Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:51

Karimov O‘zbekistoni haqidagi xotiralarim


Islom Karimov va Nursulton Nazarboev Chimbuloq dam olish maskanida.
Islom Karimov va Nursulton Nazarboev Chimbuloq dam olish maskanida.

Bryus Pannier

So‘nggi haftada O‘zbekistonning vafot etgan prezidenti Islom Karimov haqida juda ko‘p yozildi. Bu mavzuda hali ko‘p maqola yoziladi. O‘zbek matbuoti Karimov yutuqlarini bo‘rttirib keladi. Bu harakatlar keyingi kunlarda yanada avj oldi. G‘arbda esa Karimov mahbuslarni tiriklayin qaynatgan va 2005 yilning may oyida Andijon shahrida namoyishchilarni ottirgan johil diktator o‘laroq tasvirlandi.

Ayrim Markaziy Osiyo yetakchilari bilan uchrashganman, lekin Karimov bilan emas. O‘n yildan oshiq muddatdan beri O‘zbekistonda persona non grataman. Mamlakatga asr boshidan beri qadam bosganim yo‘q.

Lekin 1990 yildan keyingi o‘n yil davomida O‘zbekistonni ko‘p kezdim. O‘sha o‘n yillikda juda ko‘p odam bilan uchrashib, menga aytgan gaplarini eslab qoldim. Karimov boshchiligida o‘zgarayotgan mamlakat bo‘ylab sayohat qilib, uni yaqindan kuzatdim.

Matbuot nashrlari, rasmiylar va jurnalistlar Karimov hayotini eslar ekar, prezidentning ilk mustaqillik yillarida o‘zbekistonliklar unga qanday ko‘z bilan qaraganini ham unutmasligimiz kerak. Buni men o‘z ko‘zim bilan kuzatganman.

1990 yilning yozida Toshkent davlat universitetida (ToshDU) o‘zbek tilini o‘rganayotgan edim. O‘sha yozda Toshkentda mendan boshqa yana bir necha amerikalik talaba bor edi. Mahalliy talabalar uchun biz ekzotik jonzotlar edik. Shunday ekan, biz uchun odamlar bilan tanishish va do‘st orttirish juda oson kechgan.

Karimov 1989 yilning iyunidan beri Kommunistik partiyaning birinchi kotibi, 1990 yilning mart oyidan beri O‘zbekiston Sovet Respublikasining prezidenti bo‘lib kelayotgan bo‘lsa-da, suhbatlar davomida hech kim uni eslamasdi. Men Qozog‘iston yetakchisi Nursulton Nazarboev ekanligini bilardim, chunki uni televizorda Mixail Gorbachyov yonida ko‘p ko‘rgandim. Karimovni esa bilmasdim.

1990 yilning avgustida O‘zbekistonni tark etayotganimda ham mamlakat yetakchisi kim ekanligini bilmasdim.

1992 yilning martida Toshkentga qaytib keldim va Karimov haqida ilk bor eshitdim. Bir necha oy avval Toshkentda talabalar isyoni sodir bo‘lgan edi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 17-18 yanvar kunlari oshib borayotgan oziq-ovqat narxlariga qarshi o‘tkazilgan namoyish davomida bir necha odam halok bo‘lgan. Ammo men uchratgan odamlar o‘lganlar soni 100 dan yoki 200 dan ko‘p ekanligini aytishdi.

ToshDUdagi ko‘plab talaba o‘z viloyatiga qayta jo‘natilayotgan edi. Odamlar talabalar Karimov buyrug‘i bilan siquvga olinayotganiga ishonardilar. Ammo ular uchun bu choralar Sovet Ittifoqiga xos javob edi.

Qizig‘i, Farg‘ona vodiysiga borganimda hech kim menga 1991 yilning dekabrida Karimov Namangan shahrida tahqirlanganini aytmadi. O‘shanda O‘zbekiston islomiy harakatining bo‘lajak yetakchisi Tohir Yo‘ldosh Karimovni o‘zining hukumatni qanday boshqarish kerakligi haqidagi ma’ruzasini tinglashga majburlagan edi. Bu hodisa haqida 1994-95 yillarda mahalliy inson huquqlari faollaridan eshitib qoldim.

1992-93 yillar nafaqat O‘zbekistonda, balki butun Markaziy Osiyoda alg‘ov-dalg‘ov paytlar edi. Mustaqillik qanday ishlashi kerakligini hech kim bilmasdi. Mahalliy rasmiylar tinimsiz almashar edi. Buning asosiy sababi ularning o‘z vazifasini eplay olmayotgani yoki ochko‘zligi edi. Biror qishloq boshchisi bilan tanishganimdan keyin uch-to‘rt oy o‘tib qaytib kelsam, boshqa odamni ko‘rardim. Vodiydagi aholi norozi, ozgina qo‘rquvda edi va mustaqillik katta xato bo‘lgani haqida o‘ylay boshlagandi.

