Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 17:10

Mirziyoev rejani bajarmagan fermerlarni qamatish bilan tahdid qildi


Shavkat Mirziyoev.
Shavkat Mirziyoev.

O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoev so‘nggi selektr yig‘ilishida hokimiyat mulozimlariga va fermerlarga nisbatan do‘q-po‘pisani kuchaytirdi. Selektr yig‘ilishini bevosita eshitgan hokimlik mulozimi va fermerlarning aytishicha, bosh vazir “Yagona darcha” markazini samarali ishlatolmagan mulozimlarni “quritish”ni, paxta plani bajarolmagan fermerlarni esa qamatib, “g‘oyib” bo‘lishini ta’minlashini aytgan.

O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoev 7 sentabr kuni kechqurun o‘tkazgan selektr yig‘ilishida hokimliklar qoshida tashkil etilgan “Yagona darcha” markazining o‘zini oqlamayotgani haqidagi fikrga do‘q-po‘pisa bilan javob bergan.

Selektr yig‘ilishini o‘z qulog‘i bilan eshitgan, xavfsizlik nuqtai nazaridan o‘z ismini oshkor etishni istamagan farg‘onalik hokimiyat mulozimlaridan birining Ozodlikka aytishicha, savol bergan odamning o‘zi baloga qolgan:

“Kimdir “Yagona darcha” o‘zini oqlamayapti, balki uni yopish kerakdir, degan edi, Bosh vazir tutab ketdi. “Eeeey, “Yagona darcha”ni quritaman deganingni, men o‘zim uying bilan quritaman. Uni men yaratganman, chet elga borib olib kelganman. Agar shu temada muammo qilsang, men hammangni muammo qilib qo‘yaman”, dedi”, deydi hokimlik mulozimi.

(“Yagona darcha” markazi tadbirkorlikni qo‘llab quvvatlash uchun hokimliklar qoshida tashkil qilingan. Bunda tadbirkor biror ish ochmoqchi yoki bino qurmoqchi bo‘lsa, bunga ruxsat beradigan 17 ta tashkilotga borib yurmaydi va arizani ana shu markazga topshiradi. Qolgan ishlarni markaz qilishi kerak - tahririyat.)

Lekin, tadbirkorlar bu markaz o‘z faoliyatini qoniqarsiz olib borayotgani sabab ularning o‘zi tashkilotma-tashkilot yurib, pora evaziga ishini bitirayotganini aytadilar.

Hokimlik mulozimiga ko‘ra, Bosh vazir selektr yig‘ilishida markaz faoliyatini yaxshi yo‘lga qo‘ymagan mansabdorlarga qattiq gapirgan.

Xavfsizlik bois ismi sir qolishini so‘ragan jizzaxlik fermerlardan biri selektr yig‘ilishida “Yagona darcha” markazi haqida shunday gaplar bo‘lganini tasdiqlar ekan, ayni paytda, Bosh vazir paxta rejasini bajarmagan fermerlarni qamatish bilan tahdid qilganini aytadi:

“Yagona darcha” haqida gapirib bo‘lganidan so‘ng Bosh vazir yana fermerlarga yopishdi. Men senlarning hamma sharoitingni qilib berganman, agar rejani bajarmasang, hammangni qamataman. Hech kimning ovozi qattiq chiqishini xohlamayman, agar ovozing chiqsa “g‘oyibona” yo‘q bo‘p ketasan”, dedi, deydi fermer.

Uning aytishicha, Shavkat Mirziyoev paxta rejasini bajarolmagan fermerlar “Oybolta”ga(“Oybolta” - rejani bajarmagan fermerlarning mol-mulki zo‘ravonlik bilan tortib olinib, musodara qilinishi haqida Bosh vazir o‘ylab topgan tadbir – tahririyat) tushishini aytgan:

“Buni qarang, Bosh vazir uch foizlik olgan kreditimizni hali paxta terilmay va sotilmay turib qaytarishimizni talab qilyapti. U bug‘doy rejasini bajarmaganlarga nisbatan qo‘llangan “Oybolta” paxta kampaniyasi natijasiga qarab yana davom etishini aytdi”, dedi fermer.

Fermerning aytishicha, Shavkat Mirziyoevning selektr yig‘ilishlarida aytadigan ikkita sevimli so‘zi bor:

“Qamataman, yo‘q qilaman”, deb ko‘p gapiradi.

Selektrni eshitgan mulozim va fermer so‘nggi yig‘ilishda Shavkat Mirziyoevning gapirish ohangida avvalgi majlislardan farqli o‘laroq, do‘q-po‘pisa kuchayganini ta’kidladi.

Selektr yig‘ilishi – O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoevning Qoraqalpog‘iston va 11ta viloyatdagi hokimliklar mulozimlari, korxona va tashkilotlar rahbarlari, fermerlar bilan o‘tkazadigan jonli muloqoti.

Selektr yig‘ilishida hukumat qabul qilgan qarorlarning qanday bajarilayotgani, qishloq xo‘jaligi va moliyaviy masalalar muhokama qilinadi.

XS
SM
MD
LG