Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 19:32

Prezident Karimov o‘lganidan keyin uning oila a’zolarini nima kutmoqda?


Marhum prezident Karimov va uning oila a’zolari. Xotini Tatyana Karimova, Lola Karimova-Tillyaev, va Gulnora Karimova yosh o‘g‘li bilan
Marhum prezident Karimov va uning oila a’zolari. Xotini Tatyana Karimova, Lola Karimova-Tillyaev, va Gulnora Karimova yosh o‘g‘li bilan

O‘zbekiston mustaqilligining ilk 25 yilida Karimovlar qudratli oilaga aylandi, mamlakat aholisi uning a’zolaridan hayiqib turdi. Islom Karimov vafoti ortidan bu kunlar o‘z yakuniga etmoqda. Karimovning eng yaqin oila a’zolari uchun Karimov prezident bo‘lmagan mamlakatda qolish xavfli bo‘lishi mumkin.

Karimovning qizlari Gulnora va Lola ayniqsa qiyin ahvoldadir.

Karimovning (ikkinchi) ayoli Tatyana Akbarovna Karimova biror muammoga duch kelishi ehtimoldan xoli. Karimova o‘zini jamoatchilik nazaridan uzoqroq tutib keladi. Muhimi, Karimovaning oilasi katta ta’sirga ega. Islom Karimov Karimova qarindoshlari yordamisiz hokimiyat tepasi kela olmagan bo‘lar edi.

Karimov yetimxonada ulg‘aygan. Uni ota-onasi tashlab qo‘ygan, desak ham bo‘ladi. Karimov turmush o‘rtog‘i qarindoshlari yordamida Kommunistik partiya pog‘onalari bo‘ylab yuqoriga ko‘tarilgan. Ammo Tatyana Karimovaning yoshi o‘tib qoldi. Hech kim uni Karimov olib borgan siyosatga dahldor deb ayta olmasa kerak.

O‘zbekiston xalqi Karimovning ikki qizi dabdabali hayot kechirib kelayotganini biladi. O‘zbekistonda o‘rtacha oylik bor-yo‘g‘i 200-300 dollarni tashkil qiladi.

Shveytsariyada chiquvchi “Bilan” jurnaliga ko‘ra, opa-singil Karimovalarning Shveytsariyada mulki bor. Jurnal 2009 yil Gulnora Karimova 665-570 million dollar qiymatga ega mulk bilan mamlakatdagi 300 eng boy odam ro‘yxatida ayollar orasida 9-o‘rinda ekanligini takidladi. “Bilan” jurnali hisoblariga ko‘ra, 2011-yilga kelib Gulnora va Lola Karimovalarning umumiy boyligi 1 milliard dollarga yetgan. Buning ortidan Lola va uning turmush o‘rtog‘i Timur Tillaev jurnal ustidan sudga arzlandi.

O‘zbekiston xalqi “Bilan” ro‘yxatlari haqida eshitmagan bo‘lsa kerak. Tabiiyki, davlat matbuoti bu mavzuda lom-mim demagan. Agar Karimovalar jamoatchilik nazaridan o‘zini olib qochganida edi, ehtimol ularning boyligini o‘zbekistonliklar umuman muhokama qilmagan bo‘lar edi.

Ammo Gulnora e’tibor markazida bo‘lishni istadi. U O‘zbekiston tashqarisida katta mulklarga egalik qilish bilan cheklanib qolmay, mamlakat ichida yirik biznes va shirkatlarga, jumladan, telekanallarga egalik qildi.

Masalan, uning “Forum” telekanali yoshlar uchun mo‘ljallangan filmlarni efirga uzatdi, Gulnora ishtirokidagi tadbirlarni keng yoritdi. Gulnora uyushtirgan xayriya konsertlarida prezident qizining konsert ishtirokchilari bilan suhbatlashayotgani, har bir harakati ko‘rsatildi. Gulnora AQShda moda maktabida tahsil oldi, O‘zbekistonda moda shoularini o‘tkazdi. Tabiiyki, Gulnoraning bu tadbirlardagi ishtiroki uning telekanallarida keng yoritildi.

Telekanalda Gulnoraning kliplari ham ko‘p ko‘rsatildi.