Karimovni ilk bor 1992 yilning yozida ko‘rdim. Uch o‘zbek do‘stim bilan bir kvartirada edik va davlat telekanalida parlament sessiyasini ko‘rayotgan edik. Do‘stlarim deputatlar bir-biriga “tovarishch” deya murojaat qilishni bas qilib, o‘zbekchalab “yo‘ldosh” deyishlari kerakmi yoki yo‘qligini muhokama qilayotgan edilar. Bu orada Karimov minbarga chiqib so‘zlay boshladi. Men gangib qoldim.

“Men o‘zbekchani o‘ylaganimdek yaxshi bilmas ekanman,- dedim do‘stlarimga.-Nima deyayotgani tushunmayapman”.

Ular qah-qah urib kulib yubordilar.

“Gap sening o‘zbekchangda emas, unikida. U o‘zbekcha gapira olmaydi”, deyishdi do‘stlarim.

Keyinroq o‘zbek matbuotida Karimov o‘zbek xalqini repressiv Sovet Ittifoqidan olib chiqqan yetakchi o‘laroq tasvirlandi. Ammo Karimov boshida o‘z xalqiga faqat rus tilida so‘zlay olardi. Vaqt o‘tishi bilan prezident o‘zbekchani o‘rgandi, lekin doim unga ruscha gapirish qulayroq bo‘lib qoldi.

1992-93 yillarda Toshkent yoki Samarqandda mehmonxonada qolganimda teledasturlarda armiyaga borgan sari ko‘proq e’tibor qaratilayotganini payqadim. Karimov Markaziy Osiyoda birinchilardan bo‘lib Rossiya askarlarini mamlakatni tark etishga chaqirib, boshqa davlatlardagi o‘zbek harbiylarni vatanlariga chaqirdi.

Karimov o‘z mamlakatini Markaziy Osiyoda harbiy jihatdan eng kuchli mamlakatga aylantirmoqchi ekanligi ayon edi. Unga qo‘shni mamlakatlarda Rossiya askarlarining borligi yoqmadi, chunki bu O‘zbekiston Karimov xohlaganidek hududdagi eng kuchli o‘yinchi bo‘lishiga yo‘l qo‘ymadi.

Karimov Tojikistondagi fuqarolar urishi qochqinlarini O‘zbekistonga kiritmaganidan hayron bo‘ldim. Qirg‘iziston qochqinlarni kiritayotgan edi. Qochqinlarni Olmaota yaqinida va Turkmanistonda ham ko‘rdim. Lekin ular u yerlarga qanday borganini bilmasdim. Ammo O‘zbekistonda qochqin ko‘rmadim. O‘zbek-tojik chegarasi Markaziy Osiyoda yopilgan ilk chegara bo‘ldi, chunki O‘zbekiston hukumati aynan shuni istardi.

1992 yil Markaziy Osiyoning boshqa yo‘llarida chegara postlari yo‘q edi. Bir mamlakatdan ikkinchisiga erkin o‘tib yuraverardim. O‘zbekiston birinchilardan bo‘lib chegara postlarini o‘rnata boshladi. Bu 1992 yilning kuzida, Farg‘ona vodiysida boshlandi. 1993 yilning oxirida mamlakatni tark etayotganimda boshqa mamlakatlardan O‘zbekistonga chegarada to‘xtamay va tekshiruvdan o‘tmay kirishning iloji yo‘q edi.

1995 yil qaytib kelganimda odamlar Karimov haqida turli qarashlarga ega edi. Ayrimlar Karimovni haqoratlovchi nomlarni topgandi. Ammo aksar odam Karimov hukmronligini 2000 yilgacha uzaytirgan referendumga qaramasdan, u uzoq prezident bo‘lib qolmasligiga ishonardi. Boshqa prezident mamlakatni yaxshiroq yo‘ldan boshlashiga umid bor edi.

1996 yil qaytib borganimda ham vaziyat o‘zgarmagan edi.

Keyingi safar 1998 yil qaytdim. Bu galgi safarim 9 may bayramiga to‘g‘ri keldi. Toshkent atrofida militsiya xodimlari ko‘payganini kuzatdim. Qishloq joylarda ham militsionerlar soni oshgan edi.

Odamlar Karimov haqida avvalgiga qaraganda ehtiyotkorlik bilan gapirardi. Hech kim boshqa odamlar qurshovida prezident haqida salbiy ohangda gapirmasdi.

Tashrifim davomida Toshkent shahrida O‘zbekistonning bosh muftiysi bilan uchrashdim. Uning ishxonasidagi kitob javonida Qur’on nusxalari bilan Karimovning asarini ko‘rdim.

Ertasi kuni “O‘zbekiston” mehmonxonasini tark etib, nariroqdagi ko‘chaga yurib bordim. Ko‘chaning har ikki tomonida savdogarlar turli xil narsalarni sotayotgan edi. Kitob sotayotgan do‘kon oldida to‘xtab, qanday kitoblar borligini kuzatdim. Kompyuterdan foydalanish va ingliz tilini o‘rganish haqida kitoblar ko‘p edi. Chekkada Karimovning “Barqarorlik va islohotlar: Maqolalar va ma’ruzalar” kitobi chang bosib yotardi. Sotuvchi ayolga o‘sha kitobni xarid qilishni istashimni aytsam, “Boshingizga urasizmi?” deya hayron bo‘ldi.

