Линклар

6 sentabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 14 larda Rossiyaning 1-chi telekanali orqali namoyish etilayotgan “Vremya pokajet” dasturi O‘zbekistondagi kabel televidenielari efiridan uzib tashlandi. Uning o‘rniga o‘zbek telekanali efiriga “Yevronyus” xabarlari uzatildi. Kuzatuvchilar so‘nggi paytlarda Rossiya telekanallarida O‘zbekiston haqida berilayotgan tok shou va reportajlar soni keskin ko‘payganini gapirmoqda.

Rossiya markaziy kanalida namoyish etilgan tok-shou 6 sentyabrda Toshkent kabel televideniesidan uzib qo‘yilgani to‘g‘risida Ozodlikka ma’lumot bergan mustaqil jurnalist Aleksey Volosevichga ko‘ra, Rossiyaning 1 kanali namoyishlari Toshkent kabel televideniesi dasturiga qisqa vaqtga chiqarilgan yangiliklar to‘plamidan so‘ng yana efirga qaytarilgan.

- Dasturni o‘chirishdi, “Yevronyus”ni ulashdi. Qizig‘i, ikki marotaba Rossiya dasturini o‘chirib qaytarishdi. Yangiliklar yakunlangach, yana Moskva studiyasiga ulashdi. O‘zbekistondagi vaziyatga oid muhokamalar boshlanganidan keyin efirga yana “Yevronyus” qo‘yildi. Gap shundaki, O‘zbekistonda Rossiya televideniesi retranslyatsiya qilinmaydi. Toshkentda Rossiya telekanallari kabel shirkatlar tomonidan uzatiladi. Bu studiyalar ko‘p va ular asosan aholisi ko‘p bo‘lgan shaharlarda joylashgan. Bu ularning ishi emasligiga aminman. Bu tepadan buyurilayotgani aniq. Bu O‘zbekiston haqida uzatilayotgan ko‘rsatuvlarga nisbatan har ehtimolga qarshi qo‘llanilayotgani aniq: Xudo ko‘rsatmasin O‘zbekiston hukumatini tanqid qilayotgan biror ma’lumot efirga ketib qolmasligi kerak! deydi jurnalist Aleksey Volosevich.

Suhbatdosh Rossiya kanallari xuddi shunday ommaviy “blok” qilinishi oxirgi marotaba 2005 yilda Andijon voqealari haqida yangiliklar uzatilayotganida kuzatilgan, deydi.

Toshkentda efirdan uzib tashlangan 1-chi kanalning dasturi “Sudba Uzbekistana. Vremya pokajet” tok-shousidir.

Ko‘rsatuv boshlovchilari fikricha, Islom Karimov so‘nggi yillarda “O‘zbekiston uchun zarur bo‘lgan to‘g‘ri kursni tanlagan" va bu fikrning dalili sifatida ular O‘zbekiston prezidentining Moskvaga qilgan so‘nggi safari davomida qilgan bayonotidan iqtibos keltirdi.

- Biz Rossiyaning Markaziy Osiyoga bo‘lgan qiziqishini his etib turibmiz. Va biz bu qiziqishlarga rozimiz. Reallikni tan olish kerak, aks holda u ortingdan quvib, senga etib oladi,

Kuzatuvchilar hozirda deyarli barcha Rossiya teleradiokanallari va nashrlarida O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov o‘limiga katta e’tibor qaratilayotgani, har birida tok-shou va reportajlar hozirlanayotgani qo‘zga tashlanib qolganini gapirmoqda. Bu reportajlar asosan O‘zbekistonning keyingi taqdiri, Rossiya bilan munosbatlari, yangi hokimiyat olib borajak siyosat yo‘nalishi va Rossiyaning undagi o‘rniga bag‘ishlanmoqda.

Jurnalist Volosevichning guvohlik berishicha, Farg‘ona vodiysida oxirgi uch kunda O‘zbekiston haqida qator xabar va lavhalar paydo bo‘lgan Rossiyaning “Zvezda” va TVTs telekanallari ham ko‘rsatuvlar jadvalidan olib tashlangan. Bu kanallar dasturlari hozirda yana o‘z joyiga qaytarilgani aytilmoqda.

Rossiya telekanallari ba’zi ko‘rsatuvlarining O‘zbekistonda to‘xtatib qo‘yilishi Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakatga kelgan kuni sodir bo‘ldi.

Dafn marosimiga o‘z o‘rniga bosh vazirini yuborgan Vladimir Putin o‘tgan hafta O‘zbekistonda vafot etgan Islom Karimov qabrini ziyorat qilgani Xitoyda bo‘lib o‘tgan “Katta yigirmalik” sammitidan kelgani ma’lum.

XS
SM
MD
LG