WikiLeaks sayti O‘zbekiston bo‘yicha e’lon qilgan eng mashhur hujjatlarning birida Gulnora “O‘zbekistonda eng ko‘p nafratga sazovor bo‘lgan odam” o‘laroq tilga olingan. O‘sha kuni “Forum” telekanalida buning isboti ko‘rsatildi. Operatorlar Gulnora to‘y marosimini deyarli barbod qilganini suratga olishdi. Gulnora kelishidan avval maza qilib xordiq chiqarayotgan mehmonlar Gulnora paydo bo‘lishi bilan asabiy jilmayib, qo‘rqib-qo‘rqib raqsini davom ettirdi. Gulnora esa avval hech qachon uchratmagan kelin-kuyov oldiga borib, ular bilan suratga tushdi.

Gulnoraning xorijdagi shubhali moliyaviy ishlari uning boshini edi. Prezident qizining O‘zbekistonda shartnomalar imzolash uchun mamlakatga pora bergan bir necha shirkat bilan aloqador ekanligi aniqlandi.

Gulnora 2014 yil yuqori lavozimli hukumat rasmiylari va singlisi va onasini tanqid qilishi ortidan uy qamog‘iga olindi.

Keyingi oylarda Gulnoradan hech qanday xabar kelmadi. 3 sentabr kuni Karimov janozasida ham ko‘rinmadi. Tasdiqlanmagan xabarlarga ko‘ra, Gulnora O‘zbekistondan chiqib ketgan. Yaqin kelajakda u mamlakatga qaytmasa kerak.

Gulnoraning singlisi Lola esa 2008 yildan beri O‘zbekistonning YuNESKOdagi doimiy vakilidir. Mamlakatda yangi prezident saylanganidan keyin Lola bu lavozimidan chetlatilishini kutish mumkin. Lola uzoq yillardan beri ikki xayriya jamg‘armasini moliyalashtirib keladi. Ularning biri yetim va nogiron bolalarga yordam beruvchi “Sen yolg‘iz emassan” jamg‘armasidir. Ikkinchisi esa nogiron bolalarga tibbiy yordam ko‘rsatish va ularga ta’lim berish bilan shug‘ullanuvchi “Bolalar ijtimoy moslashuvi milliy markazi”dir. Lola mazkur ikki jamg‘armani moliyalashtirib, O‘zbekistonda shuhrat qozongan.

Yuqorida qayd etilganidanek, “Bilan” jurnali Lola millionlab dollar mulkka ega ekanligini ta’kidlab keladi. Jurnal hisoblariga ko‘ra, 2014 yil Lola va uning turmush o‘rtog‘i 100-200 million dollar mulkka ega bo‘lgan. Lolaning o‘zi esa bu raqamlar bo‘rttirilganini ta’kidlab keladi.

The Daily Mail britan gazetasida va keyinroq The New York Times gazetasida chop etilgan maqolada yozilishicha, Lola eri bilan Gollivudda 58 million dollarga uy olgan. The Daily Mail The Real Estalker blogiga tayanib Tillaevlar 2010 yil Jenevada 41 million dollarga ko‘chmas mulk xarid qilganini ta’kidladi. The New York Times maqolasida esa Gollivuddagi qasr Lolaga aloqador ekanligi aytiladigan bir necha mulkning biri ekanligini aytildi. Qolaversa, Lolaning Parijda ham o‘z kvartirasi bor.

Lola oiladagi barcha pulni turmush o‘rtog‘i topishini ta’kidlab keladi.

Lola va eri uzoq yillardan beri O‘zbekiston tashqarisida yashab keladi. Lola otasining janozasiga keldi. Ammo u ko‘nikib qolgan hayot tarzidan kelib chiqadigan bo‘lsak, Lolaning otasisiz O‘zbekistonda qolishini tasavvur qilish qiyin. Opasining qismati unga yaxshi misol bo‘la oladi.

Shunday ekan, Karimovsiz O‘zbekistonda uning qizlariga ham o‘rin yo‘q, deb xulosa qilish mumkin. O‘zbekistonliklarning bundan ko‘ngli xira bo‘lmasa kerak.

Karimovning birinchi ayolidan Pyotr ismli o‘g‘li bor. Ota-o‘g‘il aloqa qilmagan. Xabarlarga ko‘ra, Pyotr 1991 yildan keyin O‘zbekistonga biror marta qaytmagan.

Karimovning aka-ukalari ham bor. Karimovning aka-ukalarini ota-onasi katta qilgan, ammo uni yetimxonaga topshirishgan. Marhum nima uchun ular bilan yaqindan aloqa qilmaganini tushunish qiyin emas. Karimov o‘z jiyani Jamshid Karimov hukumatni tanqid qilishi ortidan majburan ruhiy kasalxonaga tashlanganida unga yordam bermagan.

Bryus Panier maqolasi.

XS
SM
MD
LG