O‘sha kitob haliyam bor. Sotib olganimdagidek chang bosib yotibdi. Beshinchi betidan nariga hech o‘ta olmaganman.

1999 yil O‘zbekiston islomiy harakati hujumini yoritish uchun Qirg‘iziston janubiga bordim. Bu safar O‘zbekistonning asosiy hududiga o‘tmadim. Lekin So‘xdan bir necha o‘n marta o‘tdim. 1999 yil qaytib ketayotganimda meni qo‘lga olib, bir necha soat so‘roq qilishdi. O‘zbekiston armiyasi rasmiylari hamda galstuk taqqan kishi meni ushlab turishga haqlari borligini, Botkenda nima bo‘layotganini aytib berishim shart ekanligini ta’kidlashdi. Ular menga qo‘pol muomala qilmadilar, lekin mendan barcha ma’lumotni olmagunlaricha qo‘yib yubormasliklari haqida jiddiy edilar.

2000 yil O‘zbekiston islomiy harakatining Qirg‘iziston va O‘zbekistonga qilgan hujumini yoritish uchun qaytib bordim.

Bu safar hammasi o‘zgargan edi. Meni bu safar yaxshi kutib olishmadi. Kerakli joylarga bora olganim sababi bu paytga kelib O‘zbekistonni yaxshi bilganim edi. Men uchratgan har bir rasmiy meni ogohlantirdi. Toshkentda Termizga aviachipta sotib oldim, Ammo biletni olishimdan avval Ozodlik radiosi “terrorchilarga mikrofon berib qo‘ygani” haqida ma’ruza o‘qishdi. (Biz O‘zbekiston islomiy harakati matbuot kotibidan intervyu olgan edik.)

Men Sariosiyo tumaniga yetib bordim. Bu mening to‘qnashuv frontiga eng yaqin borishim edi. To‘qnashuvlar sodir bo‘layotgan tog‘lardan qochib kelganlar uchun lager qurilgandi. Sariosiyo yaqinidagi bolalar lageriga bir necha yuz odam joylashtirilgan edi. Ularning barchasi etnik tojiklar edi.

Qochqinlar ularga kerakli ashyolarini to‘plash uchun bir necha soat berilganini aytishdi. Armiya ular hech qachon qishloqlariga qayta olmasliklarini, hududga bombalar o‘rnatilishini, shuning uchun qaytib borish xavfli bo‘lishini ta’kidlaganini aytishdi.

Lagerda qiladigan ish ko‘p emas edi. Kechqurun kurash uyushtirilardi, qolgan qochqinlar tomoshaga kelardi. Yoshi yetmishdan o‘tgan ikki qariya kurashga tushishini ko‘pchilik miriqib tomosha qildi. Bir daqiqa o‘tmay yoshlar oqsoqollarni ajratib oldi, ularni tomoshabinlar qo‘l uzatib, yelkasiga qoqib kutib oldi.

Keyinroq rasmiylar 18-45 yoshdagi barcha qochqinni qo‘lga olib, qamaganini eshitdim. Janggarilar qochqinlarni ularni ovqat va boshpana bilan ta’minlashga majburlagan edi. Hukumat esa qishloq ahlini janggarilarga yordam berishda aybladi.

Men qaerga bormay, ketimdan kuzatishdi. Namanganga O‘zbekiston islomiy harakati yetakchisi Yo‘ldoshning onasi bilan suhbatlashish uchun borganimda ketimdan ikki mashinada to‘rt shaxs borib, bir necha metr naridan meni kuzatib turdi. Yo‘ldoshning qarib qolgan onasi qo‘rquv ichida edi.

Meni ketimdan hech kim tushmagan paytlarda odamlar bilan erkinroq suhbatlashishga muvaffaq bo‘ldim. Odamlar qo‘rquvda ekanligini angladim. Rasmiylar jangarilarni qo‘llayotganlarni izlayotgan edi. Dindor bir odam menga boshqalar ko‘rishi uchun kvartirasi kirishiga aroq shishalarini qo‘yganini aytdi. Uni xavfsizlik xizmat xodimlari bir necha marta so‘roq qilgan, endilikda u xodimlarga aroq taklif qilayotganini aytdi.

“Aroqni ko‘rib, meni ekstremist emas, deb o‘ylashadi”, dedi u.

O‘n yilda katta o‘zgarishlar sodir bo‘lgan edi. 1990 yillar boshida, maza qilib yurgan damlarimda barcha, jumladan, politsiya xodimlari va rasmiylar ham maza qilganini esladim. O‘sha paytda kelajak noaniq edi, ammo imkon topib vaqtichog‘lik qilardik. 1990 yillar yakunida esa noqaniqlik oz edi, ammo yaxshi damlar ham ko‘p emasdi.

XS
SM
MD
LG