Линклар

logo-print

Rossiya prezidenti Vladimir Putin bugun Samarqandda O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning qabriga gul qo‘ydi. Janob Putin Samarqandga kelishi bilan O‘zbekiston bosh vaziri Shavkat Mirziyoev hamroxligida Karimovning qabri tomon yo‘l olgan. Gul qo‘yish marosimidan so‘ng Putin Rossiya bundan buyon ham O‘zbekiston bilan birga bo‘ladi, deb ta’kidladi.

6 sentabr kuni Samarqandda Islom Karimov qabriga gul qo‘ygan Rossiya prezidenti Vladimir Putin Moskva bundan buyon ham O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlaydi, deb ta’kidladi.

- O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov boshlagan ish davom etishiga umid qilamiz, Rossiya tomoni esa o‘zbek xalqi va rahbariyati bilan do‘stona munosabatlarni davom ettiradi, - dedi Putin.

Rossiya rahbariga hamroxlik qilgan O‘zbekiston bosh vaziri Shavkat Mirziyoev o‘z ma’ruzasida "Putin va Karimov bunyod etgan ko‘prikni mustahkamlashda davom etamiz", deb ta’kidlagan:

"Sizning bugungi tashrifingiz ham munosabatlar darajasidan darak va buning uchun biz minnatdormiz. Biz Rossiya Federatsiyasi bilan tashqi aloqalarda to‘laqonli strategik sheriklikka egamiz va biz siz va Islom Karimov uzoq yillar davomida bunyod etib kelgan ko‘prikni mustahkamlashda davom etamiz, - dedi Mirziyoev.

Gul qo‘yish marosimidan so‘ng Rossiya rahbari Samarqanddagi forumlar saroyida Islom Karimovning bevasi Tatyana Karimova va qizi Lola Karimovalar bilan uchrashgan va ularga ta’ziya bildirgan.

Shundan so‘ng Putin karimovalar bilan yopiq eshik ortida muloqot o‘tkazgan.

2 sentabr kuni insult oqibatida hayotdan ko‘z yumgan Karimov 3 sentabrda o‘zi tug‘ilib voyaga yetgan Samarqand shahrida Xo‘jai Xizr masjidi yonida shoshilinch tarzda qurilgan maqbaraga dafn etildi.

Putin Samarqandga Xitoydan uchib keldi. Katta Yigirmatalik sammitida qatnashgan Rossiya rahbari Karimov janozasiga bosh vazir Dmitriy Medvedev boshchiligidagi delegatsiyani jo‘natgan edi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, Putin Samarqandga faqat Karimov qabrini ziyorat uchun kelmagan.

O‘zbekistonlik blogger Aleksey Volosevichning yozishicha, Rossiya rahbari uchun kelajakda O‘zbekistonga kim rahbar bo‘lishini bilish ham muhimdir.

78 yoshida vafot etgan Islom Karimovning 3 sentabr kuni bo‘lgan janoza marosimiga dunyoning 17 davlatlari va hukumatlari rahbarlari keldi. O‘zbekiston bo‘ylab uch kunlik motam e’lon qilingan.

XS
SM
MD
LG