Линклар

O‘zbekiston 9 sentabrga o‘tar kechasi o‘zbek-qirg‘iz chegarasidagi Ungartepa hududida qo‘lga olingan to‘rt nafar qirg‘izistonlikni hibsdan ozod qildi. Qirg‘iz vatandoshlari O‘zbekistonning Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tuman tergov izolyatorida 18 kun hibsda saqlandi. Qirg‘izistonning Jalolobod viloyat ichki ishlar boshqarmasi rahbari Jenish Jo‘rabekovning aytishicha, qirg‘iz vatandoshlari o‘z vatanlariga yetib kelgan.

O‘zbekiston 8 sentabr kuni tungi soat 12larga yaqinlashganida Ungartepa hududidan bundan 18 kun avval o‘zbek chegarasini noqonuniy buzganlikda ayblanib ushlab ketilgan 4 nafar qirg‘izistonlikni qirg‘iz chegarachilari qo‘liga topshirdi.

Ozod qilingan 4 qirg‘izistonlikdan biri Jenish Tashmatov Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmatiga o‘zbek militsionerlari ularni yaxshi sharoitda saqlaganini aytdi:

- Bizni hozirgina ozod qilishdi. Qo‘shni davlat bilan bizning kuchishlatar tuzilmalari rahbarlari murosaga kelib, ozod etildik. Hammamizning salomatligimiz yaxshi. Hibsda hech qanday qiyinchiliklarga duchor bo‘lmadik. Bizga yaxshi munosabatda bo‘lishdi, yaxshi qarashdi, -dedi Jenish Tashmatov.

Jalolobod viloyat ichki ishlar boshqarmasi rahbari Jenish Jo‘ro‘bekovning aytishicha, 8 sentabr kuni o‘zbek hibsxonasida saqlanayotgan qirg‘izistonliklarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralar tungi soat o‘nlarda yakunlangan.

- Bugungi muzokaralar 3ga 3 formatida o‘tdi. Unda chegara xizmatining tuman va viloyat bo‘yicha rahbarlari va ichki ishlar boshqarmasi rahbarlari qatnashdi. Muzokaralar natijasida O‘zbekiston vatandoshlarimizni ozod qildi. O‘zbekiston tomoni taqdim etgan hujjatlarga tayansak, 4 nafar vatandoshimizga “Chegarani noqonuniy kesib o‘tish” moddasi bilan jinoyat ishi ochilgan ekan. Ular mazkur jinoyat ishi doirasida sud hukmi bilan jarimaga tortilgan, -dedi Jenish Jo‘ro‘bekov.

Unga ko‘ra, o‘zbek militsionerlari qirg‘izistonliklarni topshirayotgan paytda Qirg‘iziston vakillari vatandoshlarning qiynoqqa solinmaganini teshirgan.

- Ularning sog‘lig‘i yaxshi. Badanlarida kaltaklash va qiynoq izlari yo‘q. Biz ularni qabul qilib olish jarayonida har birini tekshirib, qiynoqlarga solinmaganini aniqladik. Vatandoshlarimiz ham shaxsan hibsda o‘zbek militsionerlari tomonidan qiynoqlarga solinmaganlarini tasdiqlashdi. Sud-tibbiyot ekspertizasining xulosalarini ham oldik, -dedi Jalolobod viloyat ichki ishlar boshqarmasi rahbari Jenish Jo‘ro‘bekov

Rasmiyning aytishicha, O‘zbekiston tomoni qirg‘iz vatandoshlarni topshirish jarayonida Qirg‘izistonga hech qanday shartlarni qo‘ymagan.

22 avgust kuni Ungartepa hududiga kiritilgan o‘zbek militsiya desanti bu yerdagi radiorele stansiyasida ishlayotgan 4 nafar qirg‘izistonlikni qo‘lga olgan va ularni ozod etish uchun Bishkekka bir qator talablarni qo‘ygan edi. Talablar orasida 13 avgust kuni Kosonsoy suv ombori hududida Qirg‘iziston tomonidan qo‘lga olingan o‘zbek militsionerini ozod etish, Kosonsoy suv ombori atrofidan qirg‘iz militsionerlari va chegarachilari postlarini olib tashlash ham bor edi.

Qirg‘iziston 22 avgust kuni O‘zbekiston talabi bilan o‘zbek militsionerini hibsdan ozod qilgan. Biroq boshqa talablarni bajarishdan bosh tortayotgan edi.

Qirg‘iziston hukumati 22 avgustdan to 8 sentabrgacha qo‘lga olingan qirg‘iz vatandoshlarini ozod qilish yuzasidan o‘zbek rasmiylari bilan muzokaralar olib bordi.

8 sentabr kuni Qirg‘iziston faxriy chekistlari va amaldagi parlament deputatlari o‘zbekistonlik hamkasblariga bu masalada ko‘mak ko‘rsatish iltimosi bilan murojaat qilgan edi.

O‘zbekiston-Qirg‘iziston o‘rtasidagi bu janjal 13 avgustda qirg‘iz kuchishlatar tuzilmalari o‘zbekistonlik militsionerni Kosonsoy suv ombori hududida qirg‘iz chegarasini noqonuniy kesib o‘tganlikda ayblab qo‘lga olganidan so‘ng boshlangan.

O‘zbekiston matbuotiga sizdirilgan ma’lumotlarda esa, qirg‘iz militsionerlari Kosonsoy suv ombori hududiga bostirib kirib, o‘zbekistonlik militsionerni o‘zlari bilan majburiy ravishda olib ketgani aytiladi.

Shundan so‘ng 22 avgust kuni O‘zbekiston Ungartepaga ikki vertolyotda militsiya desantini kiritgan, ular tepalikdagi Qirg‘izistonga qarashli radiorele stansiyasi ishchilaridan 4 nafarini qo‘lga olib, Namanganga jo‘natgan edi.

Qirg‘iziston hukumati Ungartepa O‘zbekistonga tegishli ekani to‘g‘risidagi 20-sonli protokol 2006 yilda Toshkentda ikki davlat rasmiylari tomonidan imzolangani to‘g‘risida hujjatlar mavjud ekaniga qaramay, bu yerni bahsli hudud deb hisoblaydi. O‘zbekiston esa Ungartepa Namangan viloyati Chortoq tumani tarkibiga kirgan yer ekanini ma’lum qilgan.

XS
SM
MD
LG