Линклар

O‘zbekiston hibs qilgan qirg‘izistonliklar oldiga advokatlar kiritilmayapti


Ungartepadagi Qirg‘izistonga qarashli radiorele stansiyasi.

Ungartepadagi Qirg‘izistonga qarashli radiorele stansiyasi.

O‘zbek-qirg‘iz chegarasidagi bahsli ekani aytilayotgan Ungartepa hududida o‘zbek militsionerlari tomonidan qo‘lga olinib, Namangandagi tergov izolyatorida saqlanayotgan to‘rt nafar Qirg‘iziston vatandoshining ishini O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov shaxsan o‘z nazoratiga oldi. Lekin qirg‘iz vatandoshlari oldiga advokatlar kiritilmayapti. Bu haqda 6 sentyabrь kuni qirg‘iz parlamentida Qirg‘iziston bosh vaziri o‘rinbosari Jenish Razzakov ma’lum qildi.

Qirg‘iziston parlamentidagi “O‘nuguu-Progress” fraktsiyasi O‘zbekiston bilan bahsli bo‘lib turgan Ungartepa (Qirg‘izistonda Unkur Too deb ataladi) masalasini yopiq eshiklar ortida muhokama qildi.

Muhokamada bosh vazir o‘rinbosari Jenish Razzakov va kuchishlatar tuzilmalar rahbarlarining o‘rinbosarlari ishtirok etdi.

Ma’lumotlarga qaraganda, Jenish Razzakov muhokama paytida O‘zbekiston militsionerlarining Ungartepa hududiga kiritilishini noqonuniy deb atagan.

“Bu harakat noqonuniydir. Bu yer yuridik jihatdan kelishilmagan hudud hisoblanadi. Mazkur hudud yuzasidan imzolangan protokolda, bu yerga kuchishlatar tuzilmalar vakillari kiritilmasligi kerakligi aniq qayd etilgan. Bu yerdagi radiorele stansiyasida ishlayotgan qirg‘iz vatandoshlarining qo‘lga olinishi ham noqonuniydir, ular chegarani buzgan emas. Bu masalada Tashqi ishlar vazirligi Toshkentga norozilik notasi topshirgan”, dedi bosh vazir o‘rinbosari.

Muhokamada O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Ungartepa va u yerda qo‘lga olingan qirg‘iz vatandoshlari ishini shaxsan o‘zi nazorat qilayotganini bildirgani ham ma’lum bo‘lgan. Qirg‘iz rasmiylari, shunga qaramay, qo‘lga olingan qirg‘iz vatandoshlari oldiga o‘zbek tomoni advokatlarni kiritmayotganidan norozilik bildirdi.

Shuningdek, Bishkek rasmiylari qirg‘iz deputatlariga Ungartepadan qirg‘iz vatandoshlarining O‘zbekistonga olib ketilishi va hibs qilinishi yuzasidan Qirg‘iziston ichki ishlar vazirligi “odam o‘g‘irlash” moddasi bo‘yicha jinoyat ishi ochgani aytildi.

Qirg‘iz parlamentida yopiq eshiklar ortida o‘tgan muhokamaning boshqa tafsilotlari hozircha e’lon qilingani yo‘q.

Bir necha kun oldin Qirg‘iziston Chegara xizmati Ungartepa hududida o‘zbek militsionerlari soni ko‘paytirilgani to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tasdiqlagan edi.

Avvalroq matbuotda Qirg‘izistonda Unkur-Too, deb ataladigan hududga kamida 25 nafar o‘zbek militsioneri kiritilgani haqida xabar berilgan edi. Biroq Qirg‘iziston Chegara xizmati Ungartepadagi o‘zbek militsionerlari soni 20 kishidan oshmasligini ma’lum qildi.

O‘zbekiston 22 avgust kuni ikki davlat o‘rtasida bahsli ekani aytilib kelinadigan Ungartepa hududiga ikkita vertolyotda 7 kishidan iborat militsiya desantini kiritgan edi.

O‘zbek militsionerlari Ungartepada joylashgan Qirg‘izistonga qarashli radiorele stansiyasi ishchilaridan 4 nafarini O‘zbekiston hududida noqonuniy yurgan shaxs sifatida qamoqqa olib, Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tuman ichki ishlar bo‘limiga yuborgan.

Qirg‘iziston rasmiylari 22 avgustdan beri O‘zbekistondan Ungartepadan militsionerlarni olib chiqib ketish va 4 nafar qirg‘iz vatandoshini qaytarishni talab qilib kelmoqda. Lekin Toshkent bu talablarni bajarishga shoshilmayotir.

XS
SM
MD
LG