Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 16:52

Bishkekdagi Xitoy elchixonasiga hujum uyushtirganlar aniqlandi


Bishkekdagi Xitoy elchixonasi oldida xudkush hujum uyushtirganlikda gumonlanib qo‘lga olinganlar va qidirilayotganlar.
Bishkekdagi Xitoy elchixonasi oldida xudkush hujum uyushtirganlikda gumonlanib qo‘lga olinganlar va qidirilayotganlar.

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi 30 avgust Bishkekdagi Xitoy elchixonasiga terror hujumi uyushtirganlar aniqlanganini ma’lum qildi. Maxsus xizmat matbuot kotibi Raxat Sulaymanovning aytishicha, portlashni amalga oshirganlarSuriyadagi janglarda ishtirok etayotgan, tarkibiga uyg‘urlar ham kirgan “Jabhad-ul-Nusra” va“Jamoat Tavxid va jihod” guruhlari a’zolaridir.

Seshanba kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik xizmati 30 avgustda Xitoyning Bishkekdagi elchixonasiga qilingan xudkush hujumga aloqador shaxslar aniqlanganini ma’lum qildi.

Rasmiy ma’lumotda aytilishicha, terror harakatini uyushtirganlikda gumonlangan 9 odamdan 5 nafari qo‘lga olingan, 4 odam esa qidiruvga berilgan.

Xitoy elchixonasi oldida portlovchi modda o‘rnatilgan mashinada o‘zini portlatgan xudkush Zoir Halilov nomiga berilgan tojik pasportiga ega 33 yoshli uyg‘ur millatiga mansub shaxs bo‘lgan. Xavfsizlik xizmati bu shaxs “Turkiston islomiy harakati” a’zosi bo‘lgan, deb bildirmoqda.

- Uning ismi Zoir Halilovdir. Qirg‘izistonga 20 avgust kuni kelgan. U “Turkiston islomiy xarakati” a’zosi ekani aniqlangan, - dedi Sulaymanov.

Terror harakati uyushtirishda gumonlanib qo‘lga olingan besh odam va qidiruvga berilgan to‘rt odam O‘sh va Jalolobod viloyatlarida yashagani aytilmoqda.

Maxsus xizmat tarqatgan bayonotda aytilishicha, Xitoy elchixonasi oldida sodir etilgan hudkush hujumga buyurtma bergan va uni moliyalashtirgan shaxs Abu Saloh tahallusli Sirojiddin Muxtorovdir. 45 yoshli bu shaxs O‘sh viloyati Qorasuv tumanidagi Qashqarqishloq degan joyda yashagan. U hozir xalqaro qidiruvga berilgan.

Portlashni amalga oshirishga Jalolobod viloyati Suzoq tumanida yashagan 45 yoshli Abu Ahmad tahallusi bo‘lgan Burhoniddin Janto‘ro‘evning aloqasi borligi ham aytildi. Shuningdek, qidiruvga berilganlar orasida o‘shlik 25 yoshli Izzatillo Satibaev ham bor. Uning tahallusi Ali bo‘lgan.

Izzatillo Satibaev Qirg‘izistonda tojikistonlik F. Babajanov nomli shaxs pasporti bilan yurgan. U So‘quluq tumani Novo-Pavlovka qishlog‘idan bir uyni ijaraga olgan. Hudkush portlatgan “Mitsubisi Delika” rusumidagi avtomobilni sotib olgan, lekin uni A.Kochkorov nomiga rasmiylashtirgan. Izzatillo Satibaev Xitoy elchixonasi oldida xudkush o‘zini portlatishidan bir necha soat oldin tojik pasporti bilan O‘shdan Istanbulga uchib ketgan.

Qidiruvga berilganlarning ismlarini ochiqlagan Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik xizmati elchixona oldidagi portlashni uyushtirganlikda gumonlangib qo‘lga olinganlarning ismlarini ochiqlamadi.

Oasmiy xabarda faqat suzoqlik 49 yoshli ayol terrorchilarga moliyaviy yordam ko‘rsatganlikda, qidiruvdagi Burhoniddin Janto‘ro‘evning qarindoshi teraktni amalga oshiradigan odamni topishda yordam berganlikda gumonlanib qo‘lga olingani bildirilgan.

Bundan tashqari terrorchilik harakatini amalga oshiruvchi odamga Qirg‘iziston hududida erkin yurishga ko‘maklashganlikda gumonlanib suzoqlik 45 yoshdagi shaxs, “Maqsim-O‘sh” va “Xalol Tur” kompaniyasining 33 yoshli novqatlik xodimi, Qorasuv tumani Uchar qishlog‘ining 38 yoshdagi yashovchisi ham hibs qilingan.

Bulardan tashqari “Halol Tur” shirkatida ishlagan 29 yoshli Turganbaev ham teror hujumiga moliyaviy yordam ko‘rsatganlikda gumonlanib qidiruvga berilgan. Uning Istanbulda ekani aytiladi.

Suriyadagi jangovor harakatlarda ishtirok etgani, hozir Istanbulda ekani aytilayotgan Ilyas Sabirov ham qidiruvga berildi. Uning eski pasportidagi ismi sharifi Ilyos Abdanbaev bo‘lgan.

30 avgust kuni hudkush “Mitsubisi Delika” avtomashinasida ertalab 9dan 40 minut o‘tganda o‘zini Bishkekning Xitoydagi elchixonasi oldida portlatib yuborgan edi. Portlash oqibatida uch nafar qirg‘izistonlik yarador bo‘lgan, elchixona binosi va atrofdagi uylargaga zarar etkazilgan.

Portlash amalga oshirilgan Bishkekdagi Kirgiziya-1 mavzesi diplomatik shaharcha sifatida ham ma’lum. Bu hududda Xitoy elchixonasidan tashqari AQSh elchixonasi va Rossiya elchisining rezidensiyasi ham joylashgan.

XS
SM
MD
LG