Линклар

logo-print

O‘zbekistondagi "Yoshlar" telekanali 5 sentabr kuni “Kuch adolatda” degan hujjatli filmni namoyish qildi. Filmda marhum prezident Islom Karimov O‘zbekistonda “paxta ishi”, deb atalgan “Gdlyan-Ivanov qatag‘oniga nuqta qo‘ygan qahramon" sifatida ko‘rsatildi.

Oldinroq - 2 sentabr kuni Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlanib Forumlar saroyida o‘tkazilgan majlisda so‘zga chiqqan “Nuroniy” jamg‘armasi vakili Anvar Inoyatov Karimovni “Sovet davrida Gdlyan-Ivanovga qarshi tura olgan jasorat sohibi”, deb atagan edi.

Ozodlik 7 sentabr kuni 1983 yildan 1989 yilgacha “Paxta ishi” bo‘yicha O‘zbekistonda SSSR prokuraturasining maxsus tergov guruhiga rahbarlik qilgan Telman Gdlyan bilan suhbatlashdi.

Gdlyanga ko‘ra¸ “Karimov Sovet davridagi “paxta ishi “ doirasidagi tergovga qarshi biror bir harakat qilmagan va uni qahramon qilish harakatida bo‘lganlar g‘irt ëlg‘on gapirishmoqda”.

1988 yili “Paxta ishi” oqibatlari haqida qator maqolalar e’lon qilgan jurnalist Anvar Usmonovning aytishicha¸ “Paxta ishi” masalasini SSSR xalq deputati¸ hozirda marhum Ahmadjon Muxtorov hammadan oldin ko‘tarib chiqqan:

- Ahmadjon Muxtorov SSSR xalq deputatlari s’ezdi minbaridan turib Gdlyan-Ivanovlar amalga oshirgan qatag‘on haqida to‘rt marta gapirgan edi. Zalda o‘sha paytda Qashqadaryodan deputat bo‘lgan Islom Karimov ham bor edi ¸ ammo u kishi biror marta shu masala haqida minbardan gapirmagan¸ deydi Usmonov.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ 1983 yili O‘zbekistonda boshlangan “Paxta ishi” doirasida “yo‘l qo‘yilgan bedodliklar” 1989 yil mayida SSSR prokuraturasi tarafidan ko‘rib chiqilgan:

- SSSR prezidenti Mixail Gorbachev tashabbusi bilan o‘tkazilgan bu taftish ortidan “O‘zbekistonda qonunchilikka zid tarzda tergov yuritgan” Telman Gdlyan va Nikolay Ivanovlar prokuratura tizimidan bo‘shatilgan va ularning bedodligi asosida nohaq qamalganlar ishi qaytadan ko‘rish borasida ko‘rsatma bo‘lgan edi. Yana takrorlayman Karimov aynan bu masalada qaxramon emas. SSSR tarqab, Kremlda qizil bayroq tushirilganidan keyin 1992 yilning 25 dekabrida Karimov O‘zbekiston qamoqlarida jazo o‘tayotgan “Paxta ishi” figurantlarini amnistiya qilish bo‘yicha qaror chiqardi. Bunga majbur bo‘ldi desak ham bo‘ladi. Boshqa tarafdan Karimov muqobil saylov oldidan o‘ziga reklama sifatida ham shundan foydalandi¸ deydi Usmonov.

1983 yildan 1989 yilgacha “Paxta ishi”bo‘yicha O‘zbekistonda SSSR prokuraturasining maxsus tergov guruhiga rahbarlik qilgan Telman Gdlyan "o‘tmishdagi voqealarni sohtalashtirib qahramon yasaganlarni vijdonsiz va tuban odamlar”, deya baholadi.

- SSSR ag‘darilganidan keyin O‘zbekistonda yuzaga kelgan tizim “paxta ishidagi qiynoqlar” mavzusini o‘zini reklama qilish maqsadida unumli qo‘llab keldi¸ deydi suhbatdosh.

Karimovni o‘zi yoki yaqinlari “Paxta ishiga” qaysidir ma’noda daxldor bo‘lganmi, deb savol berdik o‘tgan asrning "afsonaviy" tergovchisiga:

- O‘lgan odamning ortidan tosh otilmaydi. Shu bois sukut qilaman. Tergovni o‘tkazganlar yaxshi biladi. Juda yaxshi biladi. Ko‘p narsalar bo‘lgan. Juda ko‘p gaplar bo‘lgan. Avvalo O‘zbekiston tarafi men poraxo‘rlikda ayblagan kishilarni meni talatishga tashladi. Men bunga loyiq emasman. Yana bir gap: bular "Gdlyan-Ivanov 27 ming kishii qamadi", deyapti. Bu endi pastkashlik. Biz paxta ishini emas korrupsiyani taftish qildik va bor yo‘g‘i 64 kishini qamoqqa oldik. Qolganlar taqdiri esa hozir minbardan turib Gdlyan va Ivanovlarni yomonlayotgan yaramaslar vijdoniga havola¸ deydi suhbatdosh.

