Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:37

Mirziyoevning muvaqqat prezidentga aylangani tarmoqlarda bahslarni uyg‘otdi


O‘zbekistonda bosh vazir Shavkat Mirziyoevning mamlakat prezidenti vazifasini bajaruvchi etib tayinlagani ijtimoiy tarmoqlarda qarama-qarshi munosabatlarni uyg‘otgan. Ayrim o‘zbekistonliklar ushbu qarorni Konstitutsiyaga qarshi deya baholab, bu yuzadan Konstitutsiya sudiga arz qilish zarurligi haqida gapirmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlardagi ayrim guruhlar O‘zbekiston bosh vaziri Shavkat Mirziyoev konstitutsiyaga zid tarzda muvaqqat prezident etib tayinlandi, deya O‘zbekiston Konstitutsiya sudiga arz qilish aksiyasini boshlab yubordi.

Facebook tarmog‘ida tashkil etilgan “Konstitutsiya buzildi, sudga shikoyat qiling” nomli guruhi faollaridan birining Ozodlikka aytishicha, aksiyadan maqsad O‘zbekiston konstitutsiyasining 96-moddasi buzilishi holatiga O‘zbekiston Konstitutsiyaviy sudi e’tiborini qaratish va bu xolat yuzasidan Konstitutsiyaviy sud hukmini chiqarishga erishishdir.

- Kecha Mirziyoev antikonstitutsion tarzda prezidentlikni qo‘liga oldi. Bu yerda Konstitutsiyaning 96-moddasi buzildi. O‘zbekiston konstitutsiyasining 96-moddasiga binoan, marhum prezidentning vakolatlari vaqtincha Senat raisiga o‘tishi kerak edi. Ushbu holat yuzasidan Konstitutsiyaviy sud o‘z hukmini chiqarishi shart, - deydi Facebook foydalanuvchisi.

Facebook tarmog‘ida tashkil etilgan yana bir guruh - “Prezidentlik saylovi 2016” a’zolari ham xuddi shunday talab bilan chiqdi.

“O‘zbekiston kelajagi biz yoshlar ekanligimizni bildiraylik. Buyuk kelajakka etishishning eng birinchi tamoyili o‘zimiz yozgan qonunlarga amal qilish kerakligini deputatlarimizga eslataylik,” deyiladi “Prezidentlik saylovi 2016” guruhi murojaatida.

8 sentabrda O‘zbekiston parlamentining ikki palatasi a’zolari yig‘inida Senat raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev vaqtincha prezident vazifasini zimmasiga olishdan o‘z ixtiyori bilan voz kechib, bu vazifaga bosh vazir Shavkat Mirziyoevni taklif etgandi.

Ijtimoiy tarmoq faollari Senat raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshevni xiyonatda ayblamoqda.

Huquq faoli Dilobar Erkinzoda o‘z sahifasida "bugun O‘zbekiston konstitutsiyasini ham dafn qilishdi", deb yozgan bo‘lsa tarmoqning Abbos Asad ismli foydalanuvchisi "Dekabrda meni Konstitutsiya kuni bilan tabriklamanglar", deya izoh qoldirdi.

Ruhshunoslik fanlari nomzodi va jurnalist Mahmud Yo‘ldoshev Facebook tarmog‘idagi o‘z sahifasida Shavkat Mirziyoevning muvaqqat prezident etib tayinlanishi Konstitutsiyaga zid ekani va Konstitutsiyaviy sud bu yuzadan o‘z hukmini chiqarishi shartligi haqida yozdi.

O‘zbekistonlik siyosiy tahlilchi Farhod Tolipov o‘zining Facebook sahifasida qonun chiqaruvchilarning o‘zlari yozgan qonunni toptayotayapti, deya izoh qoldirdi.​

Ozodlik mazkur shikoyatlar va e’tirozlar yuzasidan O‘zbekiston Konstitutsiyaviy sudiga bog‘landi.

Sud mulozimlaridan biri Ozodlik bilan suhbatda e’tiroz va shikoyatlar faqat yozma ravishda kiritilishi va bu shikoyatlar besh ish kunida ko‘rib chiqilishini aytdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda janob Mirziyoevning muvaqqat prezident etib tayninlanishini olqishlovchi sharhlar ham yozilmoqda.

Asosan O‘zbekiston ichkarisidagi foydalanuvchilar tomonidan yozilayotgan bu sharhlarda "muhimi tinchlik ekani, hokimiyat esa tajribasiz Nig‘matilla Yo‘ldoshevdan ko‘ra, marhum yurtboshining shogirdi Shavkat Mirziyoev qo‘liga o‘tgani ma’qul", degan gaplar aytilmoqda.

Boshqa ijtimoiy tarmoq sahifalarida ham bu yangilikka befarq ohangdagi "Mirziyoevning prezident bo‘lishi avvaldan ma’lum edi", qabilidagi ko‘plab sharhlar qoldirilgan.

XS
SM
MD
LG