Линклар

O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining 8 sentabr kuni o‘tayotgan qo‘shma yig‘ilishida mamlakat prezidenti vazifasini vaqtincha bajarish vakolati konstitutsiyada ko‘zda tutilgani kabi Senat raisi Nig‘matulla Yo‘ldoshevga emas¸Bosh vazir Shavkat Mirziyoevga topshirildi.

Bu haqda Rossiyaning Interfaks agentligi xabar qildi.

Agentlikka ko‘ra¸ Nig‘matulla Yo‘ldoshev o‘z nomzodini qaytarib olgani ortidan Bosh vazir muvaqqat prezident etib tayinlangan. Yo‘ldoshevning mamlakat asosiy qonunida belgilangan vakolatni zimmasiga olishdan qay sababga ko‘ra bosh tortgani hozircha ochiqlanmadi.

Aytilishicha¸ bugungi yig‘ilishda 30 nafar deputat va senator Shavkat Mirziyoevning muvaqqat prezident etib tayinlanishi lozimligi haqida chiqish qilgan va Mirziyoev nomzodi deputat va senatorlar tomonidan bir ovozdan ma’qullangan.

O‘zbekiston Konstitutsiyasining 96-moddasiga binoan, “prezident o‘z vazifalarini bajara olmay qolgan vaziyatda, uning majburiyatlari vaqtincha Oliy Majlis Senati raisi zimmasiga yuklatiladi va uch oy ichida "O‘zbekiston Respublikasi prezidentini saylash" to‘g‘risidagi qonunga to‘liq muvofiq ravishda prezident saylovi o‘tkaziladi".

Ayni paytda¸ konstitutsiyada bunday vaziyatda Senat raisi vakolatni zimmasiga olishdan bosh tortishi mumkin yoki mumkin emasligi¸ buning uchun qanday sabablar asos bo‘lishi ochiqlanmagan. Shu bois¸ konstitutsiyada ko‘zda tutilmagan shaklda Mirziyoevning muvaqqat prezident etib tayinlanishi konstitutsiyaga zidmi¸ degan savol javobi ochiq qolmoqda.

Parlament ikkala palatasining qo‘shma majlisida shuningdek O‘zbekiston Markaziy Saylov komissiyasiga uch oy ichida mamlakatda muddatidan avval prezident saylovi o‘tkazish uchun tayërgarlik boshlash bo‘yicha topshiriq berilgan.

1957 yilda tug‘ilgan Shavkat Mirziyoev Toshkent Irrigatsiya va melioratsiya institutini tugatgan. Hokimiyat pillapoyalaridan ko‘tarilishni Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tuman hokimi lavozimidan boshlab¸ so‘ngra Jizzax va Samarqand viloyati hokimi bo‘lib ishlagan. 2003 yildan beri O‘zbekiston Bosh vaziri lavozimida ishlab kelgan.

Toshkent mamlakatning birinchi prezidenti o‘limini e’lon qilgan 2 sentabr kuni Mirziyoev Karimovni dafn qilish bo‘yicha tashkil etilgan davlat komissiyasi raisligiga tayinlandi.

Aksar kuzatuvchilar¸ Shavkat Mirziyoevning O‘zbekiston prezidentligiga asosiy da’vogar ekanini ta’kidlamoqda.

Bu jarayonni Ozodlikda kuzatishda davom eting.

XS
SM
MD
LG