulab qo‘yilgan prezidentning o‘limi haqida birdan e’lon qilmaslik nazarda tutmoqda, deb yozdi Yle nashri..

Biroq Karimovni bu holatda uzoq saqlashmadi. Juma kuni uning o‘limi haqida e’lon qilindi va shanba kuni uning dafn marosimi o‘tkazildi.

Karimovning yashirilgan o‘lim xronikasi

Juma kuni O‘zbekiston hukumati Islom Karimovning kasalligi va o‘limi borasida tibbiy xulosani e’lon qilindi. Tibbiy xulosalar sir saqlangan muddat davomida bir qator ommaviy axborot vositalari o‘z manbalariga tayanib xabarlar tarqatdi. Nihoyat ommaga taqdim etilgan kasallik va o‘lim tafsilotlari ko‘plab savollarga oydinlik kiritdimi? Bu savol javobi sizga havola.

Rasmiy xabarga ko‘ra, Karimov 2016 yil 2 sentabr kuni soat 20.15 da o‘lgan.

Ammo O‘zbekiston prezidenti o‘lganligini O‘zbekiston tashqarisidagi uchta internet nashri va kamida bitta jurnalist 29 avgust kuni e’lon qilgan edi.

Avvaliga O‘zbekiston xalq harakati nashri 29 avgust kuni Praga vaqti bilan soat 15 dan 50 minut o‘tganda o‘lim xabarini berdi.

Eltuz.com nashri soat 18 da, Fergananews.com esa 21dan 49 daqiqa o‘tganda Karimov o‘lganligini yozdi. Bu nomuvofiqlik 2 sentabr kuni ham davom etdi.

Reyter agentligi 2 sentabr kuni ertalab soat 10 da Karimovning o‘limi haqida ma’lumot tarqatdi. Turkiya Bosh vaziri Binali Yildirim esa Karimov vafoti munosabati bilan soat 12 da ta’ziya bildirdi. Rasmiy ma’lumot bilan boshqa ma’lumotlar orasidagi tafovut esa shubha uyg‘otadi.

Ayni paytda jurnalistlarning "27 avgust kuni Karimov kasal bo‘ldi" degan xabari rasmiy ma’lumotga mos tushdi.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, 78 yashar bemor I.A.Karimov 27 avgust kuni ertalab soat 09.00 da hushsiz holatda zudlik bilan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Tibbiyot-sanitariya birlashmasining Markaziy klinik shifoxonasiga olib kelingan.

Jurnalistlarning Karimov insult bo‘lgani haqidagi xabari bir muddat o‘tib Karimovning qizi tarafidan tasdiqlangan bo‘lsa, 2 sentabrga kelib hukumat komissiyasi tarafidan ham tasdiqlandi.

Hukumat komissiyasi xulosasiga ko‘ra, Islom Karimovda “bosh miya qon aylanishi o‘tkir buzilishi subaraxnoidal qon quyilish asorati bilan (insult) aniqlangan”.

"Arterial qon bosimi 250/120 mm. simob ustuniga teng. Bemorda yurak faoliyatining to‘xtashi kuzatildi. 20 daqiqa davomida olib borilgan reanimatsion muolajalar natijasida yurak faoliyatini tiklashga erishildi. Bemor miya o‘zagi faoliyati buzilishi oqibatida atonik koma holatiga tushdi va sun’iy nafas olish apparatiga o‘tkazildi."

Prezident 27 avgust kuni III toifadagi atonik komaga tushgan bo‘lsa, uning bayram tabrigi xalqqa 1 sentabr kuni Davlat televideniesi orqali o‘qib eshtirildi.

Komaga tushgan odam tabrikni nafaqat yozishi balki o‘qishi ham mumkin emasligini inobatga olsak, bu tabrikni prezident avvaldan yozgan yoki hech qachon ko‘rmagan degan taxminlarni qilish mumin.

Fergananews.com nashri Karimovni qarash uchun Rossiyadan Liya Bokeriya Toshkentga borganligini yozdi. Bokeriya esa buni rad qilib chiqdi. Bu jumboqqa ham hukumat komissiyasi xulosasida javob bor.

Rasmiy xulosada “A.N.Bakulev nomidagi Yurak-tomir xirurgiyasi ilmiy markazi direktori, akademik L.Bokeriya” Toshkentga kelgani ta’kidlanadi. Bu Rossiya matbuotidagi xabarlarga mos keldi.

Shuningdek, bemor “N.N.Burdenko nomidagi neyroxirurgiya ilmiy markazi direktori, akademik A.A.Potapov (Rossiya), Gannover xalqaro neyroxirurgiya institutining vitse-prezidenti va ijrochi direktori, professor Amir Sami (Germaniya), Kardiotorakal markaz direktori, professor Jilli Dreyfus (Monako), Xeydelberg universiteti klinikasining kardiologiya bo‘limi rahbari, professor Xyugo Katus (Germaniya), Xelsinki universiteti Markaziy gospitalining neyroxirurgiya bo‘limi professori Yuka Xernisniemi (Finlyandiya) tomonidan” tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgani haqida ham ma’lumot beriladi.

Xulosada marhum Karimovning hayoti tugagani bosqichma-bosqich tahlil qilinadi:

“Bemorning nevrologik holati avval boshdan atonik koma sifatida qayd etildi. Nevrologik statusda diffuz mushak atoniyasi, arefleksiya kuzatildi. Bemorga uch marotaba dinamik elektroensefalografik tekshiruv o‘tkazilib, unda bosh miyaning o‘tkazilgan intensiv terapiya jarayonida bemorning ichki a’zolari (qon tomir, nafas olish, qon ivish tizimlari, buyrak va jigar) faoliyatining asta-sekin buzilishi – poliorgan yetishmovchiligi kuzatildi.”

Xulosaga ko‘ra, 2016 yil 2 sentabr kuni soat 20.15 da yurak faoliyati to‘xtagan, 20.55 da biologik o‘lim holati qayd etildi.

Tibbiy xulosa ostiga Sog‘liqni saqlash vaziri A.Alimov doxil yetti shifokor imzo chekkan.

XS
SM
MD
LG