Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:04

O‘zbekistonda Karimov o‘lgani haqida Telegram va WhatsApp orqali xabar tarqatganlar ushlandi


O‘zbekistonning Namangan viloyatida mamlakat prezidenti Islom Karimovning vafot etgani rasmiy e’lon qilinmasidan oldin Telegram va WhatsApp messenjerlari orqali prezidentning o‘lgani haqida xabar tarqatganlikda gumon qilinayotgan o‘ndan ziyod shaxs qo‘lga olinib, so‘roq qilinmoqda. Ayni paytda poytaxt Toshkent va viloyatlardagi o‘rta maxsus kasb-hunar kollejlari va maktab o‘quvchilari telefonlaridagi Telegram va WhatsApp ilovalarini o‘chirishga majburlanmoqda.

Namangan viloyati huquq-tartibot organlaridagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, viloyatda "Islom Karimovning o‘limi haqda ig‘vo xabar tarqatgan" 12 odam qo‘lga olingan.

Ismi ochiqlanmayotgan bu shaxslar “jamoatchilik tartibi buzilishiga xavf yaratuvchi, axborot-kommunikatsiya tarmoqlari vositalari yordamida ataylab yolg‘on axborot tarqatganlik” aybi bo‘yicha Namangan shahri Milliy xavfsizlik xizmati boshqarmasida so‘roq qilinmoqda.

“Bilib-bilmasdan yolg‘on-yashiq axborotni tarqatishgan. Kimdir yuborgan, bular boshqalarga tarqatib yuborgan. Shunday yo‘l bilan vahimali mish-mishlar, ig‘vo xabarlar tarqalishiga sherik bo‘lgan", - dedi Namangan huquq-tartibot organlaridagi ismi sir qolishini istagan mulozim.

Eslatish joiz, O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovning o‘lgani haqidagi xabarlar nafaqat ijtimoiy tarmoqlarda, balki ayrim Internet nashrlarda ham 29 avgustdayoq paydo bo‘lgan edi.

Hukumat Karimovning shifoxonaga statsiоnar davolanishga yotqizilgani haqda e’lon qilgan bir paytda prezidentning qazo qilgani haqidagi xabarlar Telegram va WhatsАpp tarmoqlarida ham O‘zbekiston ichida qo‘lma-qo‘l bo‘lgan.

Ayni paytda O‘zbekiston poytaxti Toshkent va viloyatlarda xavfsizlik organlari "aholi orasida vahima tarqalishining oldini olish" vaji asosida Internet kafelarda kuzatuvni kuchaytirgan.

O‘rta maxsus kasb xunar kollejlari va maktablarda esa o‘quvchilar telefonlaridagi Telegram va WhatsApp ilovalarini o‘chirishga majburlanmoqda.

Toshkentlik maktab o‘qituvchisining Ozodlikka aytishicha, Xalq ta’limi boshqarmalaridan berilgan ko‘rsatma asosida o‘quvchilarga Telegram va WhatsApp ilovalaridan foydalanmaslik uqtirilmoqda.

- Telegram va WhatsApp ni ishlatmasinlar, deb ular va ota-onalari bilan suhbatlar o‘tkazyapmiz. Telefonlarida Telegram ham WhatsApp ham umuman bo‘lmasin, degan ko‘rsatma berilgan, o‘quvchilarimiz shunga amal qilishlari kerak, biz esa buni nazorat qilyapmiz, - dedi Ozodlik bilan suhbatda ismi sir qolishini istagan toshkentlik o‘qituvchi.

Londonda yashovchi o‘zbekistonlik tahlilchi Alisher Ilhomov Ozodlik bilan suhbatda prezident Islom Karimov o‘limidan so‘ng voris masalasini eng ichida hal qilishga urinayotgan hukumat aholini axborot bo‘shlig‘ida ushlab turishga qattiq bel bog‘laganini aytadi.

- Voris masalasini eng ichida hal etishga urinayotgan hukumat o‘z rejasini buzishi mumkin bo‘lgan har qanday axborotni taxdid o‘laroq ko‘rmoqda. Aslida katta xavf ular qo‘llayotgan usullardadir. Aholini ijtimoiy tarmoqlardan, axborot vositalaridan uzoqroq tutish uchun oylik olib ishlaydigan trollar armiyasi ishga solinmoqda hozir. Bundaylar O‘zbekiston haqida ijtimoiy tarmoqlarda fikr bildirimoqchi bo‘lgan har qanday shaxsga tashlanmoqda, tahdidlar qilmoqda, - deydi Alisher Ilhomov.

Ayni paytda O‘zbekistonda prezident Islom Karimovning rasmiy vafotidan besh kun o‘tib ham uning o‘rnidagi muvaqqat rahbar haqida aholiga rasmiy bildiruv qilingani yo‘q.

O‘zbekiston Konstitutsiyasi bo‘yicha prezident vakolatlari Senat raisi Nig‘matulla Yo‘ldoshevga o‘tishi kerak.

Lekin, Nig‘matulla Yo‘ldoshev O‘zbekistondagi tadbirlarda ko‘rinmayapti.

XS
SM
MD
LG