Линклар

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Yunusobod tuman sudida 8 sentabr kuni O‘zbekiston Shaxs huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi Marat Zohidov ustidan mahkama jarayoni boshlandi. Qo‘mita raisi va yana bir huquq faoli qalbaki hujjatlar, shtamplar tayyorlash va ularni sotishda ayblanmoqda.

Mahkamada fuqaroviy da’vogar sifatida qatnashayotgan advokat Ruhiddin Komilovning aytishicha, Marat Zohidov va huquq faoli Solixo‘ja Dovudxo‘jaev O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 227 va 228-moddalarining 3-qismi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan ayblanmoqda.

Marat Zohidov sudga kelmadi¸ degan asosda mahkama 16 sentabrga qoldirilgan va Zohidovni majburan navbatdagi sud majlisiga olib kelish haqida sud ajrim chiqargan.

2013 yilning 12 fevralida Marat Zohidov yetakchilik qilgan O‘zbekiston Shaxs huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining yig‘ilishi o‘tkazilgan va advokat Ruhiddin Komilov qo‘mita raisi etib saylangan edi.

Marat Zohidov bu yig‘ilishning legitim o‘tkazilmaganini aytib, uning qarorini tan olmagan.

Ruhiddin Komilov da’vosicha, yig‘ilish qarori O‘zbekiston Adliya vazirligi tomonidan tan olingani va tegishli sud qaroriga qaramay Marat Zohidov qo‘mita shtamp va muhrini o‘ziga topshirishdan bosh tortgan.

O‘zbekiston Shaxs huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining Toshkent viloyati bo‘limi raisi Sobirjon Ergashevga ko‘ra, tergov bir tashkilot nomi ostida parallel faoliyat olib borgan huquq himoyachilarining har birida boshqa muhr va shtamp bo‘lganini aniqlagan:

“O‘zbekiston Shaxs huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga Marat Teshaevich avvaliga muhr va shtampni qaytarib berishini, keyinchalik esa yo‘qolganini aytgandi. Shundan so‘ng “Qishloq hayoti” gazetasida ularning yo‘qolgani xususida e’lon chop qildirib, muhr va shtampni yangilatib olgan ekan. Bundan o‘z faoliyati davomida noqonuniy foydalanib kelgan. Shu tufayli u kishi yordamchisi bilan birgalikda javobgarlikka tortildi”, deydi Sobirjon Ergashev.

Ammo Ozodlik bilan suhbatda Marat Zohidov o‘ziga qo‘yilayotgan ayblovlarni keskin rad qildi:

“Shu paytgacha meni nimada ayblashayotganini aniq bilmayman. Ular menga nimani qalbakilashtirganimni isbotlab berishsin. Men O‘zbekiston Shaxs huquqlari qo‘mitasining raisiman va mening o‘z muhrim va shtampim bor. 2013 yilda bo‘lib o‘tgan yig‘ilish esa noqonuniy va xaltura bo‘lgan. Menga qo‘ng‘iroq qilib sudga kelishimni aytishgan edi. Bugun bordim, lekin menga u yerda sizni hech kim chaqirgan emas, deyishdi. Endi qachon povestka kelsa sudga boraman, bo‘lmasa yo‘q”, dedi Marat Zohidov.

Marat Zohidov rahbarlik qilayotgan Shaxs huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi 1996 yilda O‘zbekiston Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Marat Zohidov 2003 yilda "Agrarlar va tadbirkorlar partiyasi"ni ham tuzgan edi. Biroq bu partiya Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatga olinmagan.

XS
SM
MD
LG