Telman Gdlyan bundan 8 yil oldin Karimov haqida Ozodlikka aytgan gapini yana takrorlash istagini bildirdi:

- O‘sha gapni yana takrorlayman. Mustaqillik poraxo‘r elitaga yangi cheksiz chegarasiz o‘g‘irlash imkonini berdi. O‘g‘rivachcha va poraxo‘rni elita deyishga tilim ham bormaydi. Tasodifan hokimiyat tepasida bo‘lgan guruh o‘z xalqini talashni boshlab yubordi. Ular Sovet davrida chemodanlab o‘g‘irlashgan bo‘lsa¸ hozir vagonlab pul o‘g‘irlashmoqda. Bundan xalqqa engil bo‘ldimi? O‘zlarinimng qonunsizligini bekitish uchun ular uzoq chalinadigan “Gdlyan-Ivanov aybdor” degan nag‘mani o‘ylab topishdi. Men siz bilan gaplashganimdan ko‘proq narsani bilaman. Gapning qisqasi - Karimov hech qachon men uchun qaxramon bo‘lmagan¸ deydi Telman Gdlyan Ozodlik bilan suhbatda.

1989 yilda sobiq SSSR Bosh prokuraturasi tergov boshqarmasini boshqargan Viktor Ilyuxin O‘zbekistonda Telman Gdlyan va Nikolay Ivanov olib borgan “Paxta ishi”ga qarshi chiqqan edi.

Keyinchalik Ilyuxin Gdlyan-Ivanov guruhini poraxo‘rlik va begunoh o‘zbeklarni nohaq qamaganlikda ayblab, ularga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atgan

O‘sha davrni eslagan jurnalist Anvar Usmonov “Paxta ishi” xo‘lu quruq baravar yongan qatag‘on ekaniga e’tibor qaratdi:

- Mayli yuqorida turganlar qo‘shib yozish bilan shug‘ullangan bo‘lishi mumkin¸ lekin oddiy brigadirlar¸ kolxozchilar aybsiz aybdor qilindi¸ talandi¸ qiynoqqa solindi¸ o‘z joniga qasd qilishga majbur qilindi. Bu bedodlik o‘z navbatida Ahmadjon Muxtorov kabi deputatlar qarshiligini uyg‘otdi¸ deydi suhbatdosh.

“Paxta ishi” haqida

1983 yilning fevralida SSSR ning oliy rahbariy organi - KPSS MK Siyosiy byurosi “O‘zbekiston paxta sanoatidagi su’iste’molliklar” haqida qaror qabul qildi.

Bu qaror ortidan SSSR prokuraturasi Telman Gdlyan va Nikolay Ivanov boshchiligidagi tergov komissiyasini O‘zbekistonga yubordi. 1983 yilda O‘zbekiston rahbari Sharof Rashidov olamdan o‘tdi. O‘zbekistondagi “Paxta ishi” SSSR Davlat xavfsizlik qo‘mitasi (KGB) nazoratiga o‘tdi. Bu ish asosida Brejnevning kuyovi Yuriy Churbanov, O‘zbekistonning Rashidovdan keyingi rahbari Inomjon Usmonxo‘jaev¸ Markazqo‘m kotiblari Ra’no Abdullaeva¸ Oqiljon Salimov¸ Erejeb Aytmurodovlar qamoqqa olindi.

Shuningdek, Farg‘ona¸ Namangan¸ Toshkent¸ Surxondaryo va Qoraqalpg‘istondagi birinchi rahbarlar ustidan jinoyat ishi ochilib uzoq muddatga Ozodlikdan mahrum qilindi.

Tarixga “O‘zbeklar ishi”¸ “Paxta ishi” degan nomlar bilan kirgan bu jarayon yozuvchi Georgiy Vayner va Leonid Slovinlarning “Oyning qorong‘u tarafida”, degan romanida batafsil tasvirlangan.

1988 yilda o‘zbek kinochisi Elyor Eshmuhammedov “Paxta ishi” haqida “Shok” degan badiiy filmni suratga oldi.

Film finalida odamlarni haqsiz qamatgan rahbarning pirovardida adolat peshvosi bo‘lgani ko‘rsatiladi.

XS
SM
MD
LG