Линклар

Taniqli xonanda, O‘zbekiston xalq artisti, O‘zbekiston parlamentining eks-deputati Yulduz Usmonova “aziz yurtdoshlari, uzoq-yaqinlari va xalqiga” qilgan videomurojaatida muxolifatchilarni xalq uchun emas, kreslo uchun kurashayotganlikda aybladi.

Prezident Karimovning vafotidan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan videmurojaatida Yulduz Usmonova muxolifatchilarni ayblar ekan, konkret ism keltirmagan, lekin videomurojaatdagi ba’zi bayonotlar gap quvg‘indagi “Erk” demokratik partiyasi lideri, O‘zbekiston xalq harakati raisi, shoir Muhammad Solih haqida bormoqda, deb o‘ylashga asos beradi.

Yulduz Usmonovaning videomurojaatidan paydo bo‘lgan ba’zi savollarga Muhammad Solih javob berdi.

Yulduz Usmonova: Yurtboshi o‘lgani bilan u kishi qurgan Sistema o‘lgani yo‘q

Noma’lum tikuvchilik fabrikasining tayyor mahsulotlari fonida yozilgan videomurojaat boshida xonanda prezidentning vafotidan chuqur taassufda ekanini e’tirof etar ekan, marhumga Ollohdan rahmat tilaydi.

Fikrini davom ettirib, Usmonova “Yurtboshi o‘lgani bilan qurilgan Sistema o‘lgan yo‘q. Hayot davom. Yig‘laydigan ish tashlab ketganlari yo‘q o‘zidan keyin. Yashanglar bolalarim, degan”, deydi.

Yulduz Usmonovaning aytganlaridan qo‘shiqlari uchun uni qandaydir muxolifatchilar ayblagani tushuniladi va aytishicha, prezident to‘g‘risida kuylar ekan, xalqning dilidagini izhor qilgani prezident dafn etgan etilgan kunda o‘z isbotini topdi.

Videomurojaat, umuman, Yulduz Usmonovaning muxolifatchilar bilan qandaydir echimini topolmayotgan muammosi to‘g‘risida, degan taassurot qoldiradi.

“Men shuncha yildan beri kelayotgan muxolifatchilarga murojaat qilmoqchimanki, sizlarning yashavor deyishlaringga zor emasman yoki sizlarning qarsagingizga qarab qolgan joyim yo‘q”, deydi Usmonova.

Konkret ismlarni keltirmagan holda muxolifatchilarga qarata Usmonova yana bunday deydi:

“Sizlar xalq uchunmi, yo mana bu (o‘zi o‘tirgan kresloni urar ekan) kreslo uchunmi, yo pul uchunmi? Nimani sevasizlar? Bu juda katta savol!”

Yulduz Usmonovaning aytishicha, muxolifatchilar nimani istayotganini o‘zlari bilmaydi, ularda g‘oya yo‘q, ular xalqning tinchligini o‘ylamayapti.

Xonanda ismlarini konkret aytmayotgani muxolifatchilarni mana bunday ogohlantirgan:

“Agarki mana shu yurtga gap otadigan bo‘lsanglar, mana shu yurtga bir narsa bo‘ladigan bo‘lib, bir narsa qiladigan bo‘lsanglar qarshinglarda meni ko‘rasizlar. Mumkin, meni sahnada ko‘r... Kerak bo‘lsa sahna ham ochiladi”.

Videomurojaati davomida Yulduz Usmonova muxolifatchilardan tashqari o‘z hamkasblariga, o‘zbek xalqiga hamda o‘zbek yoshlariga murojaat qiladi, xalqni bir bo‘lishga, har-xil zararli chaqiriqlarga quloq solmaslikka chaqiradi.

Usmonovaning videomurojaati uning tikuvchilik sexida dam bichuv stoli yonida, dam tikuv mashinasi ortida ishlayotgani aks etgan kadrlar bilan boyitilgan. Tsexning kimniki ekanligi to‘g‘risida aytilmaydi. Lekin Usmonovaning gaplaridan sex uning o‘ziniki ekanligi tushuniladi.

Videomurojaat paydo qilgan savollarni Yulduz Usmonovaga berishning imkoni bo‘lmadi. Turmush o‘rtog‘i Mansurning Ozodlikka bildirishicha, Yulduz Usmonovaning shu kunda sog‘lig‘i yomon va u tibbiy muolaja olmoqda.

Yulduz Usmonova konkret ismlarni tilga olmagan holda muxolifatchilar haqida gapirarkan, nutqining bir joyida kimni yo kimlarni nazarda tutayotganini taxmin qilish mumkin:

“Turkiyada yashaganimda eshigimning tagiga xat ham tashlab ketdinglar, har balo ko‘timdan quvlab yurdinglar biz taraf, biz taraf (bo‘l deb). Men xalq taraf, xaq tarafman. Men hech kimning qo‘lida qurol bo‘lib, bir taraf bo‘lmaganman”, deydi xonanda.

Usmonovaning mana shu so‘zlari tufayli Ozodlik Turkiyada yashayotgan o‘zbek muxolifatchilarining eng taniqlisi, quvg‘indagi “Erk” demokratik partiyasi lideri, O‘zbekiston xalq harakati raisi, shoir Muhammad Solih bilan bog‘landi.

Muhammad Solih: Yulduz Usmonova degan qo‘shiqchi borligini bilaman...

Quvg‘indagi “Erk” demokratik partiyasi lideri Yulduz Usmonovaning muxlisi emasligini, u bilan shaxsan tanish emasligini, Usmonova tarqatgan videomurojaat to‘g‘risida eshitgani, uni shaxsan o‘zi ko‘rmaganini bildirdi.

Murojaatnoma mazmunini Ozodlik muxbiridan eshitgach, Usmonovaning iddaolarini keskin rad etar ekan, Muhammad Solih bunday dedi:

“Yulduz Usmonovaning bizning tarafdor bo‘lish sharafiga noil bo‘lishga intilmadik va buni biz uchun sharaf, deb bilmayman. Chunki Yulduz Usmonova Andijonni qatl qilgan bir rejimning maddohi sifatida mashhur bo‘lgan va biz hech qachon maddohlarning tarafdorimiz bo‘lishiga intilmaganmiz”.

Muhammad Solihning aytishicha, muxolifatchilar Islom Karimov vafot etganidan buyon hech qanday faoliyat ko‘rsatgani yo‘q.

“Biz hozircha Vaqtli hukumatning ochiqlamasini, bayonotlarini kutyapmiz. Shu bayonotlarga qarab harakat qilamiz”, dedi muxolifatchi.

Muhammad Solihning aytganlarini tinglang:

XS
SM
MD
LG