Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 15:39

Samarqandda aka-uka firibgarlar ushlandi


Samarqandda o‘nlab fuqaroni chuv tushirgan aka-uka firibgarlar ushlandi. Virtual olamda tanishayotgan oshiqlar tanqid qilindi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

Samarqandda o‘nlab fuqaroni chuv tushirgan aka-uka firibgarlar ushlandi

Samarqandda o‘qishga kiritish va’dasi bilan o‘nlab fuqarodan bir necha o‘n ming dollar pul olgan aka-uka Abdalim va Muzaffar Musaevlar mahkamaga tortildi.

“Huquq” nashri xabariga ko‘ra, firibgarlar “Akam Davlat test markazida huquqshunos bo‘lib ishlaydi”, deya odamlar ishonchiga kirgan.

Shu tariqa aka-uka Musaev A.Odilovdan 3000, U.Roziqulovadan 4400, A.Umarovdan 4000, G.Safarovadan 5000, U.Rahmatovdan 4000, N.Hamidovadan 800, N.Pardaevadan 4000 AQSh dollari olib o‘z ehtiyojiga ishlatib yuborgan. Bundan tashqari, yana 11 nafar fuqarodan 62 ming dollar olingan.

Qayd etilishicha, bir necha yillardan buyon o‘zgalar hisobidan kun ko‘rib, cho‘ntak qappaytirib yurgan aka-uka Musaevlar 8 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Mutaxassis: O‘zbek yigitlarlarining allatovur liboslar kiyishiga san’atkorlar ham aybdor

O‘zbek yigitlar orasida erkak sha’ni va g‘ururiga dog‘ bo‘lib tushadigan liboslar kiyish hollari ko‘paymoqda (“Hurriyat”, 7 sentabr).

Masalan, oxirgi paytlarda yigitlarning kino aktyorlari va mashhur san’atkorlarga taqlid sifatida adras va atlasdan tikilgan kostyum kiyishi kuzatilmoqda.

“Ayollar libosiga o‘xshash bichimda tikilgan kiyimlarni egniga uyalmasdan kiyib olgan erkaklarni ko‘rganda, yuzimiz beixtiyor oriyatdan qizarishi bor gap. Erkaklarning, ayniqsa, o‘smir yigitlarning o‘ta tor, yupqa va kalta kiyimlar kiyishi zamirida maqtanchoqlik, o‘zini va badanini ko‘z-ko‘z qilish kabi o‘tkinchi hoyu havaslar yotadi”, deb hisoblaydi psixolog Otabek Muxtorov.

Telefon va internetda tanishayotgan oshiqlar tanqid qilindi

Yoshlar orasida virtual tarzda – telefon va internet vositasida tanishib, go‘yo bir-biriga ko‘ngil bog‘lab, o‘ldim-kuydim deb yurganlar uchramoqda (“Oila davrasida”, 8 sentabr).

Qayd etilishicha, bu tarzda o‘ylamasdan tashlanayotgan qadam, o‘zboshimchalik qimmatga tushmoqda.

“Bunday hollarda ota-onalarning gapi, kattalarning maslahati quloqqa kirmaydi. “Hayotimni usiz tasavvur qilolmayman!”, “Menga hech kim xo‘jayin emas, men o‘z hayotimni o‘zim hal qilaman!” deydiganlar o‘zi pishirgan oshning achchiq ta’mini totayotgani ham haqiqat”, deyiladi maqolada.

Muallif hayot tarziga aylangan milliy urf-odatlarga rioya qilish muhimligini ta’kidlaydi.

XS
SM
MD
LG