Линклар

Qirg‘iziston maxsus xizmatlari faxriylari O‘zbekiston o‘z hududi deb atab, militsiya desanti kiritgan Ungartepa-Unkur Too masalasi yuzasidan vaziyat keskinlashib borayotganidan tashvish bildirib, toshkentlik hamkasblariga muammoni hal qilish taklifi bilan murojaat qildilar.Qirg‘iziston parlamenti ham O‘zbekiston Oliy Majlisiga bu borada murojaat yo‘llanishini ma’lum qildi.

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik xizmati raisining sobiq o‘rinbosari general-mayor Marat Imankulov boshchiligidagi bir guruh maxsus xizmat faxriylari chorshanba kuni ommaviy axborot vositalari orqali o‘zbekistonlik hamkasblariga murojaat yo‘lladi.

Murojaatda O‘zbekiston militsionerlari tomonidan ikki davlat o‘rtasida bahsli ekani aytiladigan Ungartepa-Unkur Too hududi masalasini tinch yo‘l bilan hal qilish va bu erda “O‘zbekistonda noqonuniy yurgan shaxslar” sifatida ayblanib, Namanganga olib ketilgan qirg‘iz vatandoshlarini vataniga qaytarish taklif qilingan.

Marat Imankulovning aytishicha, O‘zbekistonda Ungartepa, Qirg‘izistonda Unkur Too deb ataladigan mazkur hudud atrofidagi vaziyat tobora keskinlashib borayotgani murojaat yo‘llanishiga turtki bo‘lgan.

-Vaziyat kundan kunga keskinlashib borayapti. Turli kuchlar, siyosatchilar bayonotlar bilan chiqmoqda. Ular “agar hukumat bu masalani hal qila olmasa, biz hal qilamiz. Buning uchun bizga vakolat beringlar. Xalqni yig‘ib, qo‘lga olingan vatandoshlarimizni o‘zimiz qutqarib kelamiz”, degan gaplarni aytishayapti. Bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri urushga sabab bo‘ladigan yo‘ldir. Bu yo‘l qirg‘izlarga ham, o‘zbeklarga ham kerak emas, -dedi Marat Imankulov.

Bundan avvalroq ayrim qirg‘iz siyosatchilari mahalliy matbot orqali qilgan chiqishlarida, agar hukumat tez orada O‘zbekiston bilan diplomatik yo‘l orqali vaziyatni yumshatmasa, Ungartepani qo‘llarida qurol bilan himoya qilishlari to‘g‘risida bayonotlar tarqatgan edi. Qirg‘iziston rasmiylari bu kabi bayonotlarni fitna sifatida baholagan.

Qirg‘iziston parlamentida ham bu masala muhokama qilinib, deputatlar O‘zbekiston Oliy Kengashiga murojaat qabul qilishga kelishib oldilar.

Parlamentdagi “O‘nuguu-Progress” fraksiyasi raisi Bakit To‘ro‘baev Ungartepa masalasi keskinlashib borayotganini tasdiqladi:

-Hukumat bu muammoni hal etish uchun harakat qilayapti. Biroq vaziyat juda keskinlashib ketgan. Muhimi bu muammoni hal etishda fitnalarga aldanib qolmaslik kerak. O‘zbekiston ham, Qirg‘iziston ham Ungartepa masalasida ishlayapti. Bu masalani faqat diplomatik yo‘l bilan hal qilish tarafdorimiz, -dedi Bakit To‘ro‘baev.

Qirg‘iz tomoni Ungartepani rasman bahsli hudud deb biladi, biroq qirg‘iz matbuotida Ungartepa Qirg‘iziston hududi ekani aniqligi iddao qilinadi. O‘zbekiston Ichki Ishlar vazirligi esa avgust oyi oxirlarida tarqatgan bayonotida Ungartepani Namangan viloyati Chortoq tumaniga qarashli hudud sifatida ta’riflagan.

Avvalroq Ungartepa O‘zbekistonga tegishli ekani to‘g‘risidagi 20-sonli protokol 2006 yilda Toshkentda ikki davlat rasmiylari tomonidan imzolangani to‘g‘risida hujjatlar mavjud ekani xabar qilingan edi.

Qirg‘iziston prezidenti mazkur hujjatning topilishi munosabati bilan taftish o‘tkazish to‘g‘risida ko‘rsatama bergan edi.

O‘zbekiston-Qirg‘iziston o‘rtasidagi bu janjal 13 avgustda o‘zbek militsioneri qo‘lga olinganidan so‘ng boshlandi. Bishkek rasmiylari o‘zbekistonlik militsioner Kosonsoy suv ombori hududida qirg‘iz chegarasini noqonuniy kesib o‘tgan paytda qo‘lga olinganini bildirgan. O‘zbekiston matbuotiga sizdirilgan ma’lumotlarda esa, qirg‘iz militsionerlari Kosonsoy suv ombori hududiga bostirib kirib, o‘zbekistonlik militsionerni o‘zlari bilan majburiy ravishda olib ketgani aytiladi.

Mana shu voqea ortidan 22 avgust kuni O‘zbekiston Qirg‘izistonining radoirele stansiyalari joylashtirilgan Ungartepa hududiga ikkita vertolyotda 7 kishilik militsiya desantini tashlagan. Bugungi ma’lumotlarga ko‘ra, o‘zbek militsionerlari radiorele stansiyasi ishchilaridan 4 nafarini qo‘lga olib, ularni vertolyotlardan biriga chiqarib, O‘zbekistonga jo‘natgan.

O‘zbekiston shundan so‘ng qirg‘iz tomoniga qo‘lga olingan o‘zbek militsionerini bo‘shatishni hamda Kosonsoy suv ombori hududidagi Qirg‘izistonga qarashli postlarning olib tashlanishini talab qilgan. 23 avgust kuni o‘zbek militsioneri Olabuqa tuman sudi tomonidan chegarani noqonuniy bosib o‘tganlikda aybdor deb topilib, 294 dollar jarimaga tortilgan hamda O‘zbekistonga deportatsiya qilingan edi.

Rasmiy Bishkek Toshkentdan Ungartepa hududidan militsionerlarni olib chiqib ketishni talab qilmoqda. Biroq O‘zbekiston bu talabni bajarishga shoshilmayotir.

XS
SM
MD
LG