Линклар

Farg‘ona viloyati Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar apellyatsiya sudi fermerni haqorat qilgan Furqat tumani hokimi No‘’monjon Nazirovga berilgan jazoni kuchaytirdi. Sud hokimga berilgan jarimani eng kam ish haqining uch baravaridan o‘n baravarigacha ko‘paytirdi. Bundan avval fermer so‘kong‘ich hokimga engil jazo bergan Jinoyat ishlari bo‘yicha Furqat tuman sudi qaroridan norozi bo‘lib apellyatsiyaga bergan edi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar apellyatsiya sudi o‘tgan haftada chiqargan qarorda “Azizbek Furqatobod zamin” fermer xo‘jaligi raisi Azizbek Alimatovni onasidan so‘kib haqorat qilgan Furqat tumani hokimi No‘’monjon Nazirovga Furqat tumani sudi bergan jazoni kuchaytirdi.

Furqat tumanida fermerlik qilayotgan Ochil Begmatovning aytishicha, sud avval berilgan jarimani uch baravarga ko‘paytirgan:

- 25 may kuni Furqat tumani jinoyat ishlari sudi Azizbek Alimatovning hokim ustidan qilgan arizasini ko‘rib chiqib, uni eng kam ish haqining uch baravari miqdorida jarimaga tortgan edi. Ammo, Azizbek va uning onasi sudning bu hukmidan norozi bo‘lib apellyatsiya bergan edi. Qo‘qon shahar sudi bu ishni qayta ko‘rib chiqib, jarimani eng kam ish haqining o‘n baravari qilib to‘lash haqida hukm chiqardi”, dedi Ochil Begmatov.

Fermerning aytishicha, qaror so‘ngida "da’vogarlarga ma’naviy zararni undirish haqida fuqarolik sudiga murojaat qilishlari mumkinligi tushuntirildi" deb, yozilgan:

- Endi Azizbek Alimatovning o‘zi 25 million so‘mlik, uning onasi esa 35 million so‘mlik ma’naviy zararni undirish haqida O‘zbekiston tumanlararo fuqarolik sudiga da’vo arizasi kiritdi, dedi Ochil Begmatov.

Birinchi instansiya chiqargan sud qarorida hokim No‘’monjon Nazirov boshqa bir fermer, Nishonboy Dadaboevning arzi bo‘yicha ham eng kam ish haqining ikki baravari miqdorida jarimaga tortilgan edi.

Qo‘qon shahar apellyatsiya sudi Furqat tuman sudi chiqargan bu qarorni ham qayta ko‘rib chiqib, fermer faoliyatini noqonuniy tekshirtirgan hokim No‘’monjon Nazirovni eng kam ish haqining besh baravari miqdorida jarimaga tortgan.

Furqat tumani hokimi No‘’monjon Nazirov 25 may kuni “Azizbek Furqatobod zamin” fermer xo‘jaligi raisi Azizbek Alimatovni o‘z dalasidan topolmagani uchun onasidan so‘kib, qattiq haqorat qilgan edi.

Hokimning haqoratli so‘zlarini telefoniga yozib olgan fermer uning ustidan tuman prokuraturasiga arz qilganidan so‘ng rokuratura fermer dalillarini asosli deb topib hokim ustidan ochilgan ishni sudga oshirgandi.

XS
SM
MD